Ijtimoiy tarmoqda yana yuraklarni ezadigan video tarqaldi. Soxta “massajist”ga chora ko‘riladimi? (video)

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Ijtimoiy tarmoqlarda shifokor libosidagi erkakning taxminan 2 yasharlar atrofidagi bolani stolga yotqizib, turli og‘ir harakatlar bilan uning qo‘l-oyog‘ini, qornini ezayotgani, badanini ko‘tarib, stolga urayotgani aks etgan video tarqaldi. Video ostidagi izohlarda mazkur holat Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinikada sodir bo‘lgani yozib qoldirildi. Biroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati buni rad etdi. 

Vazirlikka ko‘ra, videolavhadagi uqalash seansi Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinikada emas, balki ushbu muassasa binosining xususiy korxonaga tegishli bo‘lgan qismidagi xonalardan birida amalga oshirilgan. 

Massaj muolajasini bajargan shaxs B.Z. mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnoma va sertifikatga, qolaversa, fizioterapiya yo‘nalishida diplom va malaka toifasiga ega bo‘lmagan.

“Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqoridagi holatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, o‘z navbatida, B.Z.ning xatti-harakatlariga tibbiy baho berish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislarining xulosalari olingan.

Ayni paytda holat yuzasidan tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda va ularning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

“Bolalar ortopediyasi amaliyotida uqalash muolajalari keng qo‘llaniladi va buning qat’iy qoida hamda talablari mavjud. Mazkur jarayonda kasallik turi, bolaning yoshi va holati hisobga olinib, har bir bemorga individual yondashilishi zarur. Ammo eng muhim talablardan biri uqalash muolajasi chog‘ida kichik yoshli bemorda qo‘rquv bo‘lmasligi shart! Ammo videolavhada bola stress holatida ekanini ko‘rdik. Hatto, yonida yaqini o‘tirganiga qaramay, tinimsiz yig‘lab, bezovta bo‘lmoqda. Bu uning nafaqat jismoniy salomatligi, balki ruhiyatiga ham juda yomon ta’sir ko‘rsatadi. Qisqa qilib aytganda, tibbiyotda bunday uqalash muolajasiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deydi Bolalar ortopediyasi bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ahrorbek Jo‘rayev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

693

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing