Qashqadaryoda choyxonada o‘tirgan IIO xodimini tasvirga olgan fuqarolar qamaldi
3-sahifa
−
05 mart 2023
25381Qashqadaryo viloyatida Ichki ishlar organi xodimining choyxonada o‘tirganini tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan fuqarolar 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bir necha erkak Shahrisabzdagi choyxonalardan birida yo‘l-patrul xizmati xodimini ko‘rib qolgan. Ular kameralar bilan xodimning yoniga kelib, videoga olgan va tasvirlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.
Bundan tashqari, ushbu shaxslar 102 tezkor raqamiga yolg‘on axborot berib, voqea joyiga shahar ichki ishlar bo‘limi tergov-tezkor guruhini chaqirgan.
“Choyxonaga “dostavka” olish uchun kirgandim. Hamkasbim ham o‘tirgan ekan shu yerda. Ofitsiantga ko‘k choy olib kelishini so‘radim, boshqa hech narsa kerakmasligini aytdim. Oradan 10-15 daqiqa o‘tdi, bir odam kirib keldi, orqasidan yana 5 nafar odam tasvirga olib kirib keldi. Ovqatlanishga haqqim yo‘qmi, deb o‘zimga o‘zim savol berdim. Ular bizga senlar bu yerda nima qilib o‘tiribsan, senlarga mumkinmi bu yerda o‘tirish, dedi. To‘rt nafari eshikni ushlab o‘tirdi, tashqariga chiqishimga ham qo‘ymadi”, deydi xodim.
Ma’lum qilinishicha, ushbu holat xodimning dam olish kunida sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar chora ko‘rilish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudiga yuborilgan.
Mazkur 5 nafar erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda ayblanib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
LiveBarchasi