Qachongacha “qora piar” bilan kun ko‘radi? – Botir Ergashev Otajonovning litsenziyasi olinishi haqida

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, kecha, 14 oktyabr kuni taniqli xonanda Jahongir Otajonovga “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun berilgan AA-seriyali, 7422-son litsenziyaning amal qilishi tugatildi. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqarmoqda. Kimdir bu to‘g‘ri qaror bo‘lganini aytsa, boshqalar Otajonovga muxlislik qilishi uchun litsenziya shart emasligini yozmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, jamoatchilik orasidagi tortishuvlarda bu mavzu kun tartibida turibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov Otajonovni qo‘llab-quvvatlab, uni oilasi va farzandlari bilan yaxshi ko‘rib tinglashi, buning uchun litsenziya kerak emasligini yozib chiqqandi. 

Bahs munozaralarga turli soha vakillari ham aralashmoqda. Bular orasida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Botir Ergashev ham bor. U o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi shunday yozadi: 

“El-ulus tinimsiz yolg‘on gapiradigan insonni birdek “yolg‘onchi” deb ataydi. Shu jumladan, ko‘p gapiradiganlarni “mahmadona”, tinimsiz janjal qilaveradiganlarni esa “janjalkash” yoki “urushqoq” kabi bad nomlar bilan tilga oladi. Gapning po‘stkallasini aytganda har kim fe’l-atvoriga qarab qo‘shimcha “nomlanaveradi”. Azal-azaldan shunday bo‘lib kelgan. Agar shunga o‘xshash nomaqbul “nomlar” johil, zolim, xudbin kimsalarga nisbatan ishlatilsa, xo‘p-xo‘p, Xudo ko‘rsatmasin, agar ziyolilar, madaniyat xodimlariga qarata aytilsa, tamom. Chunki haqiqiy ziyoli, madaniyatli insonlar bunday isnodni hech qachon ko‘tara olmaydi, bunday kunlarni o‘ziga ep ko‘rmaydi va bu kabi holatlardan o‘zini asrab yuradi, deb o‘ylayman.
Kuni kecha, 14 oktyabr kuni xonanda Jahongir Otajonovning litsenziyasi bekor qilingani to‘g‘risidagi xabarni o‘qib qoldim. To‘g‘risi, bundan ajablanmadim. Sababi ko‘pchilikka ma’lum. Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar ikkiga bo‘linib, o‘zlarining yaxshi-yomon fikrlarini bildirishmoqda. Shu yurtda yashayotgan, san’at olamidan, aniqrog‘i “shou-biznes” olamidagi muhitdan ozmi-ko‘pmi xabardor inson sifatida men ham o‘z fikrlarimni aytgim keldi.

Jahongir Otajonov haqida gap ketganda o‘qigan, musiqiy ilmi yetarli, ijrosi ham joyida xonanda ko‘z o‘qingizga kelishi shubhasiz. Biroq masalaning boshqa bir jihati bor. El nazarida bo‘lish uchun, san’at va madaniyatni targ‘ib etish uchun o‘qiganlik, musiqiy savodxonlik kamlik qiladi nazarimda. Ijtimoiy tarmoqlar rivojlanib ketgan keyingi paytlarda Jahongir ijoddan ko‘ra qay yerdagi yo‘q g‘alvalarga ko‘p aralashib ketdi. Uni hamisha qaysidir hamkasbi bilan tinimsiz gap talashgani, yoshlarga nisbatan bepisand munosabatda bo‘lgani, din ulamosiga qarata adishasizlarcha videomurojaat yo‘llab, o‘zi to‘la-to‘kis bilmaydigan shar’iy masalalarda jizzakilik qilayotigani, to‘y hashamlarda san’atkorga xos bo‘lmagan harakatlar bilan yerga yotvolib, har xil qiliqlar qilib, madaniyatli insonlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni o‘sha e’tiroz bildirganlarga esa o‘ylab-netmay, hech qanday mulohaza qilib ko‘rmay, nimalarnidir isbot qilmoqchi bo‘lgan yoqimsiz holatlarini ko‘proq ko‘ryapmiz. Oxirgi marta u tomonidan mashina boshqarib ketayotgan holda, yo‘l harakati qoidasini buzib, telefon orqali “bitta mani letsenziyamni olingani cho stoit, ollaring, mazza qillaring, gazini bos” kabi san’atkordan ko‘ra bezorilarga xos bo‘lgan tilda yo‘llagan videomurojaati me’yordan oshib ketdi. Bilaman, uning yonini olayotganlar – ashaddiy muxlislari bo‘lishi mumkin, biroq bu voqelikka izoh yozayotganlar orasida nom-nishoni yo‘q, g‘arazli kimsalar ham borligiga guvoh bo‘lyapmiz. Ularning izohlaridan davlat muassalariga nisbatan xalqning ko‘nglida negativ fikr uyg‘otish, shu orqali yurti bir, millati, dini bir bo‘lgan insonlarni, ayniqsa yoshlarni bir-biriga “gij-gijlash”, madaniyat desa, butunlay jaholat botqog‘ini ko‘z o‘ngiga keltirib qo‘yishga qaratilgan fitna-fasodga o‘xshash harakatlar amalga oshiralayotganini ilg‘ash qiyin emas. Uning asil muxlislariga e’tirozim yo‘q. Ammo ijodkor odam, madaniyatli odam bunday bema’ni mojarolardan uzoqroq yurishi, yaxshi-yaxshi qo‘shiqlar yaratishi kerakligini muxlislari ham bilishi lozim.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarning birida Behzod Haqqiyev degan yosh bir xonandaning to‘yda xizmat qilayotgani aks etgan qisqacha video lavhasi tarqaldi. Unda o‘sha yosh xonanda pul qistirgani chiqqan muxlislariga, “men bu yerga sizlarning diydoringiz uchun keldim, pulimni keragicha to‘y sohiblaridan oldim, iltimos, menga pul qistirmanglar”, deb ularni o‘ta madaniyat bilan ortiga qaytardi. Ochig‘i, qoyil qoldim. Bunaqasini ko‘rmagandim. Bo‘lar ekan-ku san’atkor suyukli muxlislari qarshisida o‘zini shunday tutsa. Bo‘lar ekan-ku san’atkor moddiyatdan sal balandroq tursa. Qachongacha san’atkor degani besh-o‘nta shirakayfni o‘rtasida mazax bo‘lib qo‘shiq aytadi? Qachonga “qora piar” bilan kun ko‘radi?

Men ijodkor sifatida, ayniqsa, san’atni yaxshi tushunadigan inson sifati Jahongirning o‘zini bunday tutishlarini aslo oqlay olmayman. Uning bu kabi qilg‘iliqlari Ortiq Otajonovday buyuk inson boshchilik qilguvchi ulug‘ sulolaga zinhor yarashmaydigan ish. Uni men bilgan qarindosh-qondoshlari Ortiq Otajonov, Qo‘zijon Otajonov, Ulug‘bek Otajonov hattoki Ali Otajonov kabi madaniyat bilan, go‘zal husni xulq bilan ijod qilishini juda-juda istardim”.


Maqola muallifi

Teglar

Botir Ergashev

Baholaganlar

1134

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar