Qamoqdan prezidentlikkacha: Japarov aslida kim?

Tahlil

image

Kecha, 10 yanvar kuni Qirg‘izistonda muddatidan avvalgi prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Qirg‘iziston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda nomzod Sadir Japarov 79,20 foiz to‘plab, prezidentlik poygasining yetakchisiga aylandi.

Markaziy saylov komissiyasining rasmiy natijalari 24 yanvarda e’lon qilinsa-da, allaqachon ko‘pchilikning ovoziga ega bo‘lib ulgurgan Sadir Japarov bu saylovda g‘olib bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas. Qirg‘izistonning bo‘lajak oltinchi Prezidenti aslida kim? Quyida shu haqda so‘z boradi.

Traktor kabinasidan rahbarlik kursisigacha

Avvalroq, Qirg‘izistonda prezidentlik poygasidagi Japarovning raqiblaridan biri Qanibek Imanaliyev uning jismoniy tarbiya bo‘yicha diplomga ega ekanini aytgandi. Ammo rasmiy tarjimai holga ko‘ra, Japarov 2006 yilda Qirg‘iz-rus slavyan universitetini tugatgan.

U mehnat faoliyatini “kolxoz”da boshladi. 2002-2005 yillarda esa Japarov, allaqachon “Nurneftegaz” kompaniyasining bosh direktori bo‘lib ishlardi.

Siyosat tomon tashlangan qadamlar

Sadir Japarov 2005 yilgi parlament saylovlarida “Kelechek” muxolifat fraksiyasidan Jogorku Keneshga deputat etib saylandi va o‘sha partiyaning yetakchisiga aylandi. 

Parlament saylovlaridan ko‘p o‘tmay, mamlakatda norozilik namoyishlari boshlanib, ular “Lola inqilobi”ga aylandi. Hukumatga qarshi norozilik harakatlari va inqilobdan so‘ng, “Qirg‘iziston Xalq harakati”ning lideri Kurmanbek Bakiyev mamlakat Prezidenti etib saylandi.

Sadir Japarov o‘sha harakatning tarafdori edi. Ovozlarni hisoblash va muxolifatga bosimlar bilan bog‘liq mojarolarga qaramay, Sadir Japarov parlamentga yetib keldi va Prezident Kurmanbek Bakiyevni qo‘llab-quvvatlovchi janubiy guruhga qo‘shildi. 2007 yilga kelib, Sadir Japarov Qurmanbek Bakiyevning maslahatchisi bo‘ldi va bu lavozimni 2009 yilgacha egalladi. 

2008 yilda Qirg‘izistonda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha Respublika Milliy agentligi tashkil etildi. 2009 yildan unga Sadir Japarov rahbarlik qila boshladi. Ushbu lavozimda u 2010 yil iyun oyigacha ishladi.

Firibgarlikda ayblangan deputat

2010 yildan Sadir Japarov “Ata-Jurt” partiyasining tarkibida deputatlik faoliyatini davom ettirdi. 

2012 yil sentyabr oyida Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Sadir Japarovga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. U o‘sha paytda “Ata-Jurt” fraksiyasini boshqarar edi. Japarov Bishkekdagi binoni noqonuniy xususiylashtirishda ayblangan edi. Biroq, Parlament Sadir Japarovni Bosh prokuror tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymadi.

Hokimiyatni zo‘rlik bilan tortib olish

2012 yil 3 oktyabrda “Ata-Jurt” partiyasining deputatlari Kamchibek Tashiyev, Sadir Japarov va Talant Mamitov boshchiligida Oq uy oldida namoyish o‘tkazildi. Bunda Japarovning o‘zi qatnashmadi. Ammo u tashkilotchilikda ayblandi.

Namoyish vaqtida deputatlardan biri Qamchibek Tashiyev Oq uyni o‘rab turuvchi panjara ustiga chiqqan. Keyinchalik, deputatning o‘zi bu xatti-harakatini “ishga shoshilayotgani” bilan izohlagan.

Bu uchun 2013 yil 9 mart kuni sud Qamchibek Tashiyev va Sadir Japarovni Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 295-moddasi “Hokimiyatni zo‘rlik bilan tortib olish yoki hokimiyatni zo‘rlik bilan ushlab qolish” moddasi bilan aybdor deb topdi va bir yil olti oyga ozodlikdan mahrum qildi. Markaziy ijro komissiyasi sud qarorini ijro etib, Sadir Japarovni deputatlik mandatidan mahrum qildi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay sud Japarov va uning sheriklarini oqlab, zalning o‘zida ozod qildi.

Siyosatchi taqiblar ostida

Qirg‘izistonda 2013 yilning bahori va yozining birinchi kunlarida Markaziy Osiyodagi eng yirik oltin qazib olish konlaridan biri – “Qumtor”ning kanadaliklar tomonidan ekspluatatsiya qilinishiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Sadir Japarov o‘sha namoyishning tashkilotchilaridan biri sifatida ko‘rsatilgandi. Ammo uning o‘zi bunga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. Gap shundaki, 2012 yildan boshlab Sadir Japarov o‘zining tug‘ilgan joyi Issiqko‘l viloyatida joylashgan ushbu “Qumtor” oltin konini milliylashtirish tarafdori bo‘lib, konning boshqaruv kompaniyasini ekologik huquqbuzarliklar va korrupsiyada ayblab kelayotgan edi.

2013 yilning oktyabr oyida Qorako‘l shahrida yana bir namoyish bo‘lib o‘tdi va bu harakatlar ham yana “Qumtor”ga bog‘liq edi. Namoyishchilar Hukumatning vakolatli vakili Emilbek Kaptagayevni garovga oldi va uni yoqib yuborish bilan tahdid qildi. Miting oxir-oqibatda tarqalib ketdi. Sadir Japarov esa, yana namoyishni tashkillashtirishda ayblandi. Biroq, sobiq xalq deputati bularning barchasini rad etib, ayblovlar uydirma ekanini ta’kidladi. Shundan so‘ng, u ta’qiblardan qo‘rqib, mamlakatni tark etdi. U dastlab, ko‘shni Qozog‘iston so‘ngra, Rossiya, Turkiya va Kiprda sarson-sargardonlikda yurdi.

Japarovning hibsga olinishi

Keyinchalik, sud jarayonlarida Emilbek Kaptagayev Sadir Japarovni Qorako‘ldagi mitinglarning tashkilotchisi deb bilmasligini, balki o‘zini qurbon sifatida bilishini aytadi. 

Oradan vaqt o‘tib, Sadir Japarov 2017 yil mart oyida Qirg‘izistonga qaytib keldi. U kelgan kuniyoq, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hibsga olindi. Sud Sadir Japarovni Qirg‘iziston Jinoyat Kodeksining “Garovga olish” moddasi bilan 11 yarim yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. 

Siyosiy maydonga qaytish

Biroq, 2020 yilning 5 oktyabr kuni Parlament saylovlariga qarshi boshlangan qo‘zg‘alon fonida Sadir Japarov tarafdorlari tomonidan 1-sonli jazoni o‘tash muassasidan ozod qilindi. Shundan so‘ng, ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Taqdirni qarangki, 6 oktyabr kuniyoq, u Bosh vazirlik lavozimini egallaydi. Vaholanki, bir kun oldin u shunchaki, mahbus edi, xolos. 

2020 yil 15 oktyabrda Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov iste’fosidan so‘ng, Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasining 68-moddasiga muvofiq Sadir Japarov vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bugun, 11 yanvar kuni esa, u kelgusi 6 yil davomida Qirg‘izistonni boshqarishga yaqin turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1818

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing