Qancha odam o‘ta qashshoqlikda yashayotgani aytildi

Bu qiziq

image

Bugun sayyoramizdagi 111 ta rivojlanayotgan mamlakatda 1,2 milliardga yaqin odam qashshoqlikda yashamoqda. Ularning kunlik daromad 1,9 dollardan kam. Ular tibbiy xizmatdan foydalanish va ta’lim olish imkoniyatidan mosuvo. Bu haqda Ko‘p o‘lchamli kambag‘allik indeksining navbatdagi hisobotida aytilgan. 

Hisobot 17 oktyabr – Xalqaro qashshoqlik barham berish kunida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Oksford universiteti qoshidagi Oksfordning kambag‘allikka qarshi kurash va inson taraqqiyoti tashabbusi tomonidan taqdim etilgan. 

Hisobotda kambag‘allik ko‘lamini qisqartirish mumkinligi ta’kidlanib, kambag‘allikning o‘zaro bog‘liq jihatlariga qarshi kurashish uchun rivojlanish sohasidagi sa’y-harakatlarda ilgarilashni ta’minlashi mumkin bo‘lgan "kambag‘allikning yangi profillari" ochib berilgan.  

Tahlilda odamlar o‘z kundalik hayotining turli jabhalarida kambag‘allikning turfa xil ko‘rinishlarini qanday boshdan kechirayotganini tushunish uchun kambag‘allik darajasini o‘lchash vositasi sifatida daromaddan tashqari jihatlar – ta’lim va sog‘liqni saqlash, turar-joy, ichimlik suvi, kanalizatsiya va elektr energiyasi kabi turmush qulayliklaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqilgan. 

Hisobotda butun dunyo bo‘ylab ko‘p o‘lchamli kambag‘allik sharoitida yashayotgan insonlarga ta’sir qilayotgan bir qator “mahrumlik to‘plamlari” – kambag‘allikning takrorlanuvchi modellari aniqlangan. Mazkur ma’lumotlardan muayyan hududlarda keng tarqalgan kambag‘allik profillarini aniqlashda foydalaniladi. Bu bir vaqtning o‘zida kambag‘allikning bir nechta jihatiga qarshi kurashishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqishda muhim qadam hisoblanadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi va yashash xarajatlari bilan bog‘liq joriy inqirozni hisobga olmasak ham, 111 ta rivojlanayotgan mamlakatda 1,2 milliard nafar odam ko‘p o‘lchamli kambag‘allik sharoitida yashamoqda  Kambag‘allik, deganda kuniga 1,9 dollardan kam daromad topish tushunilgan taqdirda ham, bu – kambag‘al, deb hisoblanadiganlar sonidan deyarli ikki baravar ko‘pdir. 

“Ufqni inqiroz bulutlari burkab olgan va qariyb 54 ta rivojlanayotgan davlat qarz girdobida qolib, davlatlarning busiz ham cheklangan byudjetlari yanada qisqarayotgan bir sharoitda – tobora taqchillashib borayotgan resurslar yordamida eng ta’sirchan o‘zgarishlarni qaysi sohalarda amalga oshirish mumkinligini tushunish uchun ilg‘or ma’lumotlar va tahlil qilish imkoniyatlaridan foydalanish juda muhim. Masalan, ushbu ko‘p o‘lchamli tahlil shuni ko‘rsatadiki, uglevodorod yoqilg‘isining ulushini kamaytirish va toza energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatlarga muhim hissa qo‘shadi. Bu esa elektr energiyasi va ovqat tayyorlash uchun toza yoqilg‘idan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 600 millionga yaqin odam uchun o‘ta muhim”, deydi BMTTD ma’muri Axim Shtayner. 

Asosan, COVID-19 pandemiyasi boshlanguniga qadar to‘plangan ma’lumotlarga asoslangan mazkur hisobotda, odatda, yonma-yon yuradigan mahrumlik to‘plamlariga qarshi kurashish zarurati ta’kidlanadi. Jumladan:  

•    kambag‘allarning 50 foizdan ziyodi (593 million odam) ham elektr energiyasi, ham toza yoqilg‘idan foydalanish imkoniyatiga ega emas. 

•    kambag‘allarning deyarli 40 foizi (437 million odam) ichimlik suvi va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas. 

•    kambag‘allarning 30 foizdan ziyodi (374 million odam) bir vaqtning o‘zida ovqatlanish, ovqat tayyorlash uchun yoqilg‘i, sanitariya xizmatlari va turar-joydan mahrum. 

Hisobotda kambag‘allikka qarshi kurashishning yanada samarali usullarini izlash uchun ushbu qonuniyatlarni tushunish muhimligi ta’kidlanadi.  

“Masalan, Laos XDRda ovqat tayyorlash uchun yoqilg‘idan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan oilalar, ko‘pincha, farzandlarini maktabga yubora olmaydi, negaki bolalar har kuni o‘tin yig‘ish bilan band bo‘ladi. Shunday ekan, yoqilg‘i muammosi bartaraf etilmas ekan, qishloq maktabini qurishning o‘zi muammoni yechish uchun yetarli bo‘lmaydi”, deydi BMT Taraqqiyot dasturining Inson taraqqiyoti to‘g‘risidagi hisobotlar bo‘limi xodimi, hisobot mualliflaridan biri Tasnim Mirza. 

Hisobotda dunyoni turli burchaklarida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qo‘llangan muvaffaqiyatli kompleks strategiyalardan misollar keltirilgan. Nepalda sanitariya sohasiga investitsiya kiritish orqali ichimlik suvidan foydalanish, bolalar ovqatlanishi va diareya bilan kasallanish darajasini qisqartirish orqali bolalar o‘limi ko‘rsatkichlarini yaxshilashga erishilgan. Hindistonda 15 yil ichida 415 millionga yaqin odam ko‘p o‘lchamli kambag‘allikdan olib chiqilgan bo‘lib, bu tarixiy yutuq hisoblanadi. 

Pandemiyaga qadar 72 mamlakatda kambag‘allikni sezilarli darajada qisqartirishga erishilgan edi. Shunga qaramay, hisobotda Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq kambag‘allikka barham berishga qaratilgan ayrim sa’y-harakatlar so‘nggi paytlarda ustma-ust sodir bo‘layotgan inqirozlar oqibatida besamar ketishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. 

Kambag‘allik profilini aniqlash kambag‘allikning barcha o‘lchamlari bo‘yicha ma’lumotlarning ishonchli bazasiga tayanib, hisobotda, ayniqsa, eng kambag‘al mamlakatlarda va eng kambag‘al odamlar yashaydigan hududlarda, kambag‘allik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni muntazam yangilash borasidagi sa’y-harakatlarni qayta tiklash zarurligi ta’kidlanadi. 

Oksford universiteti qoshidagi Oksfordning kambag‘allikka qarshi kurash va inson taraqqiyoti tashabbusi direktori Sabina Alkire shunday deydi:  

“Ko‘p o‘lchamli kambag‘allik indeksi kambag‘allikning monetar o‘lchamlari uchun muhim qo‘shimcha hisoblanadi, chunki u mahrumlik to‘plamlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etadi. Umidimiz shuki,  bu yilgi mahrumlik to‘plamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu beqaror zamonda kambag‘allikni qisqartirish uchun qo‘shimcha qat’iyat va aniqlik bilan chora ko‘rish imkonini beradi”. 

Ko‘p o‘lchamli kambag‘allik indeksida, shuningdek, kambag‘allikning mintaqalar kesimidagi chuqur tahlili keltiriladi. Ko‘p o‘lchamli kambag‘allik domidagi odamlarning aksariyati (83%) Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika mamlakatlarida (579 millionga yaqin) va Janubiy Osiyoda (385 million) yashaydi. Kambag‘allarning uchdan ikki qismi o‘rtacha daromadli mamlakatlarda, 83 foizi esa qishloq joylarda yashaydi. Pandemiyaga qadar erishilgan ulkan taraqqiyotga qaramay, Hindistonda hali ham 229 million nafar kambag‘al bor. Keyingi o‘rinda 97 million nafar kambag‘al yashaydigan Nigeriya turadi. 

“Ko‘p o‘lchamli kambag‘allik indeksi BMTTDning butun dunyo bo‘ylab amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega, negaki biz 2025 yilgacha 100 million odamni ko‘p o‘lchamli kambag‘allikdan olib chiqishdek dadil maqsadimizga erishish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va undan tashqaridagi sheriklarimiz bilan hamkorlik qilamiz”, deydi Axim Shtayner. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing