Italiya shaharlarini suv bosdi. Maktablar va bozorlar yopildi (video)
Olam
−
15 mart
5148Yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘ronlari Italiyadagi bir qancha shaharlarni suv bosishiga sabab bo‘ldi. Oqibatda havo qatnovi izdan chiqdi, hukumat esa maktablar, bozorlar va boshqa jamoat joylarini yopishga majbur bo‘ldi. Bu haqda “Ansa” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toskana va Emiliya-Romanya mintaqalarida qizil darajadagi ogohlantirish e’lon qilingan. Hukumat Florensiya orqali oqib o‘tuvchi Arno daryosidagi suv sathini sinchkovlik bilan kuzatmoqda.
“Italiyaliklar hanuzgacha 60 yil oldin Florensiyada sodir bo‘lgan halokatli suv toshqinini yodga olishadi. O‘shanda tabiiy ofat 100 dan ortiq odamning umriga zomin bo‘lib, tarixiy binolar va cherkovlarga ulkan zarar yetkazgan edi”, deyiladi xabarda.
Global isish tufayli kuchli bo‘ronlar, toshqinlar, qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘inlari kabi ekstremal ob-havo hodisalari tobora ortib bormoqda. Rasmiylar aholini maksimal darajada ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda, chunki daryolardagi suv sathi hanuz oshib bormoqda. Piza va Florensiya aeroportlari bo‘ron sabab reyslarning kechikishi yoki bekor qilinishi mumkinligi haqida yo‘lovchilarni ogohlantirgan.
Italiya harbiy-havo kuchlari meteorologiya xizmati Apuliya va Sitsiliya uchun to‘q sariq darajadagi xavf e’lon qilgan. U yerda kuchli yomg‘ir, bo‘ron, momaqaldiroq, qirg‘oqbo‘yi suv toshqinlari hamda tog‘larda qor yog‘ishi kutilmoqda.
Kecha, 14 mart kuni Palermoda havo harorati +28 darajaga yetgan bo‘lsa, Friuli-Venetsiya-Juliya mintaqasida qor va muzlash xavfi sabab ogohlantirish berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentinaning Buenos-Ayres viloyatiga qarashli Bahiya-Blanka shahrida suv toshqini sodir bo‘lgan edi. Tabiiy ofat oqibatida o‘n kishi halok bo‘lgan, 1,3 mingdan ortiq odam esa evakuatsiya qilingan. Hodisa tufayli shaharda aloqa va elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan. Favqulodda holat sababli shahar aeroporti yopilgan, shuningdek, shaharga olib boruvchi ba’zi yo‘llar jiddiy zarar ko‘rgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar
