Issiq kunlarda muzdek suv ichish qanday kasalliklarga olib keladi?

Salomatlik

image

Yozning jazirama kunlarida ko‘pchilik muzdek suv ichish bilan o‘z chanqog‘ini qondirishga harakat qiladi. Xo‘sh, bu jarayon inson salomatligiga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi, bu aslida to‘g‘rimi? Ushbu savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati e’lon qilgan intervyuda javob berilgan. 

Oliy toifali shifokor Hilola Jamilovaning so‘zlariga ko‘ra, issiq kunlarda muzdek suv ichish inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, turli kasalliklarga olib keladi.

“Ko‘pchilikning fikricha, issiq havoda muzdek suv ichish chanqoqni qondirib, organizmni tez sovutadi. Biroq bu noto‘g‘ri, chunki jazirama payti tana o‘zini tabiiy sovutishi natijasida ko‘p terlaydi. Sovuq suv ichganda esa organizm uni isitishga majbur bo‘lib, ikki hissa ko‘p energiya sarflaydi. Oqibatda tana sovish o‘rniga yanada qiziydi. Bu esa organizm uchun stressdir. Qolaversa, jazirama kunlari muzdek suv ichish ko‘plab kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Birinchi galda sovuq ichimlik ovqat hazm qilish tizimiga salbiy ta’sir etadi”, deydi mutaxassis.

Ma’lum bo‘lishicha, past haroratli suv iste’mol qilish qon tomirlarini toraytirib, spazm hosil qiladi va organizmda ovqatning qayta ishlash jarayonlarini sekinlashtiradi. Ayniqsa, sovuq suv yog‘li taomlar bilan birga ichilganda yog‘ning organizmga so‘rilishi qiyinlashadi. Bu esa salomatlik uchun anchagina xavfli.

Shuningdek, past haroratli ichimlik tanada ovqat hazm qilish uchun zarur bo‘lgan fermentlar ishlab chiqarilishini bloklab, immunitetni pasaytiradi. Bundan tashqari, shamollash, angina va burun-xalqum yo‘lining boshqa kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu jarayonda shifokor aksincha, jazirama havoda iliq yoki xona haroratida bo‘lgan suyuqlik ichishni tavsiya qilmoqda.

“36-37 darajali oddiy suv organizmda metabolizm va ichak faoliyatini yaxshilab, qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi hamda tanadan toksinlarni haydaydi. Qolaversa, bunday ichimlik chanqoqni tez qondirib, tanadagi termoregulyatsiyani rag‘batlantiradi. Natijada issiq havoda organizm tezroq soviydi. Shu bilan birga iliq suv tanadagi suv-tuz balansini me’yorlashtiradi. Buning uchun kuniga o‘rtacha 2-3 litr iliq suyuqlik (ko‘k choy, gazsiz mineral suv) ichish tavsiya etiladi”, deydi Hilola Jamilova.

Bundan tashqari, u chanqoq payti yashil yoki o‘simlik choylari (romashka, yalpiz va boshqalar), qorag‘at, olcha, olxo‘ri kabi nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron, kefir ichish juda foydali ekanligini, bunga sabab ular orqali organizmga mineral moddalar va vitaminlar kirib borishini aytib o‘tgan. Shu jumladan, jaziramada gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste’mol qilish mumkin emasligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing