Qamchiq dovonida kuchli yog‘ingarchilik: tog‘ yon bag‘irlarida qor balandligi 1,5 metrga yetdi

Jamiyat

image

Ayni paytda A-373 avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovonida kuchli qor yog‘moqda. Bu haqda “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazining ma’lumotida fevralning oxirgi va mart oyining dastlabki kunlarida respublikamizda havo harorati keskin pasayib, yog‘ingarchiliklar bo‘lishi aytib o‘tilgandi. Bunday ob-havo A-373 “Toshkent – O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovoni hududida ham avtotransport vositalarining harakatlanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.

Xususan, kecha dovonda qor yog‘ishi boshlangan. Ayni vaqtda Qamchiqda kuchli qor yog‘moqda. Qor qalin yog‘ayotgani uchun yo‘lning ko‘rinishi 100-50 metrgacha qisqargan. Havo harorati 6 daraja sovuq. Qor qalinligi yo‘l atrofida 40 sentimetrga, tog‘ yon bag‘irlarida esa 1,5 metrga yetgan. Mazkur holat dovon yo‘llarida avtomashinalarning erkin harakatlanishiga noqulayliklar tug‘diryapti.



Ma’lum qilinishicha, “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan dovon yo‘llari qor va muzlamadan muntazam ravishda tozalanmoqda. Yo‘llarni qordan tozalashga qariyb 120 ta texnika safarbar qilingan. Ayni vaqtda dovon yo‘llari peshma-pesh tozalanib, transport vositalarining uzluksiz va xavf-xatarsiz harakati ta’minlanyapti.

“Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi transport hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, dovondan o‘tish uchun yo‘lga chiqqan haydovchilardan avtomobillarning texnik holatini e’tiborga olish, dovon orqali yetarli darajada yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bilan harakatlanish, shinalarning mustahkamligini ko‘zdan kechirish va hushyorlikni yanada oshirishni so‘ragan.

Shuningdek, “Qamchiq” dovonidagi bunday qorli ob-havo ertaga 25 fevralda ham davom etishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

171

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing