Qarz uziladi, xotin yonga qoladi!

Tahlil

image

Yaqinda jurnalda ishlaydigan ukaxonimiz Sirg‘ali mavzesida yangi qurilgan ko‘p qavatli arzon uylardan 3 xonali kvartira oldi. Namangonning chekka bir qishlog‘idan kelib, 15 yildan beri Toshkentda o‘qib, ishlab, o‘z uyi, boshida vatani bo‘lishini orzulab yurardi. Vaqti soati bilan uylandi. Ikki farzand ko‘rdi. Har gapida mening ham boshimga uy bitarmikin, deb orzu qilardi. Ijarama-ijara yashab yurgani uchun topgan-tutgani bebarakaligi, ko‘nglidagidek orzu-havas kilib, to‘rtta mehmon chaqirolmay umri o‘tib ketayotganidan afsuslangan o‘rinlari ham bor. Toshkentga kelib vatanli bo‘lishimni ota-onam ko‘rarmikan, katta o‘g‘ilning orzu havasida bir yayrab quvonarmikan degan armonlarini ham yashirmasdi. O‘zini o‘tga urdi, cho‘qqa urdi, pul yig‘aman deb uch to‘rttalab joyda ishladi. Hatto otasi-yu ukalarini Toshkent viloyatiga olib kelib, birgalikda dehqonchilik qilib ham ko‘rdi. Topgani o‘pqondek ijaradan ortmadi. Oilasini ham odamlardek yayratib, o‘ynatib kuldirolmay yurardi. Mana, shukurki, barcha nadomatlari ortda qolib, o‘zi uchun nihoyatda qulay shartlarda boshiga vatan bitdi. Shuni kutib turgandek, xotini xam uchinchisiga qo‘chqordek o‘g‘il tug‘ib turibdi deng...


Ikki yarim yil avval katta bir shijoat bilan boshlangan shiddatli islohotlar bu ukaxonimiz kabi ming-minglab muhtojlarning murodini hosil qildi. Necha-necha oilalar uy olaman deb orzusiga yetolmay, umidlari so‘nib turgan pallada, mana senga uy-joy, mana senga kredit, uy-joy olib, huzur halovatingni ko‘r deb, qator yangi-yangi imoratlar barpo bo‘ldi. Bularku tani joni sog‘lar, hattoki nogiron, yetim-yesir, hayotdan umidi batamom so‘ngan dilishikastalar ham boshpanali bo‘ldi. Ularning nogironlik aravachalarida quvonchdan balqib o‘yinga tushishlarini bir ko‘rsangiz edi.


Inson umri nima? Dunyoga kelib insondek yashash uchun intilmoq, orzulamoq va orzularini amalga oshirish uchun kurashmoq. O‘sha orzu shoxsupasining yuqorisida uy-joy – kichik vatan degan tabarruk tushuncha turadi. Farzand tug‘ildi deguncha terak ekamiz, hovli chorbog‘larni kengaytirish tashvishiga tushamiz. Bunga imkoniyat qilolmaganlar nima qilsin. Ha dunyoyi dun shu ekan deb peshonasiga shatta urib kelgindi bir kasday shunchaki umrguzaronlik qilib o‘taversinmi?!
Axir har odamning insonlik amoli, orzu tilaklari, Ollohning unga bergan ne’mati haq-huquqi borku! Ana shunday insoniy tilaklarni ro‘yobga chiqarish uchun ikki yarim yil avval Prezidentimiz butun mamlakatni ulkan qurilish maydoniga aylantirdi. Xa, bu maydonda har kimning imkon va sharoitiga qarab imoratlar qurilyapti. Imkoniyat sharoitini yaxshi qilaman deb harakatiga shitob bergan odamlar boridan yana kattaroq, hashamatliroq uylarga xaridor bo‘layapti. Anashu harakatlarni hammasini birdaniga “puffak”ka mengzab, uning “paq etib yorilib ketishi”ni muqarrar deb bashorat qilib, ayrim kishilarda islohotlarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishga harakat qilish insofdanmikin?


Muttahamlar qaysi zamonda bo‘lmabdi, kim qarz olmay orzu havasiga yetibdi. O‘zbekda “qarz uzilar, xotin yonga qolar” degan gap bor. Buku masalaning bir tomoni, “tanganing orqa tomoni”ni ham bir aylantirib ko‘raylik. Necha minglab navqiron yigit-qizlarimiz o‘sha uy joy, o‘zbekona orzu havas deya chet ellarning ne bir gadoy topmas go‘shalarida adashib, uloqib yuribdi. O‘z vatani, oilasi, bola-chaqasidan uzulib, ne bir muhtojliklarda navqiron umrini o‘tkazib, kuch-quvvatini o‘zga diyorlarda sarflab yuribdi. “Gastrbaytr” ,” emigrant”, “chuchmek”, “chyornыy j...” degan tahqirlar bilan oru nomusi bulg‘anayotganlar qancha?
Hammasida ham balki shirin hayot ilinji bordir, ammo insof bilan aytaylik, shu shirin hayotga ana o‘sha O‘zbekiston deb atalgan katta qurilish maydonida ham erishish uchun imkon tug‘uldiku. Paydo bo‘lgan ming-minglab ish o‘rinlari o‘z rizqini o‘z yurti, bola-chaqasi oldida topaman deganlar uchun ayni muddao emasmi? Bu joylarda ishlayotganlar qora chaqa yo nasiyaga qarab o‘tirgan emas, mehnatiga yarasha haq olib, yurtida yayrayotgan fuqarolarimiz – o‘z iligimiz, qora ko‘zlarimiz.


Agar kimki kecha maktabu kollejda yo‘qni bor qilib ko‘rsatib, yolg‘on da’vo-dastgohlar bilan pul o‘g‘irlab yurgan bo‘lsa, vijdoniga havola. Mustaqillikning yaqin 25 yilida biz necha adashib, necha uloqib, o‘z yo‘limizni izladik. Bunda kamarbasta bo‘lib turganlar bugun o‘z xatolarini tan olib, istig‘for qilsalar ham ularni tushinish mumkin. Lekin “buyuk shaharlar va buyuk bobolarning nomlarini” yuzaga chiqarib, “nechadir mingu yuz yilliklarini nishonlab pul o‘g‘irladik” deb o‘tirsak, o‘z xalqumimizning halol emasligiga shahodat berib turgan bo‘lmaymizmi?


“Siti”lar, “majlis o‘tadigan hashamatli bino”lar nazarimda bugun har qachongidan kerakroq. Chunki dunyo bir-birini taniydigan, qavm-qavmini his qiladigan zamon hozir. Mehmon chaqirganda, anvoyi nozu-ne’matlar tayyorlab to‘rtta qamish bordondan yasalgan ramaqijon o‘tovlarda siporish qilinmaydi. Mehmonniku qo‘yaylik, ish yuzasidan birov bilan muloqot-munosabatga kirisharkansan, o‘sha ishbilarmon avval uni kutib olgan pirxonang-ishxonanga qaraydi. O‘zbekda ishxona – pirxona degan gap bor. Orzu-niyat, tilagingga yarasha maskan-makoning ham bo‘lishi kerakku.


Bugungi el bo‘g‘zigacha qarzga botib, aldanib tomoshabin bo‘lib o‘tiradigan xalq emas. Mamlakat rahbari bundan bir necha oy avval Oliy Majlis Senatida “Biz yaqin o‘tmishda ongli ravishda ongsiz odamlarni tarbiyalashga urindik” deya xalqimizni o‘z hayotiga, turmush kechmishiga hushyorroq nigox bilan qarashga da’vat etdi. Endi million-millionlab odamlar ijtimoiy tarmoqlarda har bir xodisaga o‘z munosabatini bildiradigan faol fuqarolardir. Kerak bo‘lsa o‘z haqqi-huquqi uchun nohaq amaldorga o‘t qo‘yib bo‘lsa ham maqsadiga erishadigan kurashchan, yovqur insonlardir. Bular ana shu ikki yarim yillik ulkan islohotlarning samarasi. Burgaga achchiq qilib ko‘rpani kuydirmaydilar. Yaxshilik bor joyda yomonlik, ezgulik avjlanganda hasad, baxillik, ko‘rolmaslik kabi illatlar ham bor. Ollohning o‘zi to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin, inshaolloh!
 

 

Shuhrat Rizayev,
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

67

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing