Isroil va HAMAS yangi kelishuvga erishdi
Olam
−
17 yanvar
14287Qatar Tashqi ishlar vazirligi Isroil va HAMAS Fransiya ishtirokida G‘azo sektoridagi isroillik garovga olinganlarga zarur dori-darmonlarni topshirishga kelishib olganini tasdiqladi. Buning evaziga sektor aholisiga gumanitar yordam va dori-darmonlar yetkaziladi. Bu haqda Qatar TIVning X’dagi sahifasida ma’lum qilindi.
Dori-darmonlar Qatardan ertaga, 18 yanvar kuni Misrga olib o‘tilishi kutilmoqda. U yerdan dori-darmonlar Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi xodimlariga, undan keyin esa HAMASga o‘tkaziladi.
Qatar tomoni ayni paytda G‘azo sektori aholisiga ham qo‘shimcha dori-darmon va insonparvarlik yordami yetkazilishi bo‘yicha kelishib olish mumkinligini ta’kidlamoqda.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning idorasi ma’lum qilishicha, Fransiya TIV zarur dori-darmonlar ro‘yxatini tuzgan va ularni sotib olib, Qatarga jo‘natgan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi erishilgan kelishuvni tasdiqlagan va vositachilarga minnatdorlik bildirgan.
Qayd etish joizki, bu noyabr oyi oxirida o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azoga gumanitar yordamni qabul qilish hamda Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik asirlarni ozod qilish to‘g‘risidagi kelishuv o‘z faoliyatini to‘xtatganidan keyin urishayotgan tomonlar o‘rtasidagi birinchi bitimdir.
LiveBarchasi