Isroilning hujumi oqibatida 38 jurnalist halok bo‘ldi

Olam

image

Isroil-Falastin mojarosining avj olgan 7 oktyabrdan beri blokada ostidagi G‘azo sektorida 38 nafar ommaviy axborot vositalari xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda Falastin jurnalistlari ittifoqi Facebook’dagi sahifasida xabar qilingan. 

Qayd etilishicha, 25 nafar falastinlik jurnalist va 13 nafar matbuot xodimi Isroilning G‘azo sektoridagi hujumlari qurboni bo‘lgan. Bundan tashqari, kamida 35 jurnalistning uyi o‘qqa tutilgan va o‘nlab yaqinlarini yo‘qotgan. 

Uyushma hisobotida qayd etilishicha, xotini va bolalaridan ayrilgan “Al Jazeera” xodimi Vail Dahduhning uyiga bomba qo‘yilgani tasodifiy emas. 

Uyushma, Isroilning falastinlik jurnalistlarni nishonga olish borasida sistematik siyosat olib borayotganiga diqqat qaratib, 2000 yildan beri Isroil hujumlarida 55 nafar jurnalist halok bo‘lganini bildirdi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti Izzaddin al-Qassam brigadalari Isroilga qarshi Al-Aqso to‘foni operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning aytishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirishi va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda “Temir qilichlar” operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishlari va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 8,5 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan falastinliklarning qariyb 70 foizi ayollar va bolalardir. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshdi. 

BMT Bosh Assambleyasi zudlik bilan gumanitar o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Shu bilan birga, Iordaniya taklif qilgan rezolyutsiya uchun 120 davlat ovoz berdi. Biroq Isroil bu taklifni rad etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing