Islom Karimov qizi Gulnoraga shippak otgan 

Jamiyat

image

2014 yil oxirlarida Karimovlar oilasidagi janjallar sabab Islom Karimov qizi Gulnoraga suhbat chog‘ida shippak uloqtirgan. Bu haqda 2011-2014 yillarda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida faoliyat yuritgan Jorj Krol o‘z memuarida ma’lum qildi.

U o‘zining yaqinda e’lon qilgan esdaliklarida bu voqeani quyidagicha eslaydi:

“Men Karimovning oilasidagi g‘alati muammoga aralashib qoldim. Yangi yil kechasi kechki payt elchixonada ishlayotgan edim. Elchixona darvozasi oldidagi qorovul menga qo‘ng‘iroq qilib, bir mehmon zudlik bilan meni – Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova o‘z bolalari bilan ko‘rmoqchi ekanligini aytdi. Vaqt allamahal bo‘lib qolgan edi. Men ularni elchixonaning qabulxonalaridan birida yakka tartibda qabul qildim. Gulnora Versace va Gucci kostyumlarini kiyib, hayoti va muammolari haqida uzoq hikoya qila boshladi. Men sabr bilan tingladim, bolalariga suv olib keldim va elchixonamizdan boshpana so‘ramoqchi bo‘lishidan qo‘rqib, mendan nima istashini so‘radim. O‘zbekiston Prezidentining qizi o‘z oilasi tomonidan ta’qib qilinayotgani haqida gapirayotgan edi”, deb yozadi sobiq elchi.

Jorj Krol ikki soatlik mashaqqatli monologining oxirida Gulnora Karimova otasining o‘zi ekaniga ishonch hosil qilganini aytadi. Elchiga ko‘ra, Gulnora Karimova undan otasi bilan uchrashishda yordam so‘ragan.  

“Uning so‘zlariga ko‘ra, onasi [Tatyana Karimova], singlisi [Lola Tillyayeva] va Karimovning saroy a’yonlari Gulnoraga otasini ko‘rishga ruxsat bermagan. Soat yarim tunga yaqinlashib, yangi yil tongi otganda, o‘zimni juda yengil his qildim. Men Gulnora va uning bolalarini elchixona yonida kutib turgan avtomobilga kuzatib qo‘ydim va uning otasi bilan qo‘limdan kelganini qilishga va’da berdim. Ertasi kuni Yangi yil arafasida Karimov bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldim. Oradan ko‘p o‘tmay, Gulnora menga quvonchli xabar yo‘llab, uchrashuv tayinlanganini aytdi. Keyinroq undan eshitdimki, uchrashuv muvaffaqiyatsiz bo‘lib, otasi unga shippak uloqtirishi bilan tugagan. Gulnorani boshqa ko‘rmadim”, deydi Jorj Krol.

Uning ta’kidlashicha, Gulnora kamchiliklardan holi emas va u suhbat davomida aktrisalar kabi rolga kirishganini yaxshi eslaydi. Memuarda qayd etilishicha, Gulnora Karimova prezidentning qizi bo‘lish qanchalik dahshatli ekani va u o‘sha paytda o‘z irodasiga qarshi turmushga chiqishga majburlangani haqida AQSH elchisiga noligan. Krol Gulnora turmush qurishga va uydan chiqmay, farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishga majburlangani to‘g‘risidagi gaplardan so‘ng, uning ahvoliga rostmanasiga achingan. Bundan tashqari, Gulnora Jorj Krol bilan uchrashuvda otasining biznes hamda siyosatdan uzoqlashib, diplomat bo‘lish haqidagi taklifini rad etganidan juda afsusda ekanini ham tan olgan.

Ma’lumot uchun, 2013 yilning noyabr oyiga kelib, Gulnora Karimovaning qariyb 10 yil davom etgan xayriya va biznes faoliyatlariga nuqta qo‘yildi. Uning rahnamoligidagi tashkilotlar, xususan Fond Forum faoliyati tugatildi. Telekanallar, radiolar efiri uzildi, qama-qamalar avjiga chiqdi. O‘sha kezlarda Gulnora Karimova Twitter’dan qator bayonotlar berdi. Bu ishlar boshida onasi Tatyana Karimova va singlisi Lola Karimova turganini aytdi. U o‘z otasi bilan uchrasha olmayotganidan yozg‘irdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Islom Karimov Gulnora

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing