Islomda gender tenglik
Jamiyat
−
28 aprel 2021
17776Bismillahir rohmanir royim. Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ga salotu durudlarimiz bo‘lsin. Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh.
Azizlar, bu galgi suhbatimiz gender tenglik haqida bo‘ladi. Hech kimga sir emas, ayni damda ushbu mavzu tortishuvli masala bo‘lib kelmoqda. Sababi buni har kim har xil qabul qilmoqda. Shuning uchun biz hozir buni ilmiy tomonlama tushuntirib beramiz.
Gender tenglik deganda ko‘pchilik ayol va erkak kishining huquq jihatdan teng bo‘lishini tushunadi. Buni xolis yoritadigan bo‘lsak, Alloh taolo erkakni ham, ayolni ham O‘zi yaratgan va Odam bolalari sifatida ularni mukarram aylagan. Qur’oni Karimda “Odam bolalarini batahqiq qildik, mukarram qildik, hurmatli qildik”, deyilgan. Dinimizda biror jins tahqirlanib, biror jins vakili yuqori sanalmagan. Alloh taolo o‘z bandalarini ikki jinsda yaratishida hikmat bor. Jinsiga, xususiyatlariga va imkoniyatlariga qarab ularga vazifa yuklatadi. Har bir shaxsning huquqlariga qarab burchlari yoki aksincha, burchlariga qarab huquqlari bo‘ladi. Biz bilamizki, ayolga va erkakka shar’an bir xil imkoniyat berilmagan. Shuning uchun huquqlar orasida ham biroz farq bo‘ladi. Agar ikkalasi bir xil huquqqa ega bo‘lsa, ikkalasiga bir xil vazifa yuklanadigan bo‘lsa, ularni ikki jinsga ajratishdan ma’no qolmaydi.
Islom dini paydo bo‘lishidan oldin ayollarga zulm qilish, ularni odam o‘rnida ko‘rmaslik, ularni meros qilib kimgadir berib yuborish, turmush qurishdan cheklash va moliyaviy huquqlaridan mahrum qilish kabi holatlar bor edi. Islom dini kelganidan keyin ayolga insoniylik huquqlari qaytarib berildi. Ba’zi o‘rinlarda ayollarni erkaklardan ham yuqori darajaga ko‘tarilganini ko‘ramiz. Masalan, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ayol kishini o‘z erining dinini yarmi deya e’tirof etganlar va jannatni onalar oyog‘i ostida deya keltirib o‘tganlar. Ayol kishining farzand dunyoga keltirishda tortadigan azoblari, uni tarbiya qilishdagi zahmatlariga mukofot o‘laroq aytganlar.
Ba’zi jihatlarda, masalan moliyaviy tomonlama ayol kishining huquqlari biroz pastroq. Buning ham o‘z hikmati bor. Masalan, meros masalasida ayollarga kamroq taqsim qilinadi. Nima uchun deganda, ayol kishining moliyaviy sarf-xarajati kamroq bo‘ladi. Shuningdek ayol kishi ko‘proq uyga mas’ul qilingan. Doim uyda bo‘lishi, turmush o‘rtog‘ining xizmatida bo‘lishi va farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerakligi aytiladi. Chunki ayol kishi shunga munosib qilib yaratilgan. Alloh taoling har bir taqsimotida hikmat bor. Ayol kishi zohiran ko‘p narsalardan mahrum qilingandek ko‘rinadi. Lekin bu aslida ayolning muhofazasi uchundir. “Erkaklar bilan huquqlarimiz teng ekan”, deb ayollar erkaklardan ustun bo‘lib, ularga o‘z gapini o‘tkazmoqchi bo‘lishsa, avvalo, o‘zlariga ziyon yetishi mumkin. Mutaxassislarning o‘rganishicha stressga tushadigan va ruhiy xastaliklarga chalinadigan ayollarning ko‘p qismi erkaklardan ustun bo‘lishga uringan hamda buni bajara olmagan ayollardir.
Erkak o‘z ishini qilishi lozim, ayol o‘z ishini. Agar teng huquqlilik oldinga surilaversa, chetdan dushmanlar kirib kelgan payt ayollar ham erkaklar qatori qo‘liga qurol olib maydonga chiqishlari talab etiladi. Bu narsalarni biz chuqur anglashimiz hamda Alloh taolo joriy qilib qo‘ygan ahkomlarga aralashmasligimiz lozim.
Odinaxon Muhammad Sodiq
LiveBarchasi