Iroqni egallaymiz. O‘zbekistonning 250 tadbirkori Bag‘dodga bordi
Tahlil
−
20:45 1154 4 daqiqa
O‘zbekistonlik tadbirkorlar delegatsiyasi 1–7 fevral kunlari Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Baghdad International Fair” xalqaro ko‘rgazmasining 49-sessiyasida ishtirok etishmoqda
Mazkur tadbir Iroqda “eng yirik va nufuzli savdo platformalaridan biri” deya ta’riflanadi. Unda har yili dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlaridan kompaniyalar qatnashadi.
Ushbu ko‘rgazma o‘zbekistonliklar uchun xalqaro biznes aloqalarni kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish va eksport salohiyatini oshirish uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.
Shu sabab 200 ga yaqin ishlab chiqaruvchilar Savdo-sanoat palatasi ko‘magida “Made in Uzbekistan” brendi ostida 21 tonnadan ortiq 400 turdagi mahsulotlari ya’ni, oziq – ovqat, farmatsevtika, qurilish, avtomobilsozlik, elektrotexnika, mebelsozlik, yengil sanoati, hunarmandchilik va boshqa sanoat korxonalarning eksportbop mahsulotlarini namoyish qilishmoqda
O‘zbekiston milliy ekspozitsiyasi uchun 1000 kvadrat metr maydon ajratilgan. Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan o‘zbek tadbirkorlarning umumiy eksport hajmi 1,417 mln AQSH dollarini, ishchilari soni esa 57 ming nafardan ortiqni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichlar ishtirokchilarning tashqi savdo salohiyatini hamda Iroq bozori bilan hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan qiziqishini aks ettiradi.
O‘zbekistonliklar Iroqdan millionlab dollar foyda olishi mumkin. Buning uchun viza olish yengillashtiriladi, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqida Iroq savdo vaziri Atir Davud al-G‘urayrining shaxsan o‘zi QALAMPIR.UZga ma’lum qildi.
“Viza olish jarayoni bugun soddalashtirilgan — ariza topshirishdan boshlab atigi 6 soat ichida rasmiylashtirish mumkin. Iroq Savdo vazirligi hamda boshqa vazirliklar O‘zbekistondan keladigan har bir tadbirkor, investor yoki sayyohni ochiq chehra bilan kutib olishga tayyor va zarur yordamni ko‘rsatadi. Iroq bozoriga kirishda, vizalar, bojxona va logistika masalalarida jiddiy muammolar bo‘lmaydi. Ushbu jarayonlarni soddalashtirish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etish savdo qo‘mitasi orqali doimiy nazoratda bo‘ladi. Mazkur qo‘mitani tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan ilgari surilgan. O‘zbekiston mahsulotlariga nisbatan hech qanday cheklov yoki kamsitish bo‘lmaydi — raqobat faqat sifat va narx asosida bo‘ladi. O‘zbekiston Bosh vaziri bilan bo‘lgan uchrashuvimizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini ham muhokama qilganmiz. Dastlab savdo yo‘nalishidagi reyslar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Ishonchim komilki, kelajakda O‘zbekiston iroqlik sayyohlar uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylanadi”, dedi Iroq savdo vaziri Atir Davud al-G‘urayri
Qolaversa, agar o‘zbekistonlik ishbilarmonlar Iroqda zavod yoki ishlab chiqarish korxonalarini ochmoqchi bo‘lsa, ularga katta imtiyoz va imkoniyatlar taqdim etiladi.
“O‘zbekistonlik tadbirkorlarning faoliyatini ko‘rib, shuningdek, shaxsan o‘zbek mahsulotlari bilan tanishib chiqqanimdan so‘ng shuni qat’iy ayta olamanki — o‘zbek tovarlari Iroq bozorida sifat va narx jihatidan kuchli raqobat qila oladi. Iroq bozori juda katta va hanuzgacha importga kuchli ehtiyoj sezmoqda. Bugungi kunda Iroqning xorijdan import hajmi 85 milliard dollardan oshadi. Ushbu import mahsulotlarining ayrimlari, ochig‘ini aytganda, o‘zbek mahsulotlari bilan raqobatlasha olmaydi. Muammo shundaki, avvalroq Iroq va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo va logistika yo‘li mavjud emas edi. Ammo hozirgi uchrashuvlarimiz orqali bu masala hal etilishi va savdo aloqalariga yangi bosqich ochilishi kutilmoqda”, dedi Davud al-G‘urayri
Tadbir doirasida o‘zbek tadbirkorlari iroqlik ishbilarmonlar, distribyutorlar va savdo tashkilotlari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazishi, yangi shartnomalar imzolashi va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda.
Ushbu ko‘rgazmada ishtirok etish O‘zbekiston mahsulotlarining Yaqin Sharq bozoridagi mavqeini mustahkamlash, eksport geografiyasini kengaytirish hamda milliy brend nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasining Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abduraxmanov, O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxobov va O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbari I.Ergashev ham ishtirok etdi.
Jarayondan tayyorlangan reportajni You tube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin
Live
Barchasi