Qarshida fuqaroning o‘zini yoqib yuborishiga sabab bo‘lgan korxona bir necha oy oldin yopilgani aytildi

Jamiyat

image

Avvalroq Qarshi shahrida fuqaro o‘zini yoqib yuborgani haqida xabar bergan edik. U shahardagi teriga ishlov berish korxonasidan chiqayotgan badbo‘y hid jonidan to‘ydirgani, ularning arzini hech kim eshitmayotganini aytib, o‘ziga benzin sepib, yoqib yuborgandi.

Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi odamlar noroziligiga sabab bo‘lgan korxona haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Qarshi shahridagi “Qarshi Leather” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasida ekologiya xodimlari tomonidan dastur asosida o‘rnatilgan tartibda o‘rganish ishlari olib borilgan. 

2021 yilning mart oyida Iqtisodiy sudning hal qiluv qarori asosida Qarshi shahridagi “Qarshi Leather” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasiga kiritilgan da’vo arizasi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida atrof tabiiy muhitnni ifloslantirganlik holati aniqlanib, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 11 oktyabrdagi 820 sonli “Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 284,0 mln so‘m miqdorida majburiy kompensatsiya to‘lovlari undirish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Berilgan ekologik ekspertiza xulosasi talablarining bajarilishi, ifloslantiruvchi moddalarni me’yor darajasidan yuqori chiqqanligi va o‘rnatilgan talablarga rioya etilmagani bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik uchun  keyingi o‘rganishlarda 346,0 mln so‘m miqdorida ma’muriy kompensatsiya to‘lovi ham hisoblangan.

Shuningdek, o‘rganishlar yakunida amaldagi qonunlarga to‘la rioya etish bo‘yicha bir necha bor majburiy ko‘rsatmalar berilgan. 2021 yil noyabr oyida viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan Iqtisodiy sudga mazkur xorijiy korxonaning faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar vaqtincha to‘xtatish masalasida ariza kiritilgan.

“Qarshi shahridagi “Qarshi Leather” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasi rahbarining 2022 yil mart oyidagi viloyat ekologiya boshqarmasiga yuborgan xatida korxona Xitoy davlat investorlari tomonidan 2022 yil 1 mart kunidan noma’lum muddatga to‘xtatilganligi, korxona suvlarini kanalizatsiya quvuriga qo‘yish bo‘yicha biror bir to‘siq va taqiqlar bo‘lsa ular tomonidan kiritilgan investitsiya mablag‘larini olib chiqib ketish hamda korxona faoliyatini butunlay to‘xtatilishi ma’lum qilinib, korxonaning ish faoliyatini qayta tiklash uchun Qarshi shahar kanalizatsiya quvurining g‘arbiy nuqtasiga chiqindi oqova suvlarini quyishni ma’lum qilgan”, deyiladi boshqarma xabarida.

Shu bilan birga 2021 yil oktyabr oyida mazkur MCHJ shaklidagi xorijiy korxonadan aholi yashash maskanlariga yaqin bo‘lgan juda katta maydonga noqonuniy tashlangan chiqindi oqova suvlarini tozalash uchun viloyat hokimligi, viloyat IIB, viloyat Ekologiya boshqarmasidan ishchi guruh tuzilib, chiqindi suvlari tashlangan zovurlar katta mablag‘ hisobiga to‘liq tozalanib, ushbu zovur tuproq bilan ko‘mib tashlangan. Hozirda mazkur joylar obodonlashtirilib, hattoki futbol maydonchalari tashkil etilgan.

Boshqarmaga ko‘ra, yuqoridagi xabar bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektini o‘rganish bo‘yicha vakolatli organlardan tegishli ruxsatnomalar olib, o‘z vakolati doirasida tezkor o‘rganishlar o‘tkaziladi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.

Ma’lumot uchun, Qarshida o‘zini yoqib yuborgan 43 yoshli fuqaro tanasining 10-15 foizi kuygan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

204

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing