Qahratonda qaqshagan daraxtlar
Jamiyat
−
19 yanvar 2023
6066Anomal sovuq kirib kelishi bilan yog‘gan kuchli qor poytaxtda ko‘pgina daraxtlarning tomirini quritdi. Avtoyo‘lda, ko‘chalarda hamda mahallalarda vaqtida butalanmagan daraxt shoxlari qor og‘irlik qilib yerga quladi. Daraxtzorlar ham shoxlar bilan to‘ldi. Xullas, gullamay, so‘ngan kurtaklar bir tunda oyoq ostida qoldi.
QALAMPIR.UZ qor tufayli singan daraxtlar yuzasidan o‘rganish olib bordi.
Shayxontohur tumani, "Novza" mahallasi ilk manzilimiz bo‘ldi. Bu yerda o‘sayotgan 3 ta daraxtning katta shoxlari qor tufayli sinib tushgan.
Mahallaga kirganda, ko‘p yillik daraxtning ulkan shoxi qulaganiga ko‘zimiz tushdi. Aytishlaricha, shox anomal sovuq boshlangan haftaning ilk kunida singan. Haligacha uni Obodonlashtirish hodimlari olib ketmagan.
"Birdan qarsillash ovozini eshitib, cho‘chib tushdik. O‘sha kuni birinchi qor yog‘ayotgandi. Ertasi kuni chiqib qarasak daraxtning shoxi singan ekan. Yaxshiyam yarim tunda sinibdi, biror kimsani bosib qolganda nima bo‘lardi, Xudo bir saqladi", deydi mahalla fuqarolaridan biri.
"Novza" mahallasidan chiqib, Chilonzor tumaniga bordik. Yuqoridagi mahallaga yaqin bo‘lgan "Zulfiqor" ko‘chasidagi uchta archa yerdan o‘pirilgan. Ikkita qarag‘ay daraxtining shoxlari cingan.
Bora-bora, Ekologiya qo‘mitasining shikastlangan daraxtlar ro‘yxati kengaymoqda. Shayxontohur tumani Ekologiya boshqarmasi bosh mutaxassisi Tursunpo‘lat Egamov aniq raqamlarni ochiqladi.
“Qor yog‘ishi oqibatida, 902 ta daraxt shikastlangan. Shulardan 557 tasining shoxlari cingan, 345 tasi tag qismidan o‘pirilib tushgan”, deydi Tursunpo‘lat Egamov.
Ro‘yxatni qisqartirish imkoni bor, lekin buni keyingi qor yog‘ishidan avval amalga oshirish mumkin, xolos. Biroq ko‘rilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar oldindan ko‘rilganda, balki mas’ullar saqlab qolingan daraxtlar bilan maqtanayotgan bo‘lardi.
“Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tomonidan tumanlardagi obodonlashtirish bo‘limi rahbarlariga agrotexnik choralar ko‘rish bo‘yicha ogohlantirish berilgan. Chora-tadbirlar asosan daraxtlar tag qismiga o‘g‘it va maxsus vositalar tashlab chiqishdan iborat. Qor yog‘gan holatda daraxtlar qulab tushmasligi uchun ular qorlardan tozalab chiqiladi. Ekologiya boshqarmasi faqat shu holatnigina nazorat qiladi, shuningdek, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni shahar obodonlashtirish boshqarmasiga taqdim qiladi”, deydi Tursunpo‘lat Egamov.
Vazifani qaysidir tashkilotga yuklash bilan ko‘rilgan chora o‘zini oqlamayapti, chog‘i. Buni yuqoridagi qulagan daraxtlar yaqqol ko‘rsatyapti. Shunday ekan, hamjixatlikda qilingan amaliy harakat nobud bo‘lgan daraxtlar hayotini saqlab qolishi mumkin edi.
Akobir Misiraliyev
LiveBarchasi