Qamaladigan Putin, MTRKga 20 yilda kirgan yangi qon, Karimovsiz 8 yil - Hafta tahlili

Tahlil

Eshitdingizmi? O‘zbekistonda kambag‘allar, yanada aniqroq aytsam, kambag‘allik darajasi o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha naq 11 foizga kamayibdi. “Bekorlarni beshtasini aytibsan”, deb darrov bizni qarg‘amang, iltimos. Bu faktni biz emas, o‘sha nomi ulug‘ Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik deb atalmish vazirlik aytib chiqdi. Statistika agentligi 16 mingta uy xo‘jaligida kuzatuv o‘tkazganmish. Natijada esa mamlakatda kambag‘allik darajasi 11 foizga kamaygani aniqlanibdi. Lekin agentlik bu kuzatuvni qachon, qanday o‘tkazgani, odamlarning uyiga kamera, qozoniga “schetchik” o‘rnatib o‘rganganmi, bunisi bizga qorong‘i. Men faqat aytilgan gapni yetkazib qo‘yyapmiz, xolos. QALAMPIR.UZ’ning ikki haftalik tanaffusdan keyingi kutilgan Hafta voqealari tahlili yana e’tiboringiz markazida. Biz boshladik. 

Uch sobiq prezident jinoiy javobgarlikka tortilgan

Shu desangiz, Xitoyga ketgandim. Lof bo‘lmasinu lekin hech qachon safarga chiqib, O‘zbekistonga qaytishni bunchalik kutmagandim. Mamlakatda na Telegram, na Whatsapp, na YouTube, na Instagram, na Facebook ishlarkan. Odamlarning erkin axborot olish vositalari butkul cheklab tashlangan. Xitoyning o‘ziniki bo‘lgan Wechat esa juda qattiq nazorat ostida. Jamiyatda turli fikrlilik, jamoatlik muhokamasi, ommaviy ijtimoiy tarmoqlarda Hukumat faoliyati haqida muloqot qilishga og‘ir cheklovlar mavjud. Odamlar siyosat haqida umuman gaplashmaydi. Hatto, O‘zbekistonda o‘qigan xitoylik yigitdan Toshkentdagi xotiralari haqida juda oddiy intervyu berishini so‘raganimda, berolmasligini, buning uchun hozirgi ish joyidan ruxsat so‘rashi kerakligini aytib, meni hayratda qoldirdi. Birni ko‘rib shukr qil, mingni ko‘rib fikr qil, deganlaridek yoqamni ushlagancha O‘zbekistonga qaytdim. Men bu gaplarni ko‘rganlarim, kuzatganlarim sifatida aytyapman. Yana bu ba’zi amaldorlarimizga moydek yoqib tushib, “mana, Xitoydek davlatda ijtimoiy tarmoqlar cheklangan, biz ham cheklaylik”, deb gapirganimga pushaymon qilmasin-a?! Demadi demang! 

Keling, gapni ochiqlik va oshkoralik haqida boshlarkanman, avvallari Markaziy Osiyoda “Demokratiya oroli” sifatida e’tirof etilgan, bugun xalqaro maydonda mamlakatdagi so‘z va matbuot erkinligi xavf ostida deb ko‘rilayotgan Qirg‘izistonga to‘xtalib o‘tsam. Boisi mamlakatda haqiqatan ham so‘z va matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat havas qilgudek emas. Ko‘plab jurnalistlar hibsga olindi, jinoiy javobgarlikka tortildi, “24.kg” kabi erkin axborot resurslari faoliyatiga nisbatan ta’qiblar mavjud. Ularning mol-mulki hibslangan. 

Tugayotgan haftada esa Qirg‘izistonda mamlakatning sobiq prezidentlari Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev va Almazbek Atamboyevga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. So‘z erkinligining ular bilan nima aloqasi bor, dersiz. Ammo aynan ularning hech biri davrida mamlakatda so‘z erkinligi bugungidek cheklanmagan. 

Aslida yuqorida nomini sanaganimiz uchovlonga nisbatan bir necha bor jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, hatto, Atamboyev o‘z vorisi Jeenbekov davrida qamoqqa tashlanib, Japarov davrida qo‘yib yuborildi ham. 2023 yilning fevralida, bundan bir yil avval amaldagi davlat rahbari Sadir Japarov Dubayga barcha sobiq prezidentlarni to‘plab, ularni o‘zi atrofida birlashishga chaqirdi va ularga qo‘yilgan ayblovlar olib tashlanishiga va’da bergandi. Yo‘q, tomonlar o‘zaro kelisholmadi chog‘i Qirg‘iziston Bosh prokurori Qurmankul Zulushev shu haftada mamlakatning 3 nafar sobiq prezidentiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ikkinchi prezident Qurmanbek Bakiyevga nisbatan bir nechta jinoiy ish ochilgani to‘g‘risidagi sud qarorlari mavjud.

Qumtor ishi bo‘yicha esa Asqar Akayevga nisbatan jinoiy qo‘zg‘atilgan. Qumtor oltin koni davlatga qaytarilgach, sobiq prezidentning aybi isbotlanmagani uchun ish to‘xtatilgan.

Bosh prokuror mamlakatning to‘rtinchi prezidenti Almazbek Atamboyevga nisbatan sudlar tomonidan 9 ta jinoiy ish ko‘rilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Bir yil avval sog‘lig‘i yomonligi va davolanish sababi bilan qamoqdan ozod qilingan Almazbek Atamboyev hozir miltiqni o‘qidek, o‘sha payt ham juda yomon ahvolda emasdi. Lekin turli vajlar bilan ozod qilindiyu sumkasini ko‘targancha Italiyaga chopdi. Shu-shu qaytgani yo‘q. Bosh prokurorning aytishicha, u qaytsa, sud davom etarmish. Rosa qaytadiyu a?! 

Ha aytgancha, gap kelganda aytib olay. Qirg‘izistonning hozirgi Prezidenti Sadir Japarov 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida ham ishtirok etarmish. 

Nazarboyevning yana bir haykali qo‘porib tashlandi

Qozog‘istonda ham birinchi prezident bilan bog‘liq vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Nursulton Nazarboyev nomini o‘lmay turib o‘chirish kampaniyasi jadal davom etmoqda. U o‘zi hayotlik va rahbarlik chog‘larida o‘ziga haykal o‘rnatgan sanoqli prezidentlardan biri. Ammo haykallari ham odamlar tomonidan qo‘porildi, ham davlat ularni birin-ketin tozalayapti. Tugayotgan haftada Nazarboyevning oltinmonand haykali Qozog‘iston Milliy muzeyi atriumidan olib tashlandi.

Muzey bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu eksponat muzey mulki hisoblanadi va zal konsepsiyasidagi o‘zgarishlar tufayli kolleksiyada saqlanadi. Lekin qaysi kolleksiyada, qanday saqlanadi, bunga aniqlik kiritilmagan. Balki Leninning haykali singari oyoqosti qilinar. 

Qayd etilishicha, muzeyning 10 yilligini nishonlash arafasida Madaniyat vaziri topshirig‘iga bilan mahalliy va xorijlik mutaxassislarni jalb etgan holda, muzeyni obodonlashtirish ishlari boshlangan.

Muzeyga ekskursiyalar aynan Nursulton Nazarboyev haykali olib tashlangan qismdan boshlanadi. Bizningcha, Qozog‘istonning hozirgi rahbariyati Qozog‘iston milliy muzeyi, uning tarixi Nazarboyev shaxsi bilan bog‘lanishini u qadar xushlayotgani yo‘q, garchi Nazarboyev o‘z kitobida hozirgi rahbariyatni alqab, maqtab yozsa ham.

Islom Karimov sakkinchi yil xotirlandi

O‘zbekistonda Birinchi Prezident Islom Karimovning tavalludi uning o‘zisiz sakkinchi yil o‘ta sipolik bilan nishonladi. Agar Islom Karimov hayot bo‘lganida 86 yoshni qarshilagan bo‘lar edi. Albatta, Islom Karimov hayotlik chog‘ida Nazarboyev kabi o‘z haykalini o‘rnatgani yo‘q. Uning o‘limidan keyin haykali o‘rnatilgan maskan, Oqsaroy majmuasi esa Karimov xotirlanadigan sanoqli joylardan biriga aylangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni erta tongda an’anaga ko‘ra Oqsaroy majmuasiga borib, Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

Tadbirda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari ishtirok etdi. Karimovlar oilasidan esa odatga ko‘ra Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova ko‘rinish berdi. 

“Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi. Birinchi Prezidentimizning O‘zbekiston manfaati yo‘lida qilgan ishlari, insoniy fazilatlari yodga olindi”, deb xabar berdi Prezident Matbuot xizmati.

Islom Karimovning kenja qizi Lola Tillyayeva-Karimova esa otasining tavallud kunini yana AQSHda o‘tkazdi. U bu safar Islom Karimovning yoshligidagi surati tushirilgan ko‘ylakda namoyon bo‘lib, otasi bilan o‘tgan yillarni xotirladi. Uning aytishicha, ko‘plab odamlar Islom Karimovni yaxshi xotiralar bilan eslaydi. Xo‘sh, uning aytganlarida jon bormi? Siz Islom Karimovni, uning rahbarligidagi O‘zbekistonni qanday eslaysiz? 

Ortiqxo‘jayev 7 ta biznesini sotgan, lekin kimga?

Toshkent shahri hokimligidan ketganiga naq bir yil bo‘lgan Jahongir Ortiqxo‘jayevning hozir nima bilan bandligi ko‘pchilikni qiziqtirayotgani aniq. To hokimlikka tayinlanguncha yirik tadbirlar, telekanallarda umuman ko‘rinish bermagan, ko‘chada ko‘rsangiz, hatto, tanimasligingiz tayin bo‘lgan Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, odamlar orasida irod qilishni sog‘ingan chog‘i bir yil deganda yana ko‘rinish berdi. Bu safar u motivator-tadbirkor obrazida. Sobiq hokimbuva Surxondaryoga borib, tadbirkorlar bilan uchrashib, o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi va aytganlari yana trendga chiqdi. 

O‘nlab oshig‘i olchi bo‘lgan bizneslarning boshida turgan 49 yashar Ortiqxo‘jayev o‘tgan davr mobaynida o‘ziga tegishli bo‘lgan 7 ta yirik biznesni sotgan. Bular orasida Magic City parki, Crafers qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi va Media Park do‘konlari mavjud. Ortiqxo‘jayev haqiqatan ham bu bizneslarni boshqalarga sotganmi yo u cho‘ntagidan bunisiga o‘tkazganmi, bunisi bizga hozircha ma’lum emas. Ammo sobiq hokimbuva nimadirini sotgani haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. Bundan ikki yil avval, aynan 2022 yilning fevral oyida Ortiqxo‘jayev matbuot anjumanida hokim bo‘lgunigacha 35 ta mashinasi bo‘lgani, ularni sotib, oltita mashina bilan qolganini aytgandi. Shuningdek, u hokimlik davrida doimiy ravishda o‘ziga oid bizneslarni rad etib, ularni boshqalarga topshirganini iddao qilib keldi. Hokimlikdan ketdiyu va yana ko‘rib turganingizdek bizneslari boshida. 

Boshqa tomondan Ortiqxo‘jayevning 7 ta biznesini sotgani haqidagi gaplari ham turli savollarni keltirib chiqardi. Bu bizneslar o‘zi to‘la-to‘kis Ortiqxo‘jayevga tegishlimidi? Ularda davlat ishtiroki yo‘qmidi? Bu loyihalar uchun kreditlar berilmaganmidi? Bordiyu kreditlar olingan bo‘lsa, ayniqsa, davlat kafolati bilan kreditlar, ularni kim to‘laydi? Bu savollar hozircha ochiq va jurnalistlarimiz o‘rganishlarni davom ettiryapti. 

Alisher Xo‘jayev yana MTRKdan ketdi

2005 yildan buyon o‘rtada kichik uzilish bilan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasini boshqarib kelayotgan Alisher Xo‘jayev tugayotgan haftada lavozimi bilan xayrlashdi. Ammo uning yana shu lavozimga qaytib qolish ehtimoli yo‘q, deb to‘la ishonch bilan ayta olmaymiz. Chunki u 2017 yilning iyunida ham lavozimidan chetlashtirilgan edi. Ikki oy oralig‘ida MTRKni Xurshid Mirzohidov va Boriy Alixonov boshqardi. Ikki oy o‘tar-o‘tmas Alisher Xo‘jayev yana o‘z kursisiga qaytib keldi va qariyb 7 yildan beri bu lavozimda “qimir etmay” o‘tirgandi. 

Uning davrida ko‘plab yangi telekanallar, jumladan “O‘zbekiston 24” ish boshladi. Ammo “Dunyo bo‘ylab” telekanali to‘liq ruslashtirildi, telekanallarda, ayniqsa, “O‘zbekiston 24”da tanqidiy ko‘rsatuv va lavhalar cheklandi. Mamlakatda sodir bo‘lgan ko‘plab favqulodda voqealar ham xuddi hech narsa sodir bo‘lmagandek, yoritilmadi. 

Alisher Xo‘jayev Bosh vazir Abdulla Aripovga yaqinligi aytilar edi. Shu haftaning o‘zida MTRK raisi lavozimiga tayinlangan Abdurashid Jo‘raboyev ham Bosh vazirga begona emas. U 2023 yilning fevralidan Bosh vazir kotibiyati rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi. 

Abdurashid Jo‘raboyevdan bo‘sh qolgan o‘rinni kim egallashi rasman aniq emas. Lekin uzunquloq gaplarga qaraganda, 2018 yildan 2022 yilgacha Prezident Administratsiyasini boshqargan Zaynilobiddin Nizomiddinov Vazirlar Mahkamasida, aynan Jo‘raboyev bo‘shatgan o‘rinda ish boshlashi mumkin. 

Shuningdek, tugayotgan haftada va nihoyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga bosh tayinlandi. Bu safar vazir kursisini egallagan shaxs ta’limga begona emas, ta’bir joiz bo‘lsa ta’limni yaxshi tushunadigan kadr sifatida nom chiqargan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori lavozimida ishlab kelayotgan Qo‘ng‘irotboy Sharipov endi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligini boshqaradi. Vazirlik unga begona emas, u avval ham ushbu vazirlikda o‘rinbosar o‘laroq faoliyat yuritgan. 

DXX raisi “Tolibon” vakili bilan uchrashdi

Dunyo, jumladan O‘zbekiston hozircha Afg‘onistondagi yangi Hukumatni tan olgani yo‘q. Ammo rasmiylarning bordi-keldilari yuqori darajalarda davom etmoqda. Bu hafta O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Yoqub bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston tomoni rasmiy ma’lumot bergani yo‘q. 

Afg‘on matbuotiga ko‘ra, muzokaralarda chegara, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy va tranzit hamkorlikni rivojlantirish hamda boshqa masalalar muhokama qilingan.  

Manbaga ko‘ra, Muhammad Yoqub ushbu uchrashuvda “Tolibon” taraqqiyot loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.

“Tolibon” bilan muloqot qilayotgan bir O‘zbekiston emas. Afg‘onistonda yillar davomida “Tolibon”ga qarshi kurashgan AQSH ham ayni vaqtda “Tolibon” nazoratidagi Afg‘onistonda konsulligini qayta ochish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Davlat departamentining yangi e’lon qilingan strategiya hujjatida so‘z borgan. 

Qayd etilishicha, ushbu harakat AQSH tomonidan yakkalangan “Tolibon” rejimi bilan cheklangan hamkorlikdagi potensial o‘zgarishlardan dalolat beradi.

“Biz amerikaliklar uchun konsullikka kirish, shaffoflik va mas’uliyatni himoya qilamiz, shuningdek, Prezidentning garovga olinganlar bo‘yicha maxsus elchisining nohaq hibsga olingan amerikaliklarni ozod qilish bo‘yicha ishini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deyiladi hujjatda.

Aytish joizki, 2021 yil avgustida Afg‘oniston hukumati qulashi bilan AQSH Qobuldagi elchixonasini yopib qo‘ydi. O‘shandan beri AQSH va “Tolibon” o‘zaro aloqalari Afg‘onistondan tashqarida, asosan AQSHning Afg‘onistondagi muvaqqat ishlar vakili bo‘lgan Dohada (Qatarda) vaqti-vaqti bilan uchrashuvlar bilan cheklangan.

"Qo‘shma Shtatlar “Tolibon”ni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olmasa ham, maqsadlarimizni olg‘a siljitadigan hamda “Tolibon”ning bizning oldimizdagi majburiyatlarini bajarishga tayyorligi va qobiliyati tushunishimizni yanada mustahkamlaydigan funksional munosabatlarni o‘rnatishimiz kerak”, deyiladi strategiya hujjatida.

AQSH rasmiylari “Tolibon” bilan har qanday normalizatsiya, jumladan, ularning rahbarlariga nisbatan o‘nlab yillar davom etgan sanksiyalarni tugatish “Tolibon”ning repressiv siyosatini bekor qilish va inklyuziv afg‘on hukumatini shakllantirishga bog‘liqligini qayta-qayta ta’kidlagan.

Sobiq bosh vazir 24 yilga, xotini 14 yilga qamaldi

Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xon ikkita sud hukmi bilan 10 va 14, jami 24 yilga qamaldi. Uning rafiqasi Bushra Bibi esa 14 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 

Sud 30 yanvar kuni sobiq bosh vazirni davlat sirlarini oshkor qilishda ayblab, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Ayblov xulosasiga ko‘ra, Xon Pokistonning Vashingtondagi elchisi hukumatga yuborgan maxfiy telegramma mazmunini oshkor qilgan.

Shuningdek, sud shu haftaning o‘zida Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibini korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. 

Sobiq bosh vazirga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Toshaxona davlat g‘aznasida saqlanayotgan qimmatbaho buyumlarni sotish bilan bog‘liq. Sud hukmi bilan Xon va kelinoyi o‘n yilga davlat lavozimlarida ishlash taqiqlandi va har biri 787 million rupiy (9,4 million dollar) miqdorida jarimaga tortildi.

Lekin jamoatchilik yana Imron Xon ozodlikka chiqadi, degan fikrda. 2022 yilda bosh vazirlik lavozimidan chetlatilgan Xon, 2023 yilning avgustida korrupsiyada ayblanib, uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, ozod qilindi. 

Yangi hukm esa Pokistondagi umumiy saylovlarga bir hafta qolganida e’lon qilindi. Bu esa sobiq bosh vazirning saylovda ishtirok eta olmasligini bildiradi.

Imron Xon o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etmoqda va ularni siyosiy hiyla deb hisoblayapti.

Prezident 4 kishiga “hayfsan” berdi 

Tugayotgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev Transport vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov va “Toshshahartransxizmat” AJ raisi Anvar Jo‘rayevga “hayfsan” berdi va oxirgi marta ogohlantirdi. 

Davlat rahbari uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida mazkur tizimda 3 ta vazirlik va idora, 3 ta inspeksiya, 5 ta kompaniya, hududlarda qurilish, uy-joy va kommunal xo‘jaligi sohalariga mas’ul hokim o‘rinbosarlari borligi, poytaxt va Toshkent viloyati hokimlariga qurilish va kommunal sohaga alohida o‘rinbosar berilganiga qaramay, bu kompleks xalq eng ko‘p norozi bo‘lib murojaat qiladigan sohalardan biri ekanini aytdi. 

Davlat rahbari qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilib, qurilish normalarini yangilash, ichimlik suvi tannarxi va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, mahalliy aviareyslarni ko‘paytirish, Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni birma-bir sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanini bildirdi.

Shu bois yuqorida nomlari sanalganlar ham “hayfsan”, ham oxirgi ogohlantirishini oldi. Menimcha, ular ishdan ketgan taqdirda ham ko‘chada qolmaydi. 

Istanbuldagi cherkovda otishma

Ikki nafar qurollangan shaxs Istanbuldagi Avliyo Mariya cherkoviga kelgan ibodatchilarga hujum qilishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Turkiya rasmiylari otishma Rossiya va Tojikistonning ISHID guruhiga aloqador fuqarolari tomonidan uyushtirilganini ma’lum qildi. 

Qurollangan shaxslar cherkovga endigina kirib kelgan qora kiyimli kishiga qarata o‘q uzib, jarohatlagandan so‘ng xotirjam ortiga qaytgani kameralarda qayd etilgan.

Ular qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, Polsha davlat raqamlari bo‘lgan mashinada kelgan. U bir yil davomida Istanbuldagi umumiy yo‘llarda ko‘rinmagan. Gumonlanuvchilar otishmani sodir etgach, qurollaridan qutulib, soqollarini oldirish orqali tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishga uringan. O‘qlar Rossiya fuqarosi tomonidan otilgan. Tojikiston fuqarosining quroli ishlamay qolgan.

Shu kunlarda Turkiyaga kelgan AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Viktoriya Nuland “CNN Türk” telekanaliga intervyu berib, Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z qo‘shinlarini Suriyadan olib chiqmasligini bildirdi. 

“Qo‘shma Shtatlar Suriyadan qo‘shinlarini olib chiqmayapti. Kecha Istanbuldagi cherkovda sodir etilgan fojiali voqealar shuni ko‘rsatdiki, ISHID hali ham ko‘p joylarda faol. Biz Turkiya bilan terrorizmga qarshi kurash borasida o‘nlab yillar davomida hamkorlik qilamiz", deydi u.

Rita xola qo‘lga tushdi

Turkiyadan uzoqlashmaymiz. Tugayotgan haftada firibgarlik ayblovi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan va Turkiyada qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarosi Rita xola Xalilova Toshkentga deportatsiya qilindi. 

1957 yilda tug‘ilgan Rita xola ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda ayblanib, 2016 yildan buyon O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan. U O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida 13 yanvar kuni Istanbul shahrida qo‘lga olingan.

Rita Xalilova 28 yanvar kuni Bosh konsulxona diplomatlari ishtirokida Istanbul xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Shuningdek, ikki mamlakat Ichki ishlar vazirliklari tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda ayblanib, 2022 yildan buyon O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan Faxriddin Shakarboyev hamda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblanib, 2018 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Humoyunbek Mardonov Istanbulda qo‘lga olingan.

30 yanvar kuni ushbu fuqarolar bosh konsulxona diplomatlari ishtirokida Istanbul aeroportidan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.

Mazkur shaxslarning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilishi so‘ralgan.

Yana shuni ham aytib o‘tish o‘rinliki, o‘tgan yilning 28 dekabr kuni Istanbulda qo‘lga olinib, deportatsiya markaziga joylashtirilgan o‘zbekistonlik diniy olim va bloger Mubashshir Ahmadning hozirgi ahvoli ham mavhumligicha qolmoqda. 9 yanvar kuni O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulxonasi Mubashshir Ahmadga nisbatan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilayotganini bildirgan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tsa ham na konsullikdan va na boshqa idoralardan Mubashshir Ahmad haqida ma’lumot bor. Unga qanday ayblov qo‘yilgani ham ma’lum emas. 

Putinning qancha puli borligi aytildi

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi joriy yil bo‘lib o‘tadigan saylovda prezidentlikka nomzod va amaldagi davlat rahbari Vladimir Putinning mol-mulki va daromadlari haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Putinning olti yil davomidagi jami daromadi 67 million 591 ming 875 rublni, taqriban 750 ming AQSH dollarini tashkil qilgan. Shuningdek, uning Moskva (153,7 kvadrat metr) va Sankt-Peterburgda (77 kvadrat metr) kvartirasi, garaji (18 kvadrat metr) va uchta avtomobili bor.

Qolaversa, Vladimir Putin jami 54 416 604,52 rubl taxminan 604 000 AQSH dollari bo‘lgan 10 ta bank hisob raqamiga va Sankt-Peterburg bankining 230 ta aksiyasiga egalik qiladi.

Ha bu orada yana bir narsani aytib ketay. Janob Putin bunday bun Armanistonga borgudek bo‘lsa, hibsga olinadi. Chunki 1 fevral kuni Armaniston Xalqaro jinoiy sudga rasman qo‘shildi. 

O‘tgan yilning 14 noyabrida Armaniston Rim statutining ratifikatsiya hujjatini rasman topshirgan va uning 2024 yil 1 fevraldan kuchga kirishini kutayotgan edi. Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan sudga yo‘llagan maktubida Armaniston Respublikasi sud bilan to‘liq va kechiktirmasdan hamkorlik qilishga va’da berishini aytgan. 

Rim statutiga binoan, Xalqaro jinoiy sud tomonidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga nisbatan hibsga olish orderiga ko‘ra, endi u Armanistonga kelsa, hibsga olinishi kerak.

Hammasiga AI-80 aybdor bo‘lib chiqdi

Toshkent shahri havosidagi ifloslanishning asosiy sababi pala-partishqurilishlar yoki daraxtlar kesilishi emas. Aksincha, havodagi PM 2,5 zarralarining 60-65 foizi AI-80 markali benzinda yuradigan mashinalardan chiqadigan zarrachalar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

“Bundan tashqari, oxirgi yillarda yerlar degradatsiya bo‘lishi oqibatida Qozog‘iston va o‘zimizning cho‘llangan hududlardan mayda zarrachalar ko‘tarilib, Toshkent shahrida PM2,5 zarrachalarining ko‘payishiga olib keladi. Bu taxminan 15-20 foiziga to‘g‘ri keladi”, deydi Abduhakimov.

Vazirning aytishicha, PM2,5 ning qolgan 20 foizi ko‘mir va mazut yoqish ko‘paygani va sanoat korxonalari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, vazir Toshkent atmosfera bo‘yicha qizil toifadagi shaharlar sirasiga kirayotganining omillaridan biri shaharning bosh rejasi tasdiqlanmagani ekanini aytdi. 

 “Shaharsozlik bosh rejasi tasdiqlanmasdan qurilish bo‘lyapti. Yashil zona qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda qurilish amalga oshirilmasligi kerak, lekin bosh reja bo‘lmagani bois biz bilolmayapmiz. Masalan, so‘ngi 5 yilda Toshkentda 5400 ta ob’ekt barpo etilgan”, deydi Abduhakimov.

O‘lganning ustiga tepgandek, vazir havo ifloslanishi haqida kuyib-pishib gapirgan shu haftada Toshkent issiqlik elektr stansiyasida mazutdan foydalanilayotganligi aniqlandi.

Gap shundaki, joriy yilning 23-31 yanvar kunlari Ekologiya vazirligi tomonidan Toshkent viloyati, Qibray tumani, Salar shaharchasida joylashgan Toshkent issiqlik elektr stansiyasi faoliyati tekshirilgan. Unda korxonada gaz asosiy yoqilg‘i hisoblangani, shuningdek, qo‘shimcha yoqilg‘i sifatda mazutdan foydalanilayotganligi aniqlangan. Shu sababli Toshkent shahri havosini tutun qoplagan. 

Tekshiruv natijalariga ko‘ra issiqlik elektr stansiyasiga atrof-muhitni ifloslantirgani uchun 1 mlrd 23 mln so‘m miqdorida kompensatsiya belgilangan. 

Ichki ishlar xodimining sharmandali videosi tarqaldi

O‘zbekistonda Ichki ishlar organlari xodimlarini tasvirga olib, ularni obro‘sizlantirish uchun tarqatish haqidagi qonun Oliy Majlis va Senatda xaspo‘shlanib, javmoatchilikning e’tirozlari e’tiborga olinmay, qabul qilinay-qilinay deb turgan bir paytda shu haftaning o‘zida xodimlarning xurmacha qiliqlari aks etgan ikki video tarqaldi. 

Ulardan birida xodim voyaga yetmagan bolani mashinaga majburan tiqib, olib ketgani aks etgan. 1 fevral kuni tasvirdagi bolaning onasi mazkur holat bo‘yicha Bolalar ombudsmaniga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, 2023 yil 22 dekabr kuni Chilonzor tumani Chilonzor-3 mavzesida ikki nafar ichki ishlar xodimi 2011 yilda tug‘ilgan bolada pirotexnika vositalari borligini aniqlab, bolani xizmat mashinasiga kuch ishlatib, majburan o‘tqazishga uringan. Shu bilan birga, xodimlar unga nisbatan qo‘pol va nomaqbul munosabatda bo‘lgan. Buning oqibatida esa bola bosh sohasidan lat yegan va qattiq emotsional qo‘rquv holatiga tushgan.

Ichki ishlar xodimlariga nisbatan mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, ularning harakatlarida voyaga yetmagan bolaga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish hamda Ichki ishlar organlari xodimlarining “Kasb madaniyati va xizmat intizomi to‘g‘risida”gi kodeksini buzish holatlari yuzasidan "hayfsan" intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Hozirda Bolalar ombudsmani so‘roviga ko‘ra Toshkent shahar prokuraturasi mazkur holatga huquqiy baho berish masalasini o‘rganmoqda.

Joriy haftada tarqalgan ikkinchi videoda esa ichki ishlar formasida spirtli ichimlik iste’mol qilgan xodim mast holda ust-boshi loy bo‘lib, oyoqda zo‘rg‘a turganini ko‘rish mumkin. 

Videodagi “qahramon” Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilgan, 2023 yilning 20 noyabrida ishga qabul qilingan katta serjant bo‘lib chiqqan. U Ichki ishlar organlari xodimi sha’niga putur yetkazuvchi harakatlari uchun Qo‘shrabot tumani Ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori lavozimidan bo‘shatilgan. Ayni paytda ushbu holatning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ygan rahbar xodimlarga nisbatan ham xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Aslida Ichki ishlardagilar va Oliy Majlisdagi xaspo‘shlayotgan qonun qabul qilingudek bo‘lsa, yuqoridagi ikki videoni ham Ichki ishlar xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida tarqatilgan degan ayblov bilan yana odamlarning o‘zi aybdor qilinishi mumkin. Shunday ekan bu qonunni qabul qilish qanchalik to‘g‘ri? 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing