Investitsiya vazirligining ikki mansabdori ishdan olindi. Xo‘jayev esa ogohlantirildi
Jamiyat
−
18 yanvar
7478Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattorov lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024 yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Davlat rahbari ushbu yig‘ilishda tizimdagi muammolarni sanab o‘tgan.
Kompleks rahbariyati so‘nggi olti yilda chetdan qariyb 50 milliard dollar investitsiya kirgani haqida ma’lumot berayotgani, lekin ushbu investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotga, qo‘shilgan qiymatga, eksportga ta’siri qanday bo‘lgani bo‘yicha tahlillar yetarli emasligi qayd etilgan.
Masalan, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot ham, sanoat ham 6 foizga o‘sgan, biroq tovarlar eksportida kutilganidek o‘sish bo‘lmagani aytilgan.
Hududlarda esa moliyalashtirish to‘liq yakunlangan 8 trillion so‘mlik 1 mingta loyiha haligacha ishga tushmagan.
O‘zbekiston sertifikatlarini tan olish bo‘yicha haligacha birorta davlat bilan kelishuvga erishilmagan.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan qiymati 480 million dollarlik 5 ta loyiha bo‘yicha kelishuv imzolanganiga 1-2 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘zlashtirish boshlanmagan. Yoki ikki yil oldin tashkil qilingan To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga 1 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish bo‘yicha rejalar to‘liq amalga oshirilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu munosabat bilan kompleks uchun mas’ul Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
O‘z tizimidagi kamchiliklar va sustkashlik uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattorov lavozimidan ozod qilindi.
Investitsiya kompleksiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo‘lgan o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilib, ularga aniq KPI belgilanishi va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinishi belgilandi. Natijaga qarab shartnoma uzaytiriladi yoki bekor qilinadi.
LiveBarchasi