Islom Karimov qizining qamalishiga nega qarshilik qilmagandi?

Intervyu

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haqida gap ketganda ko‘pchilik uning qattiqqo‘l bo‘lganini xotirlaydi. Mamlakatdagi boshqaruvda ham uning qattiqqo‘lligi sezilib turardi. Biroq, Prezident Karimov bilan ota, bobo, turmush o‘rtoq, do‘st va ustoz Karimov o‘rtasida qanday farq bor edi? Nega u boshqaruvining so‘nggi yillarida xalqdan, matbuotdan uzilib qoldi? Bugun uning samimiyati haqida gapirayotganlar nega o‘sha vaqtda buni ko‘rsatib berolmadi? Islom Karimov vafotiga 6 yil to‘lishi arafasida Birinchi Prezidentning matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan jurnalist Beruniy Alimov bilan suhbat qurdik. Ushbu suhbatda Alimov televideniye orqali ko‘rsatilmagan, internet saytlarida yozilmagan va faqatgina xos insonlarga ma’lum bo‘lgan faktlar bilan bo‘lishdi

Ulug‘bek Xudoyberganov, muxbir: — Islom Karimov bilan ilk uchrashuvingiz qachon va qanday sodir bo‘lgan?

Beruniy Alimov, Birinchi Prezidentning sobiq matbuot kotibi: —  Bu uchrashuvimiz 1994 yil yanvar oyida Dehli shahrida bo‘lgan. Biz o‘sha yerda jurnalistika instituti talabasi edik. Javaxarlal Neru universitetida 11 nafar o‘zbekistonlik yosh jurnalist bilan o‘zlari uchrashganlar. Bu qaysidir ma’noda bizga motivatsiya bo‘lgan. Vatandan, ota-onadan, qarindoshlardan uzoq bo‘lganda qandaydir mehrni sog‘inasiz. Ular bizga ana shu mehrni berolganlar. Hattoki hazillashib “mana bu chiroyli bo‘yinbog‘ni qayerdan olgansan?”,deb so‘raganlar. Ana shu bo‘yinbog‘ni men xotira uchun saqlab qo‘yganman. Lekin gap bo‘yinbog‘ haqida ketmagan, aslida. O‘sha yerda, tashqarida, Vatandan uzoqda yurgan yosh jurnalistni ko‘nglini ko‘tarish uchun bu gap aytilgan, deb o‘ylayman.

U.X.: — Bir surat tarixi maqolasida “Islom Karimovda 30 yashar yigitchaning xarakteri bor edi. Men u kishining oldiga ishga borganimda allaqachon 33 ga kirib qo‘ygan “chol” edim. Ayni sababdan bo‘lsa kerak, “chollar” va “yoshlar” o‘rtasida uchraydigan, o‘zaro anglashmovchilik holatlari bizda kam uchramasdi”, deya yozgansiz. Anglashmovchilik deganda nimani nazarda tutgansiz?

B.A.: —Bilasizmi, “falsafada inkorni inkor etish” degan nazariya bor. Ya’ni avlodlar oldingi avlodni qaysidir ma’noda inkor etamiz. Bizda rahbarimiz bilan yosh o‘rtasida farq bo‘lishi mumkin. Ular aytgan gaplari, tavsiyalarini o‘sha paytda, o‘sha soniyada tushunmagan bo‘lishim mumkin. Lekin o‘sha berilgan tavsiya menga yoqmagan bo‘lsa-da oradan uch, olti oy o‘tganidan keyin faqat ularning gapi to‘g‘ri bo‘lib chiqar edi. Bu nima bilan bog‘liq, deb hayron qolardim. Ish yuzasidan kelishmovchiliklar bo‘lgan vaqtlar o‘tgan. Juda qattiqqo‘l bo‘lganlar, lekin shu bilan birga otalarcha mehribon edilar. Qattiqqo‘lliklarini ko‘pchilik eslaydi, o‘sha zamonda ham ko‘pchilik bilardi. Ammo ularning mehribon ekanliklarini, atrofdagilarga otalarcha munosabatlarini ko‘pchilik bilmas edi. Buni faqatgina suhbatlarida bo‘lgan inson sezardi va buni kuzatardi. Men o‘zimni omadli inson, deb o‘ylayman. Sababi ularni qattiqqo‘lliklarini sezgan paytlarimiz ham bo‘lgan, otalarcha mehr ko‘rgan paytlarimiz ham bo‘lgan.

U.X.: — Biror bir misol keltirolasizmi?

B.A.: — Misollar juda ko‘p, ulardan biri men kutmagan vaqtim sovg‘a bo‘lgan. Bu Shveysariya soati. Hattoki ushbu intervyuga, maqtanish uchun emas, ularni eslash uchun taqib kelganman. Aynan shu soatni o‘z qo‘llaridan olganman. Keyinchalik ilm sohasiga kirdim, disertatsiya yozdim, imtihonlar topshirdim. Islom Karimov bizga bergan motivatsiya ruhan bizni qo‘llab turishi uchun shu soatni men taqib yuraman. 

Inson xotirasi bilan tirik, biz ularni qanchalik ko‘p eslasak ular shuncha hayot bo‘ladi. Hozirgi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xotiralarini abadiylashtirish uchun juda katta ishlar qildilar. Mana biz ko‘rib turgan muzeyga e’tibor qaratsak, bu hozirgi rahbarimizning oldingi rahbarga bo‘lgan munosabatining yorqin namunasi, deb o‘ylayman.

U.X.: — Islom Karimovning OAV va Prezident matbuot xizmatiga bo‘lgan munosabati qanday edi? Islom Karimov matbuot va televideniyeni kuzatarmidi?

B.A.: — Televideniye va matbuotni ular har kuni kuzatardilar, nima yozilayotganiga qiziqardilar, nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni mamlakatlar, MDH, xorijiy, rivojlangan, G‘arb va Sharq mamlakatlaridagi OAVni doimiy kuzatib borar edilar. Axborot xizmatini boshqarganimiz uchun bu bizning tomorqamiz, Islom Karimov o‘z ishini qiladi, biz o‘zimiznikini, deb o‘ylaganman, lekin unday bo‘lib chiqmagan. Buni bejiz eslamayapman. Bir kuni mendan “Ertangi tadbirimizga “Axborot”dan kimni olib boryapsan?”,deb so‘radilar. Men yoshroq edim, ularni oldida cholga o‘xshab qolmaslikka, jiddiyroq ko‘rinishga harakat qilib, Alisher boradi deb aytsam, “Qaysi Alisher? Alisher Azimovmi yoki Alisher Hoshimovmi”, deb so‘raganlar. “Axborot” dasturida Alisher ikkita ekanligini ham bilganlar. Ko‘ryapsizmi, demak ular nafaqat televideniye va radioni kuzatardilar, balki jurnalistlarning chiqishlarini o‘qirdi va tanirdi. Fenomenal xotira bor edi u kishida. Matbuot sohasi, axborot sohasi “meniki”, deb o‘tirganim bilan bizning ortimizda ishlayotgan jurnalistlar jamoasini nomma-nom bilardilar. 

Islom Karimov bilan xorijda ishlash, chet eldagi tashriflarini yoritish juda katta mehnat talab etgan. Sababi ular bilan bir xil tempda yurish, bir xil qadam tashlash juda qiyin edi. Viloyatlarda birga yuradigan bo‘lsak, qo‘pol qilib aytganda, tilimiz osilib qolar edi. Hech bo‘lmasa ularni orqasidan yurishga ulgurolmay qolar edik. Quyoshda bo‘ladigan bo‘lsa, 50 daraja issiqda ham turib intervyu beraverardilar, bosh kiyim ham kiymas edilar. Keys sifatida xorijda bo‘lgan bir voqeani aytib beraman. Sankt-Peterburg shahrida kuni bilan ishlaganmiz, ko‘p tomonlama muzokaralar bo‘ldi, ularni yoritdik, O‘zbekiston televideniyesiga sun’iy yo‘ldosh orqali o‘sha kuni uzatish yo‘llarini qilyapmiz. O‘sha yillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqishga harakat bo‘layotgan edi. Soat taxminan 16:00-17:00 atrofida Islom Karimov xonalariga chaqirib qoldilar, men va yoritishga borgan yana 10-15 nafar jurnalist kirdik. Ijod, jurnalistika, tashqi aloqalar haqida gaplashdik. Muxbirlar, yosh yigit-qizlar ijodiy guruhda ishlab yurganini ko‘rib, “Qorninglar qanaqa?”, deb so‘raganlar. Qornimiz ochganini aytsak, ana shu yerda kechki ovqat tashkil qilib berishga ham tayyor edilar. Davlat rahbari bilan o‘tirib birga choy ichishga tortinganmiz, uyalganmiz. Keyin “Axborot”ni bahona qilib, oldilaridan qochib ketganmiz. Shu darajada bizni alqardilar, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlardilar. Ular jurnalistlar bilan kamera o‘chirilgan holatda do‘stona gaplashar edilar. 

U.X.: — Prezident Islom Karimov nima uchun hayotining so‘nggi yillarida matbuotdan juda uzoqlashib ketdi deb o‘ylaysiz? Prezident xorijga ketish va qaytish vaqtida jurnalistlar samolyot yo‘laklari yonida intervyular olgan bo‘lsa, faoliyatining ikkinchi qismida buni ko‘rmaganmiz. Bu nima bilan bog‘liq edi? Karimovni matbuot va xalqdan uzoqlashib qolishiga kim yoki nima sabab bo‘lgan?

B.A.: —2005-2009 yillar oralarida har doim uchrashuvlar bo‘lgan. Mashhur intervyularini yaxshi eslayman. “Nezavisimaya” gazetasining sharhlovchisi Viktoriya Ponfilovaga berilgan intervyu kitob bo‘lib chiqqan, jurnalist yana Toshkentga kelganida gazetaga chiqmagan fikrlari va taassurotlarini gapirib bergan. O‘zim Yaponiyada ishlagan paytim 2005 yilda NHK telekanalida intervyularini tashkil etganmiz. Ana shu yilning may oyida Andijon voqealari bo‘lgan. Birinchi matbuot anjumani Oq Saroy qarorgohida o‘tkazilgan, ikkinchisi Prokuratura binosida. Islom Karimov “O‘zimizni va xorijlik bo‘lgan, mavzuga qiziqqan barcha jurnalistlarni chaqiringlar”, deganlar. Bir payt qarasak o‘zlari kirib kelganlar, vaholanki, bir kun oldin gaplashganimda ham matbuot anjumaniga borishlarini aytmagan edilar. Shuning uchun jurnalistlardan o‘zlarini olib qochishlarini men tasavvur qilolmayman. Aytilmagan joylarda o‘zlari xalqning orasiga kirib ketganlarini bilaman.

Bitta misol, Qashqadaryoga borganlarida Qarshi shahrida kortej ketayotgan joyida to‘xtab, Karimov istirohat bog‘iga kirib ketib qolganlar. Kutilmagan holat, hattoki o‘sha yerda yurgan onaxonlar, yosh bolalar ham kutmagan bu uchrashuvni. Shunday uchrashuvlardan qochmagan odam “matbuotdan qochgan”, degan gapga men qo‘shilmayman. Umrlarini oxirlarida ham menimcha matbuot bilan qaysidir ma’noda birga yashaganlar. 

Biz o‘zimizdan oldingilarga nisbatan yaxshi ishlashga harakat qilganmiz va bizdan keyingi jamoa bizdan yaxshiroq ishlashga harakat qilgan. Hozirgi davlat rahbarimizning axborot xizmati oldingilaridan yaxshiroq ishlayapti. Buni matbuotda berilayotgan xabarlardan, boshqa formatlarda berilayotgan informatsiyalardan ko‘rishimiz mumkin. Davlat rahbarining matbuot bilan aloqasi har doim yaxshi bo‘lgan.

U.X.: — Hozirgi Prezident matbuot xizmati faoliyatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, Shavkat Mirziyoyev ochiqroq, xalqqa yaqinroq va samimiyroq ko‘rsatilmoqda. Nima uchun biz hozirgi samimiylikni Islom Karimovning matbuot xizmatida ko‘rmaganmiz?

B.A.: — Hozirgi kunda ham texnika rivojlangan va hozirgi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning o‘zlari matbuot uchun ochiq odam. Hattoki bir marta katta zalda rahbarlarga qarata, “Agar rahbarlardan kimningdir matbuot bilan munosabati yaxshi bo‘lmas ekan, meni ham u rahbar bilan munosabatim yaxshi bo‘lmaydi”, deganlar. Bu, albatta, jurnalistlarni ilhomlantiradigan narsa, bu juda ham ochiq siyosat, davlat olib borayotgan islohotlarning yangi natijasi. Bugungi davlat rahbarining faoliyati juda yaxshi, juda sifatli yoritilyapti. Mana kuni kecha Umra safarlari, xorijga bo‘lgan tashriflari, mamlakat ichidagi tashriflari juda yaxshi ko‘rsatildi. Biz ijtimoiy tarmoqlarda deyarli faoliyat yuritmaganmiz. Hozir o‘quvchilarimiz, auditoriyamiz ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirishibdi, bundan kelib chiqib odamlar qayerda bo‘lsa, axborotni o‘sha yerga borib beryapmiz va buni hozirgi axborot xizmati yaxshi uddalayapti.

U.X.: — Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, siz Do‘rmon qarorgohida istiqomat qilgansiz. Islom Karimov qanday ota edi? Uning farzandlari bilan munosabati qanday bo‘lgan?

B.A.: — Ishga kelgan paytimda “Uying bormi?”, deyishgan. Ha deb javob bersam-da menga Do‘rmondagi pansionatlardan bir nechtasini ko‘rsatishgan. Ularning orasida eng kattasini tanlaganman va o‘sha uyni bir hafta ichida oqlab, ta’mirdan chiqarib berishgan. O‘sha yerda farzandlarim bilan yashaganmiz, davlat rahbari bilan bitta mahallada turganmiz. Bir yerda yashaganingizdan keyin sezasiz, eshitasiz – o‘sha kuni farzandlari yoki tashqaridan mehmonlar kelgan bo‘lishi mumkin. Oilaviy tadbirlarni suratga olishga fotosuratchilarimiz borishar edi. Matbuot uchun emas, o‘zlari uchun. Juda ham oddiy, bir-birini hurmat qiladigan oila, deb bilaman. Hozirgacha bunga shubham yo‘q. Tatyana Akbarovnani ham taniganman, suhbatda bo‘lganmiz. O‘zbek oilasida qanday do‘stona muhit bo‘lgan bo‘lsa, bu oilada ham shuni ko‘rganman.

U.X.: — Prezident Karimov 2013 yilda to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani jazolashini barcha qattiqqo‘llik, deb baholadi. Bu haqiqatan ham qattiqqo‘llikmidi yoki xalqaro maydondagi munosabatlar ortidan olingan majburiy qarormi?

B.A.: — Men qattiqqo‘llik, degan qarash tarafdoriman. Nima uchun? Chunki ular hech kimni ayab o‘tirmas edilar. O‘zbekiston uchun jonini tikkan odam qanday qilib kimnidir ayashi mumkin? Atrofidagi eng yaqin odam ayb ish qilsa ham adolat tarafdori bo‘lganlar. Esingizda bo‘lsa oldin O‘zbekistonda o‘lim jazosi ham bo‘lgan. U jazoni tayinlashga kim qo‘l qo‘yardi? Albatta, davlat rahbari va o‘sha kayfiyat ularga yoqmasdi. “Men bilmayman-ku bu odam rostdan ham aybdormi? Nima uchun kimnidir oliy jazoga tortilishiga oxirida men sababchi bo‘lishim kerak?”, derdilar. Tabiatan insonparvar odam edilar, shu bilan birga adolat tarafdori bo‘lganlar. O‘zbekiston obro‘si, albatta, birinchi o‘rinda edi. 

Men bu voqealarni bevosita guvohi bo‘lmasligim mumkin, lekin shu yurtning fuqarosi sifatida bu ishga adolat nuqtai nazaridan yo‘l qo‘yilgan, deb o‘ylayman.

U.X.: — Islom Karimov bilan so‘ngi suhbatingiz qanday bo‘lgan?

B.A.: —Bitta ob’ektga borishimiz kerak edi, shu ob’ektni yoritish masalasi bo‘lgan. Odatda chaqirib gaplashar edilar yoki telefon orqali muloqot bo‘lardi. O‘sha ob’ektni yoritish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berganlar. Yana bir suhbat esimda. Chet eldan qaytayotganimizda xalqaro tadbirni yoritish bo‘yicha fikrimni so‘raganlar. U kishining shunday ajoyib odatlari bor edi. “Sen shu sohaning odamisan, qanday yoritilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi”, deb so‘rardilar. Keyin o‘z tavsiyalarini berganlar. Albatta, “Mana shunaqa yozilishi kerak”, deb menga to‘rt yil davomida aytmaganlar. Yana bir safardan Toshkentga uchib kelayotganimizda tashrif yuzasidan vazirlardan intervyu olsang, degan edilar. U paytda televideniyeda rahbarlar chiqmasdi, chiqishsa ham o‘zlari topshiriq berishlari kerak edi. Haqiqatan ham chiroyli suhbatlar, chiroyli syujetlar bo‘lgan. Tegishli vazirlar, o‘sha sohani rahbarlari intervyu berishgan va ko‘rsatuvimiz yaxshi chiqqan. Tomoshabinlardan ham ijobiy fikrlar olganmiz. Oxirgi uchrashuvlarimizda ham ishimiz to‘g‘risida gaplashganmiz. Shunday xotiralar qolgan.

U.X.: — Islom Karimovni so‘nggi bor qachon ko‘rdingiz?

B.A.: — Men Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasiga 1-kotib bo‘lib ketgan edim. Moskvada MDH davlatlarining uchrashuvi bo‘lgan. Eng qaltis uchrashuv. Islom Karimov ma’ruza o‘qilguncha qayta-qayta yozar edilar, qayta-qayta o‘qirdilar. Kremlning katta zalida MDH davlat rahbarlari orasida eng ko‘p ishlab o‘tirgan bizning davlatimiz rahbari edi. Kuzatishim shu bo‘lganki, oldingidek ishchan kayfiyatda, ish ustida ko‘rganman. Ana shu oxirgi ko‘rishim edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1168

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing