Qasddan ro‘zani buzgan inson qancha kafforat to‘laydi?

Jamiyat

Bismillahir rohmanir rohiym. Assalomu alaykum va rahmatullohu va borakatuh. Hurmatli yurtdoshlar, mo‘min-musulmonlar! Oylarning sultoni bo‘lmish Ramazoni sharif barchamizga muborak bo‘lsin. 

Azizlar, Ramazoni sharif mo‘minning qalbini farahga to‘ldiradi. Musulmon inson yil bo‘yi Ramazon orzusi bilan yashaydi. Avvallari insonlar Ramazondan 6 oy oldin “Parvardigor, bizlarni Ramazonga yetkazgin, Ramazonga yetkazgin”, deya duo qilisharkan. Chunki Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Agar ummatim Ramazonda uning uchun nima borligini bilganda edi, yil bo‘yi Ramazon bo‘lishini orzu qilardi”, deb aytganlar. Mo‘min bu oyda izzat, daraja va martaba topadi. Allohga yaqin bo‘ladi, uning rahmatiga muyassar bo‘ladi va gunohlari mag‘firat qilinadi. Shu bilan birgalikda do‘zaxdan omonlik vasiqasini qo‘lga kiritib, Ramazonda onadan yangi tug‘ilgandek oy yuzli bo‘lib chiqadi. 

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Kimki ro‘zani iymon bilan, savob umidida tutadigan bo‘lsa, muqaddam qilgan barcha gunohlari mag‘firat bo‘ladi”, deya marhamat qilganlar. Azizlar, Ramazon oyi mo‘minlarga juda katta imkoniyatlar beradi. Imomi Nasafiy ro‘zador inson ro‘za og‘zi bilan Ramazonda 90 dan ortiq fazilatlarga ega bo‘lishini aytganlar. Lekin Alloh taolo Qur’oni Karimda ro‘zadan ko‘zlangan eng asosiy maqsad deya “Shoyadki, taqvodor bo‘lsangiz”, deb marhamat qiladi. Ro‘za bizni taqvodor bo‘lishimizga imkon beradi. Chunki ro‘za og‘zimiz bilan har qanday yomon illatdan tiyilishga harakat qilamiz. 

Azizlar, Ramazoni sharif oyi zimmamizdagi ulkan farz. Biz buni Allohning amri va bandalik burchimiz deb ado etamiz. Bilmagan holimizda taomlanib qo‘ysak yoki suv ichib qo‘ysak va ro‘za tutganimiz yodimizga tushib qolsa, shu zahoti og‘zimizdagi suvni ham, taomni ham chiqarib tashlashimiz lozim. Lekin qasddan ro‘zani buzgan odam kafforat to‘laydi. Bugungi kundagi joriy kafforat me’yori 60 ta miskinni bir mahal ovqatlantirishdir. Ya’ni mo‘min kishi ro‘za tutmagan kuni evaziga 60 miskinni taomlantiradi yoki shunga teng mablag‘ni beradi. Bir kishiga beriladigan fidyaning hajmi ayni damda 25 ming so‘mga teng. 60 kishiga ko‘paytiradigan bo‘lsak taxminan 1 yarim million so‘m mablag‘ kafforat to‘laydi.  Yaratgan Egam bunday holdan O‘zi asrasin. Ramazondan chiroyli holatda chiqishni nasib etsin. 

O‘tgan yilgi Ramazonlarda uyda qolgan edik. Mana bu yil, alhamdulillah taroveh nomozlari, xatmi Qur’onlar amalga oshirilmoqda. Alloh taolo hammamizni bu oyda ko‘zda tutilgan barcha fazilatlarga ega qilsin. Azizlar, Ramazon Alloh uchun. Alloh taolo “Hadisi Qudsiy”da “Ro‘za men uchun. Mukofotini ham o‘zim beraman”, deya marhamat qilgan. Ramazon Qur’on oyi. Ramazon muhabbat oyi.

Ramazonda mo‘min-musulmonlar bir-birlariga saxovat qiladilar. Musulmonlar bu oyda zakot, fidya va fitr sadaqalarini beradilar. Bir-birimizga yaxshi muomalada bo‘lishimiz, ayniqsa, urishganlar yarashishlari lozim. Chunki, Ramazonda biz o‘zimizning kechirilishimizni so‘raymiz-ku! Shu asnoda biz ham bir-birimizni kechirib, ota-onalarimizni ziyorat qilib, qo‘limizdan kelgan yaxshiliklarni qilib Ramazonni yaxshi amallar bilan ziynatlashimiz lozim. Ro‘zador bu oyda ustozsiz tarbiyalanadi. Ramazon oyida mo‘min odam Qur’onga muxlis bo‘ladi. Alloh taolo bu oyda qilgan ezgu ishlarimizni O‘zi qabul etsin. Ayniqsa, iftorlikda qilingan duo qabul bo‘ladi. Alloh taolo iftorlikdagi ro‘zadorning holatini farishtalarga ko‘rsatib “Mana ko‘ringlar, sizlar “Yer yuzida fisqu fasod qiladigan, qon to‘kadigan odamni yaratib nima qilasan?, degandinglar. Mana meni bandalarim”, deb minnat qilar ekan. 

Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimizni farovon aylasin. Umr daftarimizga ko‘p yillar Ramazonning ajr va savoblari yozilishini O‘zi nasib aylasin. U Ramazondan bu Ramazongacha bo‘lgan vaqt ichida vafot etgan yaqinlarimizni Alloh taolo rahmatiga olsin. Bu oyni siz-u bizga manfaatli aylab, Ramazon hayitlariga oy yuzli mo‘minlar bo‘lib chiqishni nasib etsin. Vassalomu alaykum va rahmatullohu va borakatuh.  

Rahimberdi domla Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

91

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing