Qamoqdagi Gulnora Karimovaning hashamatli uyi sotildi. Uyga “Zeromax”ning qanday aloqasi bor edi?

Tahlil

image

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, sobiq Fond Forum Vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimova qamoqda bo‘lishiga qaramay, uning Gongkongdagi hashamatli ko‘chmas mulki 68,4 million dollarga sotildi. Bu haqda “The Globe and Mail” nashri xabar berdi.

Manbada qayd etilishicha, Gulnora Karimova shaxsi bilan bog‘liq kliptokratiya ishi va uning ortidan uyushgan jinoiy guruh a’zolarining ko‘pchiligi hibsda bo‘lgani mazkur penthausning yana bir bor savdoga qo‘yilishiga halal bermagan. 

Shuningdek, nashr Gulnora Karimovaga qarashli penthausning 2008 va 2016 yillarda savdoga qo‘yilishiga aloqador bir qancha dalillarni ham ochiqladi. Mazkur ommaviy nashr vakillari tomonidan yer reyestri hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonida aniqlangan ushbu savdo bitimlari ilk bor ommaga ma’lum qilindi.

Xususan, 2008 yilda Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga aloqador kompaniyaga mazkur penthaus 36,5 million dollarga sotilgan. Uch oy o‘tgach, ko‘chmas mulk yana katta chegirma bilan boshqa kompaniyaga sotildi. Uni Karimova xonim bilan yaqin aloqada bo‘lgani aytiladigan sobiq estrada yulduzi Rustam Madumarov boshqargan.

O‘zbekiston, Shveysariya va Qo‘shma Shtatlardagi jinoiy tekshiruvlar natijasida yuzaga chiqqan bu bitimlar shubhali manbalardan mablag‘lar Xitoy hududiga qanday kirib borishiga bir misoldir. Ushbu pullar dunyodagi eng qimmat ko‘chmas mulkda saqlanishi yoki Gonkongda va boshqa soliq yukidan xoli hududlarda osongina tashkil etilgan offshor kompaniyalar tarmog‘i orqali legallashtirilishi mumkin.

“Hatto, bir nechta mamlakatlardagi sud jarayonlari ham mazkur ko‘rinishdagi boylikning harakatini to‘xtata olmaganga o‘xshaydi. 2016 yilda “The Arch” majmuasidagi penthausga egalik qilgan va oxir-oqibat janob Madumarov tomonidan nazorat qilingan kompaniya uni 68,4 million dollarga sotgan”, deyiladi xabarda.

Mazkur voqealarga munosabat bildirib, Olster universitetining kriminologi va O‘zbekiston bo‘yicha eksperti Kristian Lasslett ushbu bitimni “juda aql bovar qilmaydigan” deb ta’riflagan va bu voqealarni “dunyodagi eng shov-shuvli kleptokratiya ishi...”, deya bayon etgan.

O‘z o‘rnida, Gulnora Karimovaning shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Gongkongdagi ko‘chmas mulki sotilishi va buning ortidan yuzaga chiqqan tafsilotlar Shveysariyada xatlovdan o‘tgan yirik o‘zbek konglomerati “Zeromax” bilan bog‘liq yangi ma’lumotlarni ham ochiqladi. 

“Taxminan shu davrdagi (2016) boshqa xabarlarda Karimova xonim boyligining katta qismi Shveysariyada ro‘yxatdan o‘tgan, neft va gazdan tortib to‘qimachilik hamda qishloq xo‘jaligigacha bo‘lgan barcha sohalarda aktivlarga ega bo‘lgan yirik o‘zbek konglomerati “Zeromax” bilan bog‘liqligi qayd etilgan. Ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Karimova xonimning sobiq turmush o‘rtog‘i Mansur Maqsudiy tomonidan 2006 yilda AQSHda “Zeromax” shirkati sudga berilib, Maqsudiy mazkur kompaniyani Karimova xonim bilan munosabatlari tugaganidan so‘ng O‘zbekiston davlati undan musodara qilingan bizneslar ustidan nazoratni qo‘lga olishda ayblagan. 2008 yilning sentyabr oyida ma’lum qilingan Gonkong yer reyestri hujjatlariga ko‘ra, “The Arch” majmuasidagi penthaus inshooti “Zeromax” tomonidan sotib olingan va shartnoma Ikromjon Yoqubov ismli menejer tomonidan imzolangan. Uch oy o‘tgach, u yana sotilgan”, deyiladi xabarda.

To‘plangan dalillar asosida Gulnora Karimovaning xorijdagi mulklari va “Zeromax” kompaniyasining keyingi faoliyati bilan bog‘liq tafsilotlar ochiqlandi. Unga ko‘ra, sobiq siyosatdon va jamoatchi ayol Gongkongdan tashqari London va Parijda ham ko‘chmas mulklarga ega bo‘lgan.

“Zeromax” 2010 yilda Shveysariya tarixidagi eng yirik bankrot holatlaridan biri oqibatida quladi va tez orada mazkur mamlakat (Shveysariya) va AQSH prokurorlari kompaniya, shuningdek, Karimova xonim, u  bilan bog‘liq ikkita telekompaniya — MTS va “TeliaSonera”ni tekshirishni boshladi. Oxir-oqibat, mazkur kompaniyalar u (Gulnora Karimova) bir milliard AQSH dollariga yaqin pora olganini, butun dunyo bo‘ylab hisob raqamlari orqali pul yuvganini va Gonkong, London hamda Parijdagi mulklarini ko‘paytirganini da’vo qildi”, deyiladi xabarda.

Karimova xonimning Jenevada istiqomat qiluvchi advokati Greguar Manjeatning aytishicha, uning mijozi (Gulnora Karimova) “Zeromax” bilan aloqasini rad etgan. 

Bundan tashqari, advokatning o‘zi O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga qarshi bildirilgan da’volarni ham inkor etib, O‘zbekiston hukumati asosiy inson va protsessual huquqlarni hurmat qilmasligini aytgan.
2016 yilga kelib kompaniya bilan aloqador deyarli har bir shaxs qamoqda bo‘lganligi mazkur mulkning sotuvga qo‘yilishiga aslo halal bermagan.

So‘ngi savdo bitimiga ko‘chmas mulk egasi sifatida Quan Vey ismli shaxs imzo chekkan. Uning nomi mazkur ishga oid boshqa birorta hujjatda uchramaydi. Quan Vey bilan bog‘lanib bo‘lmagan va kelishuvga aloqador boshqa shaxslar ham ommaviy axborot vositalari so‘rovlariga javob bermagan.

Xabarda keltirilishicha, penthaus mulkining hozirgi xo‘jayinlari ular mulk sotib olgan odamlar jinoiy ishlarga aloqadorligi haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lishmagan. Xalqaro tadqiqotchi jurnalistlar konsorsiumi tomonidan yuritiladigan Offshore Leaks ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, “The Arch” dagi 30 dan ortiq xonadonlar xususan, Gulnora Karimovaning mulklari ham Kayman va Bermud orollari, Britaniya Virjiniya orollari kabi soliq yukidan olisdagi kompaniyalar bilan bog‘langan.

Nashrning ma’lum qilishicha, Gulnora Karimovaning ko‘plab mulklari allaqachon uning tasarrufidan chiqib bo‘lgan yoki offshor kompaniyalar tarmog‘ining bir qismiga aylanib ketgan. Bu esa uning noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘larini mamlakatga qaytarishga to‘sqinlik qiladi.

Shahzod Nusratullayev


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

476

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing