Inflyatsiya oqibatida moliyaviy resurslarning qimmatlashganini tadbirkorlarimiz yaxshi biladi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
18 avgust 2023 3866 2 daqiqa
Bugun, 18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Tadbir avvalida davlat rahbari faol tadbirkorlarga yuksak davlat mukofotlarini topshirdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Ayni paytda Prezident mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida nutq so‘zlamoqda.
“Turli ziddiyatlar tufayli logistika va mahsulot yetkazib berish zanjirining uzilgani, hamkor mamlakatlar valyutasining qadrsizlangani, global miqyosdagi yuqori inflyatsiya oqibatida moliyaviy resurslarning qimmatlashgani kabi omillar ta’sirini tadbirkorlarimiz juda yaxshi bilishadi. Tan olish kerak, bundan buyon ham oson bo‘lmaydi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan to‘g‘ri saboq chiqarib, faqat oldinga intilsak, bizning mehnatkash xalqimiz, ishbilarmon tadbirkorlarimiz har qanday mashaqqatni albatta yengib o‘tadi, men bunga ishonaman”, deydi davlat rahbari nutqining avvalida.
Tadbirda bunday murakkab sharoitda muammolarni bevosita biznes vakillarining o‘zidan eshitib, ularga birgalikda yechim topish va bu orqali tezkorlik bilan qaror qabul qilish eng to‘g‘ri yo‘l ekani aytildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilgi takliflar asosida biznes sub’ektlari mikro, kichik, o‘rta va yirik toifalarga bo‘lindi va ularning har biri bilan alohida yondashuvlar asosida ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Tuman va shaharlar ham 5 ta toifaga ajratildi, 60 ta tumanga alohida soliq, kredit va moliyaviy yordam rejimlari joriy qilindi. Natijada bu tumanlardagi tadbirkorlar o‘tgan olti oyda qariyb 1 trillion so‘mlik imtiyozlardan foydalandi.
Buning hisobiga, 20 ta tumandagi tadbirkorlarning daromadi o‘tgan yilga nisbatan 1,5-2 baravargacha oshdi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish muddati qisqartirilib, o‘tgan bir yil ichida 6 mingta korxonaga 20 trillion so‘m qaytarib berildi.
“Ayniqsa, eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini intizomli eksportchi korxonalarga qaytarib berish tartibi joriy qilingani natijasida, 2 mingdan ziyod tadbirkorlar hisob-raqamiga 7 trillion so‘m kelib tushdi”, deyiladi xabarda.
Samarasiz soliq mexanizmlarini qo‘llash oqibatida vujudga kelgan soliq qarzdorligidan voz kechilgani hisobiga, biznes ixtiyorida 2 trillion so‘m qoldi.