iPhone foydalanuvchilari yangi iOS 16 tizimidan norozi bo‘lmoqda
Texnologiya
−
17 yanvar 2023
6179iPhone foydalanuvchilari 2022 yilning sentyabr oyida ishga tushirilganidan – 4 oydan beri iOS 16 operatsion tizimidagi bir qator xatolardan shikoyat qilishda davom etmoqda. Operatsion tizim telefonni to‘satdan qayta ishga tushirish, klaviaturaning ekranga sekin qalqib chiqishi, kameraning qotib qolishi kabi muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda “Macrumors” platformasi xabar berdi.
Apple kompaniyasi xatolar va xavfsizlikni tuzatish uchun bir necha o‘zgartirishlarni kiritishga ham ulgurdi. 2022 yilning 13 dekabrida operatsion tizim uchun eng so‘nggi yangilanish – iOS 16.2 chiqarildi.
Biroq Twitter, Reddit va Apple Support kabi tarmoqlarda foydalanuvchilar tizimdagi ko‘plab xatolar va kechikishlar haqida xabar berishdan to‘xtagani yo‘q. Muammolar turlicha: kimdadir Spotlight qidiruvi ishlamayapti, yana kimdadir klaviatura ilovalarda ko‘rinmayapti, kimningdir esa batareya quvvati tez sarflanyapti, kimdadir kamera ilovasi qotib qolyapti.
Apple Music, HomeKit, CarPlay ilovalari bilan ham muammolar mavjud. Ko‘plab foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda ilovalar ochilgandan so‘ng qotib qolishi yoki foydalanish paytida o‘z-o‘zidan yopilishi mumkinligi haqida yozmoqda.
Shuningdek, foydalanuvchilar iOS 16.2 yangilanganidan keyin ham Home ilovasi bilan bog‘liq doimiy muammolar saqlanib qolganidan norozi. Yangilanishning o‘zgacha xususiyatlaridan biri Home ilovasi arxitekturasini qayta loyihalash edi. Apple kompaniyasi iyun oyida e’lon qilgan yangi arxitektura ilovaning tezroq va ishonchli ishlashini va’da qilgan edi. Biroq yangi ilova chiqqandan so‘ng ishlamaydigan aksessuarlar bilan bog‘liq muammolar aniqlandi va bu Apple’ni yangilanishni bekor qilishga majbur qildi.
Xabarlarga ko‘ra, operatsion tizim bilan bog‘liq muammolar har qanday iPhone modeli bilan cheklanmagan, chunki iOS 16 iPhone 8’dan boshlangan barcha modellarda qo‘llab-quvvatlanadi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi