Is gazining xavfliligi uning hech qanday hidi yo‘qligida – SSV

Salomatlik

image

Qish kelib, kunlar sovishi bilan is gazidan zaharlanish hollari ko‘payadi. Kuni kecha Prezident raisligida qish mavsumiga tayyorgarlik masalasida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida joriy yilning o‘tgan davrida bunday is gazidan zaharlanish oqibatida 106 nafar fuqaro vafot etgani va 190 nafari zaharlangan va kuyish tan jarohati olgani aytildi. Shu ma’lumotning o‘ziyoq vaziyatga jiddiy yondashish kerakligini ko‘rsatadi. Is gazidan zaharlanish borasidagi SSV Matbuot xizmatining savollariga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov javob berdi

— Is gazining xavfliligi uning hech qanaqa hidga ega emasligida. Holsizlanish sezmaguncha gaz borligi to‘g‘risida fikr yuritib bo‘lmaydi, uning eng kam miqdori ham zaharlanishga olib kelishi mumkin, — deydi D.Alimov. — Shuning uchun ham uni “sezdirmasdan o‘ldiruvchi” deb nomlashadi. Is gazi hosil bo‘lishining asosiy sababi – yonish maydonida yetarli kislorod mavjud emasligida bo‘ladi. Chala yonish vaqtida yoqilg‘ining to‘liq yonishi natijasida umuman zararsiz hisoblangan karbonat angidrid hosil bo‘lishi o‘rniga is gazi paydo bo‘ladi. 

— Is gazidan zaharlanish qanday holatlarda yuzaga kelishi mumkin?

— Bu ofatning bir necha sabablari bor. Asosan: 

  • yong‘in kuzatilayotgan vaqtda;
  • ishlab chiqarishda turli xil organik moddalarni sintezlashda is gazidan foydalanish jarayonida;
  • yetarli havo aylanmaydigan sharoitlarda gazga moslashtirilgan moslamalarning havoni tortish mexanizmi ishdan chiqqanda yoki gazning yonishi uchun ventilyatsiya kanallariga havo yetarlicha kirib turmasa; 
  • uy sharoitlarida tabiiy gaz quvurlaridan gazning sizib chiqishlari va pechli isitish sharoitlarida pechlar qopqog‘ini o‘z vaqtida yopilmaslik holatlarida.

Dunyo statistik ma’lumotlariga ko‘ra, is gazidan zaharlanish tufayli o‘lim ko‘rsatkichlari alkogoldan vafot etishdan so‘ng, ikkinchi o‘rinni egallaydi. Masalan, AQSHda bir  yilda o‘rtacha 400 nafarga yaqin odam is gazidan ehtiyotsizlik sababli nobud bo‘ladi.

— Ushbu  gazning odamga ta’sir qilish mexanizmi haqida nima deya olasiz?

 — U avvalo,  qonga kirib, gemoglobin hujayralarini zararlaydi. Tabiiyki, shundan so‘ng gemoglobin kislorod tashish qobiliyatini yo‘qotadi. Odam bu gazdan qancha ko‘p nafas olsa, uning qonida shunchalik kam gemoglobin qoladi va organizm ham kam kislorod oladi. Is gazidan zaharlanishdan so‘ng gemoglobin hujayralarini tiklash uchun ko‘p vaqt talab etiladi.

Is gazidan zaharlanish qisqa muddatlarda yoki sekinlik bilan yuzaga chiqishi mumkin. Asosan, o‘sha muhitdagi havo tarkibidagi uning konsentratsiyasiga bog‘liq. Juda yuqori konsentratsiyalarda zaharlanish tezda yuzaga chiqadi, hushdan ketish, turli xil tutqanoqlar va nafas to‘xtashi bilan namoyon bo‘ladi. 

— Jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatishda nimalarga e’tibor berish kerak? Umuman bunday favqulodda holatlarda qaysi davolash muassasalariga murojaat qilish kerak? 

— Birinchi yordamni juda zudlik bilan ko‘rsatish zarur. Bu jarayon  quyidagi qadamlarni o‘z ichiga oladi:

  • Avvalo, jabrlanuvchini imkon qadar tezroq toza havoga olib chiqish;
  • Ikkinchidan, nafas olishni yengillashtirish – nafas yo‘llarini tozalash, ya’ni kiyimlarini yechish, tilning orqaga ketib qolishini oldini olish uchun jabrlanuvchini yonbosh yotqizish;
  • Uchinchidan, nafasni stimullash. Ko‘krak qafasini artish, oyoq va qo‘llarni isitish. 
  • Eng asosiysi – albatta, tez tibbiy yordam chaqirish zarur.

 
Hatto bemor ko‘rinishidan qoniqarli ahvolda bo‘lsa ham uni shifokor ko‘rishi shart. Sababi har doim ham kasallik belgilariga asoslanib, haqiqiy zaharlanish darajasini aniqlab bo‘lmasligi mumkin. Og‘ir daraja zaharlanish holatlarida reanimatsion chora-tadbirlar ko‘riladi.

Ayni paytda bu turdagi favqulodda holatlarda yuzaga keladigan jabrlangan bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida poytaxtda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning xududlardagi filiallari va tumanlardagi bo‘limlarida tunu kun shifokorlar faoliyat ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

26

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing