Isroil O‘zbekiston va Ozarbayjon bilan ittifoq tuzadi
Jamiyat
−
14 Sentabr 2023
4793Isroil Ozarbayjon va O‘zbekiston bilan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha alyanslar tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqida TPS xabar berdi.
Isroil qishloq xo‘jaligi vaziri Avi Dixter O‘zbekiston va Ozarbayjon bilan birgalikda bug‘doy yetishtirish va ishlab chiqarish bo‘yicha niyat deklaratsiyasini imzoladi.
"Biz Qishloq xo‘jaligi vazirligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilgari surayotgan qarashlarimiz doirasida aksariyati Isroilda ishlab chiqarilmaydigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ta’minlash yo‘lida yana bir muhim qadam tashlamoqdamiz", degan Dixter hujjatni imzolaganidan keyin.
"Global noaniqlik hukm surayotgan ushbu davrda ko‘plab davlatlar umumiy manfaatlar asosida biz bilan olg‘a borishdan manfaatdor. Biz Isroil va boshqa davlatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda davom etamiz va shu orqali mamlakatimiz fuqarolarining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaymiz", deya qo‘shimcha qilgan u.
Treat the Wheat deb nomlangan tashabbusga ko‘ra, Isroil bug‘doy importi evaziga o‘zining qishloq xo‘jaligi texnologiyasi va bilimlarini taklif qiladi. Vazirlik bayonotida aytilishicha, Isroil Yevropa va Afrikadagi davlatlar bilan ham shunday shartnomalar imzolash niyatida. Mamlakat muntazam iste’mol qilish va favqulodda vaziyatlar uchun g‘alla zaxiralarini kengaytirishga intilmoqda.
Shunisi e’tiborga loyiqki, Isroil bug‘doyning 90 foizini import qiladi.
Ko‘pgina mamlakatlar tomchilatib sug‘orish, tuzsizlantirish, ekinlarni himoya qilish, aniq dehqonchilik, tuproqni yaxshilash kabi Isroil qishloq xo‘jaligi innovatsiyalariga, shuningdek, Isroilning turli qishloq xo‘jaligi startaplari tomonidan ishlab chiqilgan samaradorlik va barqarorlikni oshirish usullariga qiziqish bildirmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan potensial oziq-ovqat xavfsizligi ittifoqi xalqaro g‘alla savdosida koronavirus pandemiyasi va Ukrainadagi vaziyat tufayli yuzaga kelgan uzilishlar fonida yuzaga keldi. O‘shandan beri mamlakatlar xalqaro oziq-ovqat manbalarini diversifikatsiya qilish choralarini ko‘rdilar.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr