Qashqadaryoda ikki bola Qrim-Kongo virusidan vafot etdi. Bu qanday kasallik?

Jamiyat

image

Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joriy yilning 20 iyun 4 yashar bola noma’lum kasallikdan vafot etgani haqida xabar bergandik. Oradan uch kun o‘tib, uning qarindoshi 6 yashar (qiz) ham vafot etgandi. 

Shifokorlar qizchaga ham, uning amakivachchasi bo‘lgan 4 yashar bolaga ham tashxis qo‘yolmagan. Bolalarga tashxis qo‘yish uchun Samarqanddan chaqirilgan shifokorlar ham kasallikni aniqlay olmagan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatidan ma’lum qilinishicha, g‘uzorlik bolalar Qrim-Kongo virusi tufayli vafot etgan.

Xizmatning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi bosh mutaxassisi Umir Mirzayevga ko‘ra, mazkur virus asosan chorva mollarida bo‘ladigan kanadan yuqishi mumkin.

Kasallik tabiiy sharoitda o‘zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi va qo‘llarni kana qoni bilan ifloslanishi natijasida odamlarga yuqadi. Yana bir xavfli tomoni – bu QKGI bilan og‘rigan bemorning qoni orqali ham gemokontakt yo‘l bilan sog‘lom odamga yuqadi. Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2-3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi.

Uning aytishicha, Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligidan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi:

•  badanga kana yopishganligi aniqlansa, yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish kerak;

•  kanalarni qo‘l bilan ezib, qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik, qirqim mavsumiga yosh bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni jalb etmaslik, sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan olmaslik;

•  kananing ustki qismiga 1 tomchi o‘simlik moyi tomizilsa kana o‘ladi;

•  chorvachilik bilan shug‘ullanadigan aholi yiliga 2 marta dezinfeksiya ishlarini amalga oshirishi kerak;

•  eski molxonalarda vaqti-vaqti bilan ta’mirlash ishlarini olib borish kerak;

•  qirqim vaqtida faqat maxsus himoya kiyimlardan (qo‘lqop, yeng va pochalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, rezina etik) foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish kerak.

“Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. Olimlar iksod kanalarining suvsiz va ozuqasiz 20 yildan ortiq yashashi mumkinligini aniqlagan. Eski molxonalar, devor kavaklarida yashiringan kanalar ob-havoning seryomg‘ir kelishi va havo haroratining birdan qattiq isib ketishi natijasida harakatga keladi. Shu sababli molxonalarda vaqti-vaqti bilan kreolinning 3 foizli ishchi eritmalari bilan dezinfeksiya ishlari o‘tkazib turilishi kerak”, deydi Umir Mirzayev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1283

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing