“Qamalayotgan” Putin, qamalgan “Dili me”, daragi chiqqan Ortiqxo‘jayev va yopilgan “Star Med – Hafta tahlili
Tahlil
−
18 mart 2023
14798Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan galdagi chiqishlarimdan birida O‘zbekistondagi hojatxonalar sharoitidan nolib qolgandim. Misol qilib Milliy kutubxonaning eshigi yo‘q “milliy hojatxona”sini keltirgandim. Kuni kecha Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti O‘zbekistonda hojatxonalarning sanitariya qoidalariga qanchalik javob berishi haqidagi tahlilni e’lon qildi. Unda aholining 41 foizi hamon chuqur kavlama ko‘rinishidagi hojatxonalardan foydalanishi aytilgan. Qishloqlarda bu ko‘rsatkich 50 foizdan yuqorini tashkil etadi. Shuningdek, ushbu hisobotda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Yunisefning 2019 yildagi ma’lumotlari ham keltirilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi maktablarning 13 foizida qo‘lni sovun va suv bilan yuvish uchun sharoit yo‘q. Mana, sizga hojatxonalar bilan bog‘liq haqiqiy ahvolimiz. Menga yana “boshqa mavzu qolmadimi gapirishga”, deb ovora bo‘lib, og‘iz og‘ritayottganlarga aytar gapim bor: siz hojatxonadan foydalanmay qo‘ygan bo‘lsangiz yo taglik tutishni afzal bilsangiz, ayb bizda emas. Demak, navbatdagi hafta voqealari tahlili bilan tanishing.
Ortiqxo‘jayev ishsiz qolib ketadimi?
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan kvartira xarid qilish uchun ipoteka krediti olishni rejalashtirayotgan emish. U jurnalistlar bilan suhbatda hozir yashab turgan kvartirasiga u xohlagan narxda xaridor chiqmayotgani, shuning uchun kredit olmoqchiligini aytibdi. To‘g‘risi bu gapni eshitib, dumalab tushay dedim. Rostan ham janob Bosh vazirning loqal bitta kvartiraga yetadigan puli yo‘qmi yo u ham ko‘p amaldorlarga o‘xshab pullarini ishdan bo‘shaganida ishlatarmikin? Ha, mayli janob Pashinyan nima qilishini, qanday uy olishiyu uni qaysi pulga olishini o‘zi biladi. O‘zimizning xabarlarga o‘tsam.
Joriy haftada 16 yanvar kuni Prezident ishdan haydagan sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning daragi chiqdi. Ikki oydan beri nom-nishoni yo‘q Ortiqxo‘jayevning Vazirlar Mahkamasida ish boshlagani, Bosh vazirga maslahatchi bo‘lgani haqidagi gaplar qulog‘imga chalindi. O‘sha zahoti Bosh vazirning yap-yangi Matbuot kotibi Bekzod Shukurov bilan bog‘landik.
U lavozimga tayinlash qaysidir darajadagi hujjat bilan amalga oshirilishi, hozircha bunday hujjat mavjud emasligini aytdi. Garchi QALAMPIR.UZ bu gaplarga oydinlik kiritgan bo‘lsa ham oradan bir kun o‘tib yana Ortiqxo‘jayev haqida o‘sha gaplar tarqala boshladi. Vazirlar Mahkamasi yana tarqalgan xabarlarni rad etdi. Lekin baribir qiziq?! 2018 yildan buyon Toshkentni boshqargan, albatta, qator xatolar bilan yutuqlarga ham mualliflik qilgan Ortiqxo‘jayev ishsiz qolib ketadimi yo hammasi unut bo‘lib, katta davraga qaytadimi? Hozircha bu savollar javobsiz. Balki yuqoridagilar biroz vaqt o‘tishini kutayotgandir. Ha nima, ne-nelar ishsiz qoldirilmaganda, Ortiqxo‘jayev qolarmidi?!
Ha, darvoqe, aytish esimdan chiqibdi. Armanistonda ipoteka krediti o‘rtacha 15%ni, muddati esa taxminan 20 yilni tashkil etadi. O‘zbekistonda ham kreditga amal-taqal kvartira olgan amaldorlar ko‘p bo‘lsa kerak a?!
O‘zbekiston kimning tomonida?
Tugayotgan haftaning boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga bordi. Uning galdagi tashrifi avvalgilaridan farq qildi. Nimasi bilan deysizmi? Albatta, dunyo mamlakatlarining O‘zbekistonga u yoki bu tomonga o‘t degan talabni qo‘yayotgani haqidagi bayonoti bilan .
“Katta-katta davlatlarning vakillari kelib “O‘zbekiston sen kim tomondasan? Neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi endi. Yo u tomonga o‘t, yo bu tomonga”, deb da’vat qilyapti. “Bizga kerak O‘rta Osiyoda O‘zbekiston, 36 mln bo‘ldi, 3-4 yilda 40 mln bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tomonsan”, deyapti”, degan Mirziyoyev.
Prezident O‘zbekiston kimning tomonida ekanini aniq aytmagan.
“Savolga javob bitta: bir tomonman! Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimni manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman deb javob beraman!” deydi u.
Ammo O‘zbekiston dunyoni ostin-ustin qilib yuborgan Rossiya Ukraina urushida Rossiyaning qurolli bosqiniga nisbatan betaraf munosabatda bo‘lib kelmoqda. Mamlakat kuni kecha BMTda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga bir yil to‘lishiga bag‘ishlangan Rossiyaga qarshi rezolyutsiyani yoqlab ham, qoralab ham ovoz bermadi va urushga betaraf 32 davlat qatoridan o‘rin oldi.
Joriy haftada esa “The Economist” jurnali muxbirlari O‘zbekistonni Rossiyaga “ulfat”, do‘st mamlakatlar qatoriga qo‘shdi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.
Surxondaryoga tashrif masalasini davom ettiradigan bo‘lsak, Prezident tashrif davomida oq Malibu’ga o‘tirib, Boysun – Denov yo‘lida mashina haydab ko‘rdi. Unga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hamrohlik qildi.
Prezident tashrifidan bir kun o‘tib, Surxondaryoda 111 kilometr yo‘lni ta’mirlash ishlari boshlandi. Yo‘l viloyatning Boysun, Bandixon, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy va Denov tumanlari hududidan o‘tadi. Bu xabarni eshitib, Prezident kelib qolsa, bizning yo‘llarimizga ham son tegarmidi, deb davlat rahbarining yo‘lini poylaganlar ko‘paygandan ko‘paydi.
“Star Med Center” yopildi
Bundan oldingi haftada “Mittivine” taxallusi bilan faoliyat yuritgan bloger Farhod Mannopovning o‘ligi chiqqan “Star Med Center” klinikasi Sog‘liqni saqlash vazirligidan xat kiritilganiga qaramay, hamon faoliyatini davom ettirib kelayotgani qattiq tanqid qilingandi. Bu haqda ko‘plashib, natijaga erishildi. Klinika faoliyati 14 martdan e’tiboran 10 kunga to‘xtatildi. Adliya vazirligi uning litseneziyasini to‘xtatdi.
SSVning ma’lum qilishicha, “Star Med Center”da o‘tkazilgan dastlabki tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tibbiyot muassasasida bir qator litsenziya talab va shartlariga nomuvofiqliklar aniqlangan.
Hafta o‘rtasida esa marhum Farhod Mannopovning jamoadoshi va eng yaqin do‘sti Ulug‘bek Shodibekov bo‘lib o‘tgan voqealar, Mannopovning o‘limi haqida intervyu berdi.
Uning bildirishicha, Farhod Mannopovning komaga tushganini shifokorlar uning yaqinlaridan 6 soat davomida yashirgan. Qolaversa, marhumning yaqinlariga xabar berilgunga qadar uning yuragi 3 marta to‘xtab qolgan.
Shodibekovning qo‘shimcha qilishicha, shifokorlar operatsiya vaqtida Mannopovning harorati ko‘tarilganini kech payqagan. Ular uning qon bosimini tushirish bilan ovora bo‘lgan. Bungacha esa Mannopovning harorati 42 darajagacha ko‘tarilgan. Bu orada o‘pkaga qon ketgan.
Shodibekov, Mannopov vafot etishidan oldin uning qon tahlillari boshqa klinikada bir necha bor tekshirib borilgani, u operatsiya qilingan klinikada esa kerakli texnikalar bo‘lmaganini aytgan.
Ayni vaqtda Farhod Mannopovning o‘limi ortidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Dili me” qamoqqa olindi
Ijtimoiy tarmoqlarda “Dili me” taxallusi bilan tanilgan bloger Dilshod O‘rozboyev qamoqqa olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 23 yanvar kuni bloger Dilshod O‘rozboyev sheriklari bilan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, ismi oshkor qilinmagan fuqaroni urib, tan jarohati yetkazgan. Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi bir necha marotaba chaqirtirilishiga qaramay, tergovga kelishdan buyin tovlab kelgan. Shu sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida bloger 10 mart kuni ushlanib, tergovga jalb qilingan.
Hozirda bloger “Toshturma” nomi bilan tanilgan 1-sonli Toshkent tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Tergov uchun Yashnobod tumani IIBga olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Rahmatulloh qori yana “Minor”ga qaytdi
2022 yilning yanvarigacha Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimida ishlab kelgan va o‘z xohishi bilan sog‘ligidagi muammolar sabab lavozimini tark etgan Rahmatulloh domla Sayfuddinov yana imomlikka qaytdi. U 15 martdan e’tiboran “Minor” masjidi imomi o‘laroq faoliyatini davom ettirmoqda.
Ushbu masjidda imom-xatib bo‘lib ishlab kelayotgan Toshkent bosh imom-xatibi Abduqahhor Yunusov esa “Shayx Zayniddin” (Ko‘kcha) masjidiga imom-xatib etib tayinlangan. Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligi ham “Shayx Zayniddin” jome masjidiga ko‘chirilgan.
Bundan 2,5 oy avval Sayfuddinov o‘z arizasiga binoan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasidan ozod etilgach, “Abu Saxiy” jome masjidi imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Sayfuddinov esa o‘sha oyning o‘zida davolanish uchun Dubay orqali Germaniyaga jo‘nab ketgan edi. O‘sha vaqtlarda Rahmutlloh Sayfuddinovga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda qator e’tirozlar va tanqidlar urchigandi. Sayfuddinov bularni barchasiga QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida javob qilgandi.
O‘zbekistonlik terrorchi AQSHda umrbodga qamaldi
13 mart kuni AQSHning Nyu-York shtati janubiy okrugi sudi hakamlar hay’ati 2017 yilda Nyu-Yorkdagi portlashni amalga oshirgan asli o‘zbekistonlik Sayfullo Soipovga o‘lim jazosi berilishi bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi va shu bois u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 26 yanvar kuni hakamlar hay’ati Soipovni qotillik, qotillikka urinish va xorijiy terrorchi tashkilotni qo‘llab-quvvatlash kabi 28 ta moddada aybdor deb topgan. Keyin hakamlar hay’ati aybdor shaxs o‘lim jazosiga loyiqmi yoki yo‘qligini ko‘rib chiqqan. Ular bir ovozdan bir qarorga kela olmagani uchun, qonunga ko‘ra, jazo sifatida o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosi bilan almashtiriladi. Sudya bunday hukmni majburiy ravishda chiqarishi kerak va uni yengillashtira olmaydi. Hukmni e’lon qilishning rasmiy tartibi keyinroq amalga oshiriladi.
Aytish joizki, Nyu-York shtatida o‘lim jazosi 50 yildan ortiq vaqt davomida amalga oshirilmagan edi.
Soipov 2017 yilning 31 oktyabr kuni Pikap mashinasini Gudzon daryosi qirg‘og‘idagi Nyu-York ko‘chalaridan biri bo‘ylab velosipedchilar uchun ajratilgan yo‘lakda katta tezlikda haydab, yo‘lidan chiqqanlarni bosib ketgan. Hujum 2001 yil 11 sentyabr xurujlari qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikdan bir necha yuz metr narida sodir bo‘lgan. AQSH rasmiylari terakt deb atagan hujum natijasida 8 kishi halok bo‘ldi, 10 dan ortiq kishi jarohatlandi. Jinoyatchi yaralangan va hibsga olingan. Soipov ISHID terrorchilik guruhi mafkurasi ta’sirida harakat qilganini tan olgan.
Sayfullo Soipov 1988 yil Toshkent shahrida tug‘ilgani, 2005–2009 yillarda Toshkent moliya institutida tahsil olgani, keyinchalik ish faoliyatini “Sayohat” mehmonxonasida hisobchilikdan boshlagani aytilgan.
O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot organlari tomonidan Soipov 2010 yilda AQSHga “Grin-kart” lotereyasi orqali viza olib jo‘nab ketgani aytildi. Jinoyat sodir etilgunga qadar terroristik guruh yoxud oqimlar ta’sirida bo‘lgani aniqlanmagan, o‘tgan davr mobaynida u O‘zbekistonga kelmagan va yaqin qarindoshlari bilan uchrashmagan.
O‘zbekistonlik ayolning ayanchli o‘limi
Turkiyaning Istanbul shahri Esenyurt tumanida yana bir o‘zbekistonlik ayol ayanchli o‘lim topdi. Uning qotili ham begona emas. Ayolni o‘zbekistonlik erkak pichoqlagan.
O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan erkak sevgilisi – O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayolni rashk sababli do‘pposlay boshlagan. Shundan so‘ng erkak cho‘ntagidagi pichoqni bir necha bor ayolga sanchgan. Ayol qonga belangan, voqeani ko‘rgan atrofdagi fuqarolar erkakni to‘xtatib qolgan.
Darhol politsiyaga xabar berilgan. Ayol shifoxonaga olib borilgan, ammo barcha choralarga qaramay uni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan. Hujum qilgan shaxs politsiya tomonidan hibsga olingan.
Putin qamaladimi?
Gaaga xalqaro jinoiy sudi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Prezidentning Bolalar masalalari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani hibsga olish bo‘yicha order berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya rahbari Ukrainadagi bosib olingan hududlarda aholini, jumladan, bolalarni noqonuniy ko‘chirish va Rossiyaga noqonuniy o‘tkazish kabi harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb topilgan.
Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham huddi shu ayblovlar qo‘yilgan.
Ammo, Xalqaro jinoiy sudning qarorlari Rossiya uchun hech qanday ma’noga ega emas, hibsga olish mumkin bo‘lgan orderlar qonuniy kuchga ega bo‘lmaydi. Bu haqda hukm e’lon qilingach, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova aytib chiqdi.
“Xalqaro jinoiy sud qarorlari mamlakatimiz uchun, jumladan, huquqiy nuqtai nazardan ham hech qanday ma’noga ega emas. Rossiya Xalqaro jinoiy sudning Rim statuti ishtirokchisi emas va unga muvofiq majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmaydi. Rossiya bu organ bilan hamkorlik qilmaydi va Xalqaro Sudning hibsga olish haqidagi mumkin bo‘lgan retseptlari biz uchun qonuniy kuchga ega bo‘lmaydi”, deydi Zaxarova.
AQSH Prezidenti ham Xalqaro jinoiy sudning qaroriga munosabat bildirarkan, Vashington Gaagadagi dastlabki tergov palatasining Putinni hibsga olishga order berganini asosli deb bilishini, ammo Qo‘shma Shtatlar ushbu sudning qarorini tan olmasligini aytdi. Chunki, AQSH ushbu sud nizomini ratifikatsiya qilmagan.
Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud qoidalariga ko‘ra, ayblanuvchi shaxs Rim statutiga imzo chekkan davlatga safar qilsa, shu davlat uni ushlab, Gaagaga topshirishi shart. O‘zbekiston ham Rim statutiga 2000 yilda imzo chekkan, ammo hali parlament uni ratifikatsiya qilmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainada istiqomat qiladigan 7,5 million boladan shu kunga qadar 4,3 millionga yaqini urush tufayli boshqa hududlarga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Ulardan 1,8 millioni qo‘shni davlatlarga qochqin sifatida o‘tgan bo‘lsa, yana 2,5 million bola o‘z uyini tashlab ketgan.
Turkiylar nimaning payida?
Bu hafta Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar rahbarlari Turkiyada to‘planib, tashkilotning navbatdan tashqari sammitini o‘tkazishdi. Bu ko‘proq Turkiya Respublikasining amaldagi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni 14 mayda bo‘lajak saylovlarda qo‘llab-quvvatlash tadbiriga o‘xshadi. Sammitga kelgan barcha davlat va Hukumat rahbarlari o‘z so‘zida avvalida ham, oxirida ham Turkiyaning bugungi qudrati, iqtisodiy, siyosiy, harbiy imkoniyatlari, Turkiyaning taraqqiy etib borayotgani va buning boshida rahnamo bo‘lib Erdo‘g‘an turganini aytishdan charchamadi. Ilhom Aliyev uni dunyoda so‘zi o‘tadigan Prezident dedi. Gurbanguli Berdimuhamedov esa Erdo‘g‘an nafaqat o‘z xalqi, balki butun musulmon olami tinchligini o‘ylaydigan lider ekanini aytib, uni Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatishni taklif qildi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston Prezidentlari ham maqtovlar bobida boshqalardan qolishmadi. O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev esa butun turk xalqaini saylovda Erdo‘g‘anga ovoz berishga chaqirdi.
Sammitda qator mesejlar berildi. Xo‘sh, bular nima?
Necha yillar tashkilotga kuzatuvchi bo‘lib kirishni ham qabul etmay kelgan va 2021 yilda bazo‘r kuzatuvchi maqomini olgan Turkmaniston tez orada tashkilotga a’zo bo‘lmoqchi.
Tashkilotning o‘ninchi sammiti esa kelgusi yili Qozog‘istonning Turkiston shahrida o‘tkaziladi va raislik Ostonaga o‘tadi.
Turkiyadan boshqa hech bir davlat tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan oldirishga bog‘liq harakatlar kuchayishi mumkin. Har holda Erdo‘g‘an shunga ishora qildi. Qiziq, avvaliga SHKTRning hatto tashkilotga kirganini ham rad etgan yoki umuman sukut saqlab, betaraf qolgan mamlakatlar, xususan O‘zbekiston uni tan olarmikin? Har holda u Turkiyadan boshqa davlat tomonidan tan olinmagan bo‘lsada, uning rahbari Ersin Tatar barcha Prezidentlar o‘tirgan stoldan joy oldi.
Shuningdek, sammitda Turkiy Davlatlar Tashkiloti ishtirokchilari Yevropaning bir qator davlatlarida Qur’onni tahqirlash bilan bog‘liq xatti-harakatlarni qat’iy qoraladi.
“Ishtirokchilar muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimga qarshi so‘nggi paytlarda barcha musulmonlarni ranjitib, yangi irqchilik, ksenofobiya va islomofobik provokatsiya va hujumlar uchun zamin yaratishi mumkin bo‘lgan nafrat jinoyatlarni keskin qoraladi”, deyiladi sammit yakuni bo‘yicha bayonotda.
Turkiyaga yopirilgan sel 18 kishini olib ketdi
Turkiyadan uzoqlashmaymiz, chunki mamlakat bo‘ylab tabiiy ofatlar – zilzila va suv toshqinlari davom etmoqda. Xususan, Turkiy davlat tashkiloti Prezidentlari Anqarada bo‘lib turgan vaqtda ham mamlakatning turli burchaklarida kuchli zilzilalar qayd etildi. Hatto, 16 mart kuni sammit o‘tayotgan vaqtda Bolu viloyatida sodir bo‘lgan zilzila poytaxt Anqara va Istanbulda ham sezilgan. Ayni vaqtda 6 fevralda sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari 49 mingdan oshdi.
Zilzila kamlik qilgandek joriy hafta mamlakatning Shonliu urfa va Adiyaman viloyatlariga sel yopirildi. Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobillarni suv oqizib ketayotgani tasvirlangan viyedolarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Unda bugungacha 18 kishi halok bo‘ldi.
O‘zbekiston Rossiya bilan ulfatmi?
Yuqorida “The Economist” jurnali O‘zbekistonni Rossiyaning do‘stlari qatoriga kiritganini aytgandim. Gapning sirasi endi keldi.
Jurnal birdaniga 11 parametrni hisobga olgan holda Rossiya ittifoqchilari reytingini tuzdi. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, u yoki bu yo‘l bilan 30 ga yaqin davlatni Rossiyaga xayrixohlari va unga yordam beruvchilar ro‘yxatiga kiritish mumkin, ammo aniq liderlar soni 10 ta.
Ro‘yxatni Belarus boshlab berdi
“Hozirda ikkala davlat ham haqiqiy ittifoq davlati, mini-SSSR yaratish sari shiddat bilan bormoqda”, deb yozadi G‘arb ekspertlari Minskka Rossiya bilan mumkin bo‘lgan 11 ittifoq nuqtasidan 11 ballni berib.
Nashr Armanistonni Moskva ittifoqchilari orasida ikkinchi o‘ringa qo‘ydi (9 ball). Uchinchi o‘rinda – Qirg‘iziston (8 ochko). To‘rtinchi, beshinchi va oltinchi o‘rinlar Eron, Tojikiston, Qozog‘iston (6 ball)ga tegishli. Yettinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi o‘rinlarni Suriya, Xitoy va Venesuyela (har biri 5 ochkodan) bo‘lishib turibdi. Rossiya ittifoqchilari reytingida Nikaragua, Hindiston va O‘zbekiston 4 ochkoga ega va ro‘yxatni O‘zbekiston yakunlab bergan.
Direktor va o‘qituvchilarning boshqa ishi qolmadimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan maktablardan birida direktor va uning o‘rinbosarlari "Za dengi da" qo‘shig‘iga qalbaki dollar sochib o‘ynagan videosi tarqaldi. Ularga nisbatan ogohlantirish berildi. Bu haqda tuman hokimligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yuqoridagi holat yuzasidan Yakkasaroy tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan hududdagi 91-maktab direktori va uning o‘rinbosarlari bilan suhbat o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, mazkur video 8 mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan hazil trazida olingan va maktab o‘quvchilari tomonidan bayram munosabati bilan ustozlarga namoyish qilingan.Maktab direktori va o‘rinbosarlariga holat bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilib, bu kabi holatlar boshqa qaytarilmasligi bo‘yicha jiddiy ogohlantirish berib o‘tilgan.
Bundan bir necha hafta avval Chilonzor tumanidagi 181-maktab o‘quvchilari bo‘lgan 4 nafar qiz xuddi shunday video olganida bu holat ma’naviyatimiz, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, azaliy an’analarimizga to‘g‘ri kelmasligi aytilib, bu video Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan favqulodda holat deb baholanib, qizlarning ota-onalari bilan yig‘ilish o‘tkazilib, sho‘rlik tarbiya bergan onalardan uzr so‘rattirilgandi. Qiziq, maktab direktori va o‘qituvchilarining ham ota-onasi chaqirtirilib, sazoyi qilinganmikin yoki ma’naviyat faqat o‘quvchilarga kelgandagina ishlaydimi?
LiveBarchasi