Saida Mirziyoyeva yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar kengashiga boshchilik qiladi (video)

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda Yoqilg‘i-energetika sohasida investorlar kengashini tashkil etiladi va unga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi. Bu haqda bugun, 16 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yangi energiya ob’ektlarining samarali ishlashi malakali kadrlarga bog‘liq. Saudiya Arabistonining “ ACWA” kompaniyasi Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Sirdaryodagi texnikumlarni jihozlab, har yili yuzlab yoshlarni energetikaning yangi yo‘nalishlariga o‘qitishni boshlamoqda. 

Prezident boshqa investorlarni ham o‘z loyihalari uchun xalqaro talablarga mos mutaxassislar tayyorlashda ishtirok etishga chaqirgan. Bunday tashabbuslar uchun investorlarga joylardagi texnikumlarni boshqaruvga berishga tayyorlik bildirilgan. 

Kelasi o‘quv yilidan mahalliy oliygohlarda energetika yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari oshiriladi. Dunyoning yetakchi universitetlarida o‘qish uchun har yili 50 nafar yoshga davlat granti ajratiladi.

Energetika loyihalari katta sarmoya va murakkab infratuzilmani talab qiladi. Yer ajratish, tarmoqqa ulanish yoki texnik shart olishdagi birgina kechikish ham butun loyihaga ta’sir qiladi. 

“ACWA”, “Vision Invest”, “DataVolt”, “Voltalia” va “ EDF” kabi kompaniyalar bu masalalarni doimiy muloqot orqali hal qilishni taklif etgan. 

Buni hisobga olib, Prezident Yoqilg‘i-energetika sohasida investorlar kengashini tashkil etishga qaror qilganini ta’kidlagan. Kengashga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi. 

Kengash yer ajratishdan ob’ekt ishga tushguniga qadar sarmoyadorlar duch keladigan masalalarga tezkor yechim topish bilan shug‘ullanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing