“Enfild” dahshati “Barselona”ni tiz cho‘ktirdi

Tahlil

image

7 may oqshomida millionlab futbol ishqibozlarining nigohlari Yevropa chempionlar ligasi yarim final ilk javob bahsiga qaratildi. 

Bu juftlik “Liverpul” va “Barselona” qarama-qarshiligi bo‘lib, unda ko‘pchilik (hatta Mourino ham) hammasi hal etib bo‘lindi degan qarashda edi. Lekin dunyoning eng shovqinli stadionlaridan biri bo‘lgan “Enfild” o‘yin oxirida hammani shok holatiga tushirib qo‘ydi. O‘sha lahzalarda hatta stadiondagi “Liverpul” muxlislari ham nimalar sodir bo‘lganini tushunmagan bo‘lsa kerak.

Shunchaki, bu o‘yinda  Kloppning sinmas ruhiyati va irodasi o‘z shogirdlariga ham singib ketganiga guvoh bo‘ldik. Valverdi esa o‘tgan haftadayoq YeCHL kubogi cho‘ntakda deb o‘yladi shekilli, buning uchun qattiq jazolandi.

Bizningcha kecha murabbiylarning imkoniyatlari o‘yin taqdirini hal etdi. “Barselona”ning o‘yinni boy berishiga bosh murabbiy Ernisto Valverdining taktik qarashlari va oldingi o‘yin ntijasiga o‘ta ishonib yuborganligi sabab bo‘ldi. Negaki, kechagi o‘yinda “Kamp Nou”da raqibga umuman o‘yin bermagan “Barselona” to‘satdan yo‘qolib qoldi.

Xabaringiz bor, o‘tgan yili ham “Barselona” o‘z uyida ishonchli ravishda g‘alaba qozonib, xuddi shunday mag‘lubiyatga uchragan edi. Bu gal ham o‘sha senariy takrorlandi.

Ishoning men aslo “Liverpul” “Barselona”dan kuchsiz edi demoqchi emasman. Faqat katalonlar bunchalik sharmandali hisobda yutqazmasligi mumkin edi. Buning uchun o‘yin avvalidayoq, e’tiborni jamlagan holda aniq rejalar bilan ishlash kerak edi.

“Barselona”ning birinchi taymdagi o‘yiniga ko‘ra, jamoa Salohsiz va Firminosiz hech narsaga erisha olmaydi deya o‘ylagan. Ikkinchi taymda uchinchi golni o‘tkazib yuborgungacha bu xayol ularni tark etmadi. Qandaydir ikki daqiqa ichida Veynaldumning ikkita gol kiritishi esa, “ko‘k-anorranglilar”ni  gandiraklatib qo‘ydi. Bu dovdirashlar to‘rtinchi golga olib keldi. Aynan shu goldan keyin “Barselona”ning keyingi bosqichga chiqishga haqqi yo‘q edi. 

YeCHLning g‘olibligi bu kabi kulgili gollarni o‘tkazib yuboradigan jamoalarga nasib etmasligi kerak. Siz ham ko‘rdingiz “Barselona” har bir vaziyatni hisobga ola bilmadi. O‘yinning tizginini butkul “Liverpul”ga tashlab qo‘yib, ularning spektaklini tomosha qilishdi. Ular kutishmagandi bu dramaning oxiri tragediya bilan yakunlanishini. Ular hatto hayollariga ham keltira olmasdi o‘z suyukli qahramonlarining “o‘lib qolishi”ni. 

Ammo buni taqdir deydilar. Hamma dramalar sizning istagingizga moslab tuzilaversa buning ortiq qizig‘i bo‘lmasdi. Shu sababdan “Barselona”ga taqdir ushbu kunni qoraga bo‘yab, achchiq darslik qilib hadya etdi. Endiyam xotirjamlikka berilib ko‘rchi...

“Liverpul” muxlislari ushbu katta o‘yinda jamoasining g‘alaba qozonishiga ishonishgan, faqat, avvalgi o‘yin uchun xovurlarni tushirishlarini kutgandi xolos. Yirik hisobdagi alamli mag‘lubiyatni unutish uchun suyukli jamoasi faqat g‘alaba qozonadi deyishgandi. Lekin ularning kam sonlisi final chiptalarini xayollaridan o‘tkazishgandi.

Ammo takrorlanmas dramalarning bosh qahramoni bo‘lishni xush ko‘radigan Klopp, go‘yoki, o‘z muxlislarini aqldan ozdirish uchun ataylab Kataloniyada 0:3 hisobida yutqazib kelganday qilib ko‘rsatdi jamoasini. Shunchaki bravo! U ko‘ra oldi: birinchi taymdagi o‘yindan so‘ng final ostonada turganligini.

Shu sababdan ikkinchi taymda ilk o‘yindagi taktikaga qaytdi. Veynaldum hujumda ish boshladi. Bunisini “Barselona”dagilar o‘ylab ham ko‘rishmagan ekan. 

Yana to‘rtinchi gol. Bu gol shunchaki oldindan o‘ylangan hiyla edi. Ijrochilar hammasini mukammal bajarib berishdi. “Tomoshabinlar” ham bu mahoratdan shunchaki lol!

Endi “Barselona” uchun YeCHLdagi hayot tugadi. Keyingi yil qayta tirilish uchun nimanidir o‘zgartirish kerak. Balki, rahbariyat murabbiy masalasini ko‘rib chiqar. Balki ayrim yetakchilarning “Barselona”dagi so‘nggi lahzalariga guvoh bo‘layotgandirmiz. Lekin, ishoning, keyingi yili “Barselona” ishtirokida boshqa bunaqa tragediyani tomosha qilmaysiz.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona EChL Liverpul'

Baholaganlar

37

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing