Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qiydimi? Mansabdor qudasi amaldorni javobgarlikka torta oladimi?
Jamiyat
−
04 avgust 2021
12658O‘zbekistonda mansabdorlar orasida qarindoshlik aloqalarini o‘rnatib, quda-anda bo‘layotganlari ko‘plab topiladi. Bunday vaziyatda qarindoshlik munosabatlari sabab manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi ham ehtimoldan holi emas. Xo‘sh, urug‘-aymoqchilik sabab manfaatlar to‘qnashuvi yuzagak yelsa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qanday chora ko‘radi? Ushbu savolga QALAMPIR.UZ agentlik rahbari Akmal Burhonovdan javob oldi.
“Manfaatlar to‘qnashuvi, tanish-bilishchilik boshqa davlatlar bilan solishtirganda O‘zbekistonda yuqori darajada turadi. Hozirgacha korrupsion jinoyatlarning ko‘pchiligi aynan urug‘-aymoqchilik, manfaatlar to‘qnashuvi ortidan kelib chiqyapti. Xalqaro ekspertlar, jamoatchilik va OAV ham aynan shu mavzu haqida ko‘p gapirishyapti. Bu masala oxir-oqibat davlat rahbarigacha yetib bordi. Prezident farmon va qarorlarni ishlab chiqishda manfaatlar to‘qnashuviga e’tibor berish kerakligi to‘g‘risida topshiriq ham bergan”, deydi Akmal Burhonov.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda juda ko‘p shunday holatlarga duch kelingan, ammo hech qayerda manfaatlar to‘qnashuviga duch kelinganda qanday chora ko‘rish kerakligi belgilanmagan.
“Bugungacha juda ko‘p shunday holatlarga duch kelamiz. Ba’zan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsak ham javobgarlik yo‘qligi ishimizni qiyinlashtiradi. Deputatlar ham bu mavzuda bot-bot takrorlayapti. Amalga oshirilayotgan g‘ayrioddiy ishlarning tag zamirida manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz-u lekin bunga qarshi qanday chora ko‘rishni bilmaymiz”, deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari.
Ma’lum bo‘lishicha, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha alohida qonun ishlab chiqilmoqda. Qonunda ishga qabul qilishdan tortib, xaridlar, u yoki bu xatti-harakatlar oqibatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilishigacha bo‘lgan holatlar e’tiborga olingan. Shuningdek, yangi qonunga mansabdorlar faoliyati doirasida manfaatlar ozgina to‘qnashadigan bo‘lsa nafaqat javobgarlik balki davlat idorasida ishlashidan mahrum etilishigacha normalar kiritilgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6 iyulda qabul qilgan PF-6257-sonli "Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangan.
LiveBarchasi