Qandli diabet. Kasallikning qaysi turi xavfli? 

Salomatlik

image

Har yili 14 noyabrda nishonlanadigan Butunjahon diabetga qarshi kurash kuni 1991 yilda Xalqaro diabet federatsiyasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan butun dunyo bo‘ylab diabetning kuchayishi tahdidiga javoban e’lon qilingan.

2007 yildan beri Butunjahon diabetga qarshi kurash kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida o‘tkazib kelinmoqda. Bugungi kunda bu dunyodagi eng yirik kasalliklardan xabardorlik kampaniyasi bo‘lib, 160 dan ortiq mamlakatlarda 1 milliarddan ortiq odamni qamrab oladi. 

14 noyabr kanadalik shifokor va fiziolog Frederik Bantingning xizmatlarini abadiylashtirish maqsadida tanlangan. U 1891 yilning shu kunida tug‘ilgan. Banting shifokor Charlz Best bilan birgalikda 1922 yilda insulin — diabet bilan og‘rigan bemorlarning hayotini saqlab qoladigan dori kashf etilishida hal qiluvchi rol o‘ynagan. 

Diabet — surunkali kasallik bo‘lib, oshqozon osti bezi yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarmasa yoki organizm ishlab chiqariladigan insulinni samarali ishlata olmasa yuzaga keladi. Bu qondagi glyukoza darajasining oshishiga olib keladi. 

1922 yil yanvar oyida kanadalik yosh olim Frederik Banting qandli diabetning o‘ta og‘ir turiga chalingan 14 yoshli bolaga tarixda birinchi marta insulin yuborib, uning hayotini saqlab qolgan. Insulin uchun patent olish va keyinchalik boyib ketish o‘rniga, Banting barcha huquqlarni Toronto universitetiga o‘tkazgan. 

Keyinchalik insulin ishlab chiqarish huquqi Kanada Tibbiy tadqiqotlar kengashiga o‘tgan va 1922 yil oxirida dori bozorida yangi preparat paydo bo‘lgan. Frederik Banting va uning hamkasbi Charlz Best tomonidan yaratilgan kashfiyot millionlab odamlarning hayotini saqlab qolgan. 

1923 yilda XX asrning biokimyo va tibbiyotdagi birinchi buyuk yutug‘ini e’tirof etgan holda, Banting va Makleod Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Bestning xizmatlari e’tiborga olinmagan, bu Bantingni qattiq xafa qilgan va u o‘z ixtiyori bilan Nobel mukofotining yarmini Bestga topshirgan. 

Qandli diabetni bugungi kungacha to‘liq davolab bo‘lmasa ham, insulin tufayli odamlar bu kasallikni nazorat ostida ushlab turishni o‘rgandi. Olimlarning so‘nggi yillarda diabetologiya sohasidagi muvaffaqiyatlari diabet tufayli yuzaga keladigan muammolarni hal qilishda optimistik qarashga imkon beradi. 

Darhaqiqat, qandli diabet bugungi kunda ateroskleroz va saraton kabi, ko‘pincha nogironlik va o‘limga olib keladigan uchta kasallikdan biridir. Bu qonda glyukoza darajasining barqaror o‘sishi bilan tavsiflanadi, kasallik har qanday yoshda paydo bo‘lishi mumkin. Qandli diabetning I (insulinga bog‘liq) va II (insulinga bog‘liq bo‘lmagan) turlari bor. 

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, qandli diabet aholining o‘lim darajasini 2-3 baravar oshiradi va umr ko‘rish davomiyligini qisqartiradi. Bundan tashqari, muammoning dolzarbligi ushbu kasallikning tarqalish ko‘lami bilan ham bog‘liq. 2014 yilda butun dunyo bo‘ylab taxminan 422 million katta yoshdagilar qandli diabet bilan kasallangan, bu 1980 yildan 108 millionga ko‘p. Bunday holatlar soni har yili ortib bormoqda. 

Kasallikning halokatli o‘sishi II turdagi qandli diabet bilan bog‘liq bo‘lib, bu barcha holatlarning 85 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi va bu asosan semirish hamda jismoniy harakatsizlikning natijasidir. Sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni saqlash bo‘yicha oddiy choralar uning oldini olish uchun samarali bo‘ladi. 

Har yili Xalqaro diabet federatsiyasining faoliyati tufayli Butunjahon qandli diabetga qarshi kurash kuni butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarni qamrab oladi va diabet va uning asoratlari haqida xabardorlikni oshirish maqsadida 160 ta davlatdagi diabet jamiyatlarini birlashtiradi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi o‘z rezolyutsiyasida a’zo davlatlarni qandli diabetga qarshi kurashish va ushbu kasallikka chalingan odamlarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha milliy dasturlarni ishlab chiqishni taklif qiladi.

Har yili diabet bilan og‘rigan odamlar uchun kunning o‘ziga xos mavzusi tasdiqlanadi. Turli yillarda kun mavzulari quyidagi so‘zlar bo‘lgan: “Diabet muammosi dunyoga tarqalmoqda”, “Diabet: barcha yoshdagilar va barcha mamlakatlar muammosi”, “Diabet va qarish”, “Insulin hayot uchun”, “Diabet va insonlar huquqi”, “Diabet buyraklaringiz uchun qimmatga tushishi mumkin. Hozir harakat qiling!”, “Semizlikka qarshi kurash diabetning oldini oladi”, “Diabet: hamma uchun yordam!”, “Bolalar va o‘smirlarda qandli diabet”, “Diabet, ta’lim va profilaktika”, “Sog‘lom turmush tarzi va qandli diabet”, “Oila va diabet”, “Hamshira va diabet” va boshqalar.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

254

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing