Issig‘i chiqqan abituriyent testga kiritilmadi, 37 kishi imtihondan chetlashtirildi
Jamiyat
−
02 Sentabr 2020
6137Bugun, 2 sentyabrdan boshlab oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari boshlandi. Kunning birinchi yarmida jami 37 nafar abituriyent test sinovlaridan chetlashtirildi. 8 nafar abituriyent esa, kirish joyidan qoida buzgani sabab testga qo‘yilmagan. Bu haqda Davlat test markazi o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi.
“1-smena 59 250 nafar abituriyent test topshirishi rejalashtirilgan edi. Shundan 55 767 nafari ishtirok etdi. 3 474 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra testga kelmadi. 1 nafar abituriyentning tana harorati baland bo‘lganligi uchun testga kiritilmadi va dalolatnoma tuzildi”, dedi Sardor Rajabov.
Ma’lum bo‘lishicha, 8 nafar abituriyent kirish joyida test sinovlaridan chetlashtirilgan. Xususan, ularning 4 nafari telefon, 1 nafari shpargalka bilan qo‘lga tushgan. 2 nafari boshqa abituriyent o‘rniga kirmoqchi bo‘lgan. Yana 1 nafari hujjatni soxtalashtirgani uchun chetlashtirilgan.
Test sinovlari jarayonlarida tartib-qoidani buzgani uchun 29 nafar abituriyent testdan chetlashtirildi. Jumladan, ularning 26 nafari telefon va boshqa turli elektron vositalardan, 1 nafari shpargalka, 1 nafari kalkulyatordan foydalangan. 1 nafar abituriyent soxta hujjat bilan testga kirgani uchun chetlashtirilgan.
14 kunlik test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika miqyosida 3700 dan ortiq nazoratchilar jalb qilingan. Ichki ishlar va sog‘liqni saqlash xodimlarining soni ham bir necha barobarga ko‘paytirilgan.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi