Ispaniyada O‘zbekiston oliygohining filiali ochiladi
Jamiyat
−
21 dekabr 2020
5892Ispaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi, Palma de Mayorka provinsiyasi rahbariyati, Balear universiteti vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mazkur kelishuvga erishildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, Ispaniyaning Balear universitetining ADEMA stomatologiya ta’lim dargohida Toshkent davlat stomatologiya institutining filiali tashkil etiladigan bo‘ldi. Bu O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining rivojlangan Yevropa davlatlaridagi ilk filiali hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, onlayn konferensiya tarzida o‘tkazilgan muzokarada Ispaniya sog‘liqni saqlash vaziri P.Gomes, Palma de Mayorka shahri meri X.Xila, Balear universiteti prezidenti D.Karassko, Ispaniyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Karlos Martines va Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov ishtirok etgan va kelishuv imzolagan.
Unga ko‘ra, har ikkala oliy ta’lim muassasasi tomonidan yiliga 30 nafar pedagoglar dars mashg‘ulotlariga jalb etilishi, stomatologiyaning oltita yo‘nalishi bo‘yicha ispaniyalik mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirishi uchun kurslarda o‘qitishga kelishib olingan.
Shuningdek, anjumanda 2021 yildan 100 nafar ispaniyalik talaba stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kurslariga qabul qilinishi, ispaniyalik bemorlarga O‘zbekistondagi tibbiy turizm tizimi salohiyatidan foydalanishga sharoit yaratish kabi bir qator masalalar ham belgilab olingan.
Ma’lumot o‘rnida, Ispaniyaning Balear universiteti 1978 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Balear hukumati tomonidan boshqariladi. Bugungi kunda 18 mingdan ortiq talabalar ijtimoiy-gumanitar, tibbiyot, stomatologiya, texnika, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda ta’lim olmoqda. Universitet qoshidagi 7 ta ilmiy laboratoriyalarda biologiya, ekologiya, raqamli tibbiyot va genetika yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot olib borilmoqda.
LiveBarchasi