Mirziyoyev Isroilning Yaqin Sharqdagi jinoyatlariga ko‘z yumgani yo‘q!
Tahlil
−
13 Sentabr 7528 3 daqiqa
O‘zbekiston Isroilning Yaqin Sharq mintaqasidagi jinoyatlariga ko‘z yumgani yo‘q. Aksincha, Markaziy Osiyo davlatlari ichida yahudiy davatining xalqaro huquq normalarini buzishiga nisbatan eng keskin qoralashlar aynan Toshkentdan yangramoqda. Jumladan, 9 sentyabrda Qatar poytaxti Dohada sodir qilingan g‘ayriqonuniy harakatlarga nisbatan dastlab O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, Isroilning harakatlari qabul qilib bo‘lmas ekanini ta’kidlagandi.
Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bu hujumni qoraladi. Birinchilardan bo‘lib, Qozog‘iston Prezident darajasida bunga munosabat bildirdi. Keyinchalik oradan 3 kun o‘tib, 12 sentyabrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxsan Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning o‘zi bilan telefon orqali muloqot qilib, Isroil tomonidan Qatar poytaxti Doha shahriga uyushtirilgan raketa zarbalarini keskin qoraladi.
Suhbatda Qatar mustaqilligi va suverenitetini buzadigan, uning xavfsizligiga tahdid soladigan bunday nomaqbul xatti-harakatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, xalqaro huquqning asosiy qoida va tamoyillariga zid ekani qayd etilgan. O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan qadamlarga qarshi ekani ta’kidlangan. O‘zbekiston Prezidenti Qatar tashabbusi bilan chaqirilayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammitining muvaffaqiyatli o‘tishini tilagan. Qatar Amiri esa o‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘rsatilgan birdamlik va qo‘llab-quvvatlov uchun O‘zbekiston rahbariga chuqur minnatdorlik bildirgan.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston bir necha yillardan buyon tajovuzkor siyosat olib borayotgan Isroilning xatti-harakatlariga doimiy ravishda ritorik jihatdan qarshilik qilib kelayotganini alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinli. Markaziy Osiyo davlatlari orasida Falastin masalasiga bunday faol yondashuv ko‘rsatgan O‘zbekiston o‘ziga xos pozitsiyasi bilan ajralib turibdi. Chunki rasmiy Toshkent Tel-Avivning xalqaro jinoyatlarini faqatgina qoralash bilan cheklanib qolmaydi. Bunga qo‘shimcha ravishda Isroildan jabr ko‘rayotgan falastinliklarga amaliy yordamni ham ayagani yo‘q. Yuzlab falastinliklarning O‘zbekistonga keltirilishi, beg‘araz moddiy yordam va boshqa ko‘maklar, shular jumlasidandir.
Dunyo aholisining aksar qismi bosqinchi davlatlarning agressiv siyosatidan jabr ko‘rayotgan bir paytda, Toshkent o‘zining eski “non shahri” degan maqomini qisman bo‘lsada saqlab qolganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Chunki O‘zbekiston so‘nggi yillarda nafaqat falastinliklarga, balki ukrainalik bolalarga ham bir necha bor yordam ko‘rsatdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev esa bugun Falastin dardi va uning azob-uqubatlari haqida dunyo yetakchilari orasida eng ko‘p gapirayotgan liderlardan biri. Istalgan masaladagi xalqaro tadbirda, u xoh iqtisodiy bo‘lsin, xoh siyosiy, Shavkat Mirziyoyevning bayonotlaridan G‘azodagi holat va Falastinning davlat barpo etishga bo‘lgan huquqi haqidagi so‘zlar tushib qolgani yo‘q. O‘z o‘rnida, O‘zbekiston nafaqat G‘azodagi, balki Isroilning boshqa davlatlardagi hujumlarini ham asosli ravishda qoralab kelmoqda. Eron va Qatarga qilingan hujumlarga nisbatan rasmiy Toshkentning munosabati shular jumlasidandir.
Live
Barchasi