Insoniyatning qonli o‘tmishi – Birinchi jahon urushi tugaganiga 102 yil to‘ldi

Tahlil

image

Insoniyat tarixida biror kun yo‘qki urushlarsiz o‘tgan bo‘lsa. Dunyoning qaysidir burchagida har kuni qurolli to‘qnashuvlar bo‘lgan va hozir ham bo‘lmoqda. Ammo odamzod duch kelgan ilk dahshatli jang 1914 yilda boshlanib 1918 yilning 11 noyabr kuni yakuniga yetgan. Tarixga “Birinchi jahon urushi” nomi bilan kirgan bu qonli to‘qnashuvlardan yetgan zarar ko‘lami avvalgilaridan ancha kuchliroq edi. Urushda o‘sha vaqtda mavjuda 59 ta mustaqil davlatdan 38 tasi ishtirok etgan. Bu davlatlarda dunyo aholisining uchdan ikki qismi istiqomat qilardi. 74 millionga yaqin aholi jang maydonlariga safarbar etilgan, 10 million kishi o‘ldirilgan, 20 millioni esa jarohatlangan. 

Urushning asosiy sabablari

Rasmiy ma’lumotlarda 1914 yil 28 iyun kuni serbiyalik millatchi tomonidan Avstriya-Vengriya valiahd shahzodasi Frans Ferdinandning o‘ldirilishi urush sababi sifatida keltirilsa-da, aslida rivojlangan davlatlar uchun bu bir bahona edi.

O‘sha vaqtga kelib dunyoning qoloq davlatlari bo‘lib olingan, iqtisod va harbiy jihatdan urushga tayyor Germaniya esa koloniyalarsiz qolgan yagona kuchli davlat edi. U “Quyosh barchaning yelkasiga birdek nur sochishini” talab qila boshlagandi. Valiahdning o‘ldirilishidan so‘ng, Germaniya bosimi ostida Avstriya-Vengriya Serbiyaga nisbatan kurakda turmas ultimatum qo‘yadi. Unga ko‘ra, Serbiya hukumati qotilni topshirishi va Avstriya-Vengriya qo‘shinlarini o‘z hududiga kirishga ruhsat berishi kerak edi. 

Urushning boshlanishi

Tabiiyki, shartlar bajarilmagach, 28 iyul kuni rasman urush boshlandi. Avstriya-Vengriyaning urush boshlashini poylab turgan Germaniya 1 avgust kuni Rossiyaga, 3 avgustda esa Fransiyaga qarshi urush e’lon qildi. Bu orada nemis qo‘shinlarini o‘z hududiga kiritishdan bosh torgan Belgiya ham urushga qo‘shilishga majbur bo‘ldi. 4 avgust Buyuk Britaniya o‘z dominionlari bilan Germaniyaga, 6 avgustda Avstriya-Vengriya Rossiyaga qarshi urush e’lon qildi. Shu tariqa 4 yil davom etgan Birinchi jahon urushi boshlandi. 

Ikki yirik ittifoq: ularni nima birlashtirdi

Ittifoq tuzishning asosiy tashabbuskorlaridan biri Germaniya edi. U Avstriya-Vengriyani Serbiyaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlash orqali Fransiya va Rossiyani kuchsizlantirishda o‘ziga sherik tanlagandi. Qolaversa, Yevropada o‘z so‘ziga ega davlat bo‘lish uchun Germaniya Afrikadagi koloniyalarga ko‘z tikayotgandi.

Germaniyaning bu urushdagi yana bir ittifoqchisi o‘sha vaqtlarda Rossiya nazoratida bo‘lgan turkiy xalqlar yashaydigan hududlarga ko‘z tikib turgan Usmonli turklar imperiyasi bo‘ldi. Natijada Uchlar ittifoqi shakllandi.

Yevropaning an’anaviy hukmron davlatlari Germaniyaga urush ochishi ortidan Antanta ittifoqi uchun zamin yaraldi. 1870-1871 yillarda bo‘lgan Fransiya-Prussiya urushidagi mag‘lubiyat fransuzlar uchun sharmandali holat edi. Elzas va Lotaringiyaning qo‘ldan ketishi esa, o‘ch olishga bo‘lgan istakni yanada kuchaytirdi. Bu vaqtga kelib o‘zini slavyan xalqlari homiysi sifatida ko‘radigan Rossiya Serbiyani qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan. Rossiya bu harakati bilan Bolqonda tobora kuchayib borayotgan Avstriya-Vengriyani nazoratda ushlab turishni rejalashtirgan edi. Buyuk Britaniya esa, Yevropada Germaniya hal qiluvchi so‘zni ayta oladigan davlat bo‘lishini istamasdi. Maqsadlar mushtarakligi ostida Rossiya, Fransiya va Britaniya Antanta ittifoqini tuzdi. Boshida Uchlar ittifoqi tarkibida bo‘lgan Italiya o‘zining siyosiy manfaatlari tufayli 1915 yilga kelib Antanta tarafdan urushga kirdi.

Urushning borishi – yillar misolida

Yevropada boshlangan urush ko‘p kuttirmay global xarakter kasb eta boshladi. 1914 yil avgustda Yaponiya Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi, oktyabrda Usmoniylar imperiyasi Germaniya-Avstriya-Vengriya ittifoqi tomonidan urushga kirdi. Dastlab betaraflik pozitsiyasiga ega bo‘lgan Italiya 1915 yil may oyida Avstriya-Vengriyaga va 1916 yil 28 avgustda Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi.

1914 yil ikkita yirik jang – Sharqiy Prussiya operatsiyasi va Galitsiya jangi bo‘lib o‘tdi. Bu janglar paytida rus armiyasi Avstriya-Vengriya qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratdi. Galitsiyani egallab oldi va Karpatlar etagiga bordi. Dushman g‘arbga 200-300 kilometr orqaga qaytarildi.

Germaniya Rossiya armiyasini mag‘lub etish maqsadida 1915 yilda asosiy kuchlarini Sharqiy frontga yo‘naltirdi. May oyida Gorlitskiy yutug‘i natijasida nemislar yozda Polshani, Galitsiyani va Boltiqbo‘yining bir qismini tark etishga majbur bo‘lgan rus qo‘shinlari qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. Yil oxiriga kelib, Germaniya va Avstriya-Vengriya qo‘shinlari ruslarni butun Galitsiya va Polshaning aksariyat hududlaridan quvib chiqardi.

Germaniyaning endigi maqsadi Fransiyani to‘liq mag‘lub etib, uni urushdan chiqarish edi. Shu sababdan ham Germaniya 1916 yil o‘zining asosiy harakatlarini g‘arbga yo‘naltirdi. Biroq, Verdun operatsiyasi paytida Fransiyaga qilingan hujum muvaffaqiyatsiz tugadi. Shu tariqa yil so‘nggiga kelib Germaniya va uning ittifoqchilar tinchlik shartnomasi tuzish haqida o‘ylay boshladi.

Urush taqdiri tobora oydilashib qolayotgandi. 1917 yil 6 aprelda betaraf AQSH Germaniyaga qarshi urush e’lon qilishi taxminlarni yana bir karra isbotladi. Gap shundaki, Irlandiyaning janubi-sharqiy qirg‘og‘ida nemis suvosti kemasi Britaniyaning “ Luzitaniya ” laynerini cho‘ktirganda, bortida amerikaliklarning katta guruhi bo‘lgan va ulardan 128 nafari halok bo‘lgan.

1918 yil avgustda “Amen” jangida nemis qo‘shinlarining hujumlarini qaytargan ittifoqchilar Germaniya frontini parchalab tashladilar: butun diviziyalar deyarli jangsiz taslim bo‘ldi – bu jang urushning so‘nggi yirik jangi edi.

Urushning tugashi

Birinchi jahon urushi 1918 yil 11 noyabrda Germaniyaning taslim bo‘lish to‘g‘risidagi bitimga imzo chekishi bilan yakunlandi. Unga ko‘ra Germaniya:

• urushda mag‘lubiyatni tan olish;
• Elzas va Lotaringiyani, shuningdek, Fransiyaning Saarland ko‘mir havzasini qaytarishga va’da berish;
• barcha mustamlakalaridagi askarlarini olib ketish;
• o‘z hududining sakkizdan birini qo‘shnilariga topshirish;
• 1921 yil maygacha Germaniya Antanta davlatlariga (Rossiyadan tashqari) 20 milliard markani to‘lash;
• 30 yil ichida g‘olib bo‘lgan mamlakatlar ko‘rgan zararni qoplash;
• 100 ming kishidan ortiq armiya tuzmasligi kerak edi.

Shuningdek, Reynning chap qirg‘og‘ida 15 yil davomida Antanta qo‘shinlari saqlanadigan bo‘ldi.

Birinchi jahon urushining Turkistonga ta’siri

Boshlangan urush Rossiya iqtisodi og‘ir ahvolda ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.  Armiya jangovor holatga tayyor emasdi, o‘q-dorilar yetishmasligi sezilib turardi. Urush davomida qishloq xo‘jaligi vayron bo‘ldi, ekin maydonlari qisqarib ketdi, qishloqda ishchi kuchi yetishmas edi. 

Talafotlar o‘rnini to‘ldirish va harbiy xarajatlar o‘sishini qoplash maqsadida qo‘shimcha mablag‘lar izlar ekan, Chor hukumati o‘zi uchun ancha odatiy va eng oson bo‘lgan yo‘ldan, ya’ni o‘z mustamlaka o‘lkalarini talash, urush olib borish uchun sarf-xarajatlarning katta qismini o‘z mustamlakalari, jumladan, Turkiston o‘lkasi gardaniga yuklash yo‘lidan bordi.

Urush davomida aholiga qo‘shimcha soliqlar va majburiyatlar yuklandi. Turkistonda bu majburiyatlar butun mustamlaka xo‘jaligining chuqur tanazzuliga olib keldi. Pulning qadrsizlanishi, to‘lab bo‘lmas soliqlar va sudxo‘rlarning zo‘ravonlarcha shartlari xalq azob-uqubatlarini haddan oshirib yuborgan edi.

1915 yil oxiri va 1916 yilda boshlangan qimmatchilikdan norozilik aholining barcha qatlamlarini qamrab oldi va xalq g‘alayonlari kelib chiqa boshladi.

1916 yil 25 iyunda e’lon qilingan podshoh farmonida Turkistonda 19 dan 43 yoshgacha bo‘lgan mahalliy millatga mansub erkaklarni harakatdagi armiya mintaqalarida mudofaa inshootlari qurish bo‘yicha, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan ishlarga jalb etildi. Xalqqa qilingan bu qadar zulm ortidan Rossiya Imperiyasida bolsheviklar davlat to‘ntarishi o‘tkazdi. Podshoh hokimiyati ag‘darilib, sotsialistlar davlat tepasiga keldi.

Karim Zaripov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Birinchi jahon urushi

Baholaganlar

188

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar