Qarzga botgan “Barsa” transferlar uchun 700 mln yevroni qayerdan olmoqchi?
Sport
−
01 iyun 2022
3627Ispaniyaning “Barselona” jamoasi joriy yilning yozida tarkibni kuchaytirish uchun 700 million yevrogacha sarflashi kutilmoqda. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Qayd etish joizki, hozirda “ko‘k anorrangliar” moliyaviy jihatdan o‘ta qiyin ahvolda. Ushbu vaziyatda Kataloniya klubi bunday katta mablag‘ni La Ligadagi tele huquqlarni sotish ortidan keladigan daromad evaziga olishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, “Barsa” rahbariyati 25 foiz aksiyaning sotuvidan 500 million yevrogacha foyda olishni taxmin qilmoqda.
Qolaversa, yana 200 million yevroni “Barselona” litsenziyalash va merchandaysing (reklama va turli xil sotuvlar) sohasidagi ulushlar (49,9 foizgacha) sotuvidan foyda olishga umid qilmoqda. Biroq rejani amalga oshirish uchun klub Boshqaruv kengashi a’zolarining roziligini olishi kerak. Buning uchun “Barsa” rahbariyati 16 iyun kuni favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi. Majlisda yuqoridagi masalalar ovozga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, hozirda “Barselona” Yevropadagi eng qarzdor jamoa hisoblanadi. “Ko‘k anorranglilar”ning qarzi 1,3 milliard yevroni tashkil etadi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi