Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i ehtiyot chorasini qo‘llashda himoyachining ishtiroki shart – Prezident farmoni

Jamiyat

image

O‘zbekistonda sudga qadar ish yuritish davrida shaxs huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida qator choralar belgilanmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan farmonni imzoladi.

Farmon bilan o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxslarga oid jinoyat ishi bo‘yicha, shuningdek qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash holatlarida himoyachining ishtirok etishi shartligi belgilandi.

Shuningdek, sudga qadar ish yuritish davrida shaxs huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida:

•    agar ushlangan ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lmasa, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va so‘roq qilish;

•    shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun real asoslar mavjud bo‘lgan hollarda uni guvoh tariqasida so‘roq qilish, shuningdek, protsessual huquqlarini tushuntirmasdan turib, undan biron-bir yozma yoki og‘zaki ko‘rsatuvlar olish taqiqlanmoqda.

Ma’lumki, ayblanuvchining qonun va xalqaro hujjatlarda aks etgan eng asosiy huquqlaridan biri – bu ko‘rsatuvlar berishdan bosh tortish va ko‘rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo‘lish huquqidir. Farmon bilan ushbu huquqni amaliyotda to‘liq ro‘yobga chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

76

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing