Isroilda halok bo‘lganlar fuqarolik pasportiga ega emas – O‘zbekiston elchixonasi
Jamiyat
−
17 Oktabr 2023
9299O‘zbekiston Respublikasining Isroil Davlatidagi elchixonasi G‘azo sektorida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar haqida rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Elchixonaning ma’lum qilishicha, qurolli mojarolar vaqtida O‘zbekistonda tug‘ilgan va 90-yillarda repatriatsiya dasturiga muvofiq Isroilga ko‘chib kelgan 5 (besh) nafar kishi halok bo‘lgan. Buni Isroil Tashqi ishlar vazirligi va politsiyasi ham tasdiqlagan.
Ta’kidlanishicha, halok bo‘lganlar amaldagi O‘zbekiston fukarolik pasportlariga ega emas.
Avvalroq, Isroildagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani, to‘rt nafari bedarak yo‘qolgani haqida ma’lum qilingan edi.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.