Qashqadaryoda 7-sinf o‘quvchisi unashtirilgani aytildi
Jamiyat
−
19 dekabr 2023
16887Oldinroq, ijtimoiy tarmoqlarda 7-sinf o‘quvchisining unashtirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holatga Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, holat Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida bo‘lib, mas’ullar tomonidan joyiga borib o‘rganish o‘tkazilganda, qizning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tug‘ilgan kuni munosabati bilan tashkillashtirilgan marosim ekanini bildirgan.
Shunga qaramay, qizning ota-onasi turmushga chiqishga majburlash uchun jinoiy javobgarlik mavjud ekanligi to‘g‘risida ogohlantirilgan. Shuningdek, ota-ona o‘z tushuntirishida videodagi holat to‘y yoki unashtiruv marosimi emasligi va qizini erta turmushga berish niyati yo‘qligi, uning ta’lim olib, shifokor bo‘lishini orzu qilishlarini aytib o‘tgan.
Shu bilan birga, respublikaning bu hududida qizlarni unashtiruv marosimini erta o‘tkazish urf-odatlari qisman bo‘lsa-da saqlanib kelinayotganini inobatga olib, mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani o‘z nazoratini davom ettirishini bildirdi.
“Jumladan, bu oilada bolaning jismonan va ma’nan sog‘lom muhitda parvarish qilinishi, uning ta’lim olish huquqi hamda kelgusida o‘z hayoti bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilish huquqi ta’minlanishi kuzatib boriladi. Bolalar ombudsmani qizlarni erta turmushga berish holatlariga mutlaqo murosasiz bo‘lib, shunday fikrda bo‘lgan ota-onalarni nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish uchun qonunan javobgarlik belgilanganligi haqida ogohlantiradi”, deyiladi ushbu munosabatda.
LiveBarchasi