Istanbulda uyg‘urlar Pekin-2022 Olimpiadasiga qarshi namoyish o‘tkazdi
Olam
−
05 fevral 2022
6825Kecha, 4 fevral kuni Istanbul ko‘chalarida yuzlab uyg‘urlar ommani Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlarini boykot qilishga chaqirib, namoyishga chiqdi. Bundan tashqari, namoyishchilar Olimpiada ishtirokchilarini Xitoyning mamlakatdagi irqiy ozchiliklarga o‘tkazayotgan tazyiqiga qarshi baralla gapirishga undashgan.
Kecha ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlari, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro kuzatuv tashkilotlari mutaxassislari COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar vaj qilinib, Xitoy hududiga kiritilmayotgan bir paytda o‘tkazilmoqda.
“Xitoy genotsidni to‘xtat”, “Musulmonlar uyg‘oning, o‘z birodaringizni yonini oling”, deya yozilgan peshtaxtalarni ko‘tarib olgan namoyishchilar Istanbuldagi Xitoy konsulligi tomon borishayotganida politsiya qarshiligiga duch kelgan.
“Qishki Olimpiya o‘yinlari qor ustida emas balki, insonlar qoni ustida o‘tkazilmoqda”, deya ta’kidlagan 26 yashar namoyishchilalardan biri Abdulla Mudino‘g‘li.
Barcha namoyishchilar qo‘llariga Sharqiy Turkiston ozodligi ramzi bo‘lgan ko‘k va oq rangdagi bayroqlarni ko‘tarib olib, o‘zlarining Shinjondagi millatdoshlariga birdamlik ko‘rsatishgan.
Bildirilishicha, Markaziy Osiyo hududidan tashqari, Turkiyada 50 000 dan ortiq uyg‘ur millatiga mansub odamlar istiqomat qiladi.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha ekspertlariga ko‘ra, 2016 yildan buyon Xitoydagi qayta tarbiyalash lagerlarida 1 milliondan ortiq irqiy ozchilik vakillari tutqunda saqlab kelinmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, tutqundagilarning aksariyati uyg‘ur millatiga mansub fuqarolardir.
Eslatib o‘tamiz, o‘ziga nisbatan qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni inkor qilib kelayotgan Pekin, BMTning Shinjondagi inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish bo‘yicha qo‘ygan talabiga rozilik bildirgandi.
Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlari o‘tganidan so‘ng, BMT inson huquqlari bo‘yicha Bosh komissari Mishel Bachelet Xitoydagi uyg‘ur ozchiligi yashaydigan Shinjonga tashrif buyuradi.
LiveBarchasi