Isroil yana Bayrutga zarba berdi

Olam

image

Kecha, 6 oktyabr kuni Isroil qiruvchi samolyotlari “Hizbulloh”ning Bayrutdagi razvedka shtabiga zarba berdi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Isroil Bayrut chekkasidagi “Hizbulloh”ning qurol omborlariga ham hujum qilgan.

“Zarbalardan so‘ng qurol borligini ko‘rsatuvchi ikkilamchi portlashlar qayd etildi. “Hizbulloh” terror tashkiloti qasddan o‘z qo‘mondonlik markazlari va qurollarini Bayrut markazidagi turar-joy binolari ostiga qo‘yib, aholini xavf ostiga qo‘ygan", deyiladi SAXAL bayonotida.

Isroil, shuningdek, Livan janubi va Bekaa vodiysiga zarbalar berdi. SAXAL qurol-yarog‘ omborlari va infratuzilmaga, jumladan, qo‘mondonlik markazi va raketa otish moslamasiga zarba berganini aytdi.

Qayd etish joizki, SAXAL Gazoda ham fuqarolik ob’ektlariga qilgan hujumlarini HAMAS qarorgohi deb iddao qiladi va tinch aholi orasidagi qurbonlar uchun javobgarlikni tan olmaydi.

O‘z navbatida, “Hizbulloh” vakillari Isroil shimolidagi Hayfa shahridagi harbiy bazaga hujum qilganini bildirdi. “Hizbulloh” Karmel bazasiga bir necha raketa otgan va hujum sentyabr oyi oxirida Isroil havo hujumida halok bo‘lgan guruhning sobiq rahbari Hasan Nasrullohga bag‘ishlanganini aytgan.

Shuningdek, “Hizbulloh” Isroil shimolidagi boshqa harbiy bazaga uchuvchisiz uchoqlar yordamida ikki marta hujum uyushtirganini ham xabar qilgan.

SAXALning qayd etishicha, Livandan 20 ga yaqin snaryad otilgan.

“Havo mudofaasi ishga tushdi, snaryadlarning bir qismi yo‘q qilindi, boshqalari Isroil shimoliga quladi. Qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan”, deyiladi SAXAL bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing