Bir vaqtda ham hokim, ham senatorlik qiyin emasmi? – Hokimlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma (video)

Intervyu

Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi o‘tkazilgan kun viloyat hokimlari o‘rtasida so‘rovnoma qilganimizni ma’lum qilgandik. Bugun uning ikkinchi qismini e’lon qilamiz. Unda savol shunday qo‘yilgan: “Ham viloyat hokimi, ham senatorlik qiyin emasmi?”. Viloyat hokimlari bu savolga shunday javob berishdi. 

Shuhrat Abdurahmonov, Andijon viloyat hokimi:

– Oliy Majlisda, Senatda hududlarni rivojlantirishga, xalqimizni rozi qilishga bog‘liq masalalar ko‘riladi. Agar men bu yerda qatnashmasam senator sifatida, hududimdagi muammolarni men bilaman-ku. Chiqarilayotgan qarorlar qanchalik mosligini viloyat hokimidan yaxshiroq biladigan odam bo‘lmasa kerak. Shuning uchun ham (viloyat hokimi) senator bo‘lgani to‘g‘ri bo‘lgan.

Zoir Mirzayev, Qashqadaryo viloyat hokimi:

– Mas’uliyat, javobgarlik jihatidan, topshiriqning talab jihatidan takrorlanish bor. Qiyinlik emas, takrorlanish bor. Bu qiyinchilik tug‘dirmaydi. Birinchidan, bu rahbarga qulay. O‘ziga sharoit qilib, shunga yarasha topshiriq oladi. Topshiriqni muddatini talab qilish nuqtai-nazaridan ozmuncha takrorlanish bor va ikkinchi masala mas’uliyatni yengillashtirib qo‘yish holatlari bor. Albatta, bu narsa nazarda tutilgan Prezidentimiz tomonidan nazarda tutilgan va o‘zining yo‘lini vaqti kelib topadi. 

G‘ofur Mirzayev, Sirdaryo viloyat hokimi:

– Qiyinchilik tug‘dirmaydi. Chunki, o‘zimizning hududdagi masalalarni ham qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Ikkinchidan, mana shu hududda bo‘layotgan ishlarni Senatning yig‘ilishida o‘zimizning hisobotimiz bor. Bu hisobotda qilingan ishlar bilan birgalikda ko‘proq kamchilik va muammolarni ham qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu albatta o‘zini ijobiy natijasini bermoqda. 

Farhod Ermanov, Xorazm viloyat hokimi:

– Baribir jamiyatimiz rivojlanishida keyinchalik bo‘linsa kerak. Hozircha unchalik qiyin deb ham bo‘lmaydi, oson deb ham bo‘lmaydi. Ikkalasini ham bajarishga hozir to‘g‘ri kelib turibdi. 

To‘ra Bobolov, Surxondaryo viloyat hokimi:

–   Ijro hokimiyati sifatida bu qiyin, desak noto‘g‘ri bo‘ladi. Hammasi ijro intizomi bo‘yicha qattiq ishlaymiz. Talab juda qattiq. Shuning uchun o‘ylaymanki, bugun vazifa bizning zimmamizga yuklatilgan. Hammasida tarozini tortsangiz, qiyinchilik bo‘lmaydi. 

Erkin Turdimov, Samarqand viloyat hokimi:

– Yo‘q, qiyin emas. Umuman olganda, hokimning vazifasining bo‘yniga juda katta mas’uliyat degani. Xalqning dardi, tashvishi, shuning o‘zi senatorlik bilan uyg‘unlashib ketadi. Ikkalasi qariyb bir narsa. Ham kengashni raisi, ham viloyat kengashi deputatimiz. Mana shu narsani oladigan bo‘lsak, senatorlarning ko‘pi ham deputatlardan saylab olinadi, tanlab olinadi. Prezident qarori bilan, farmoni bilan 16tasi tayinlanadi. Shu nuqtai nazardan ham deputatmiz, ham senatormiz. 

Qobul Tursunov, Navoiy viloyat hokimi:

– Menimcha bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Buni qiyinchilik joyi yo‘q.  

Xayrulla Bozorov, Namangan viloyat hokimi:
– Ikkalasi ham mas’uliyatli. Yelkada juda katta mas’uliyat. Birinchisi, ijro bo‘yicha shaxsan o‘zingiz mas’ulsiz. Barcha qonunlar ijrosiga, Prezidentimiz farmonlari, qarorlari ijrosini ta’minlash, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, barqarorlini ushlab turishga mas’ulsiz. Ikkinchidan, baribir kengashning rahbari sifatida joyida bahamjihatlik, ahillik, bir yoqadan bosh chiqarish uchun ahamiyatga ega. Lekin kelajakda baribir kengashning alohida bo‘lishi aniq. Bunga bosqichma-bosqich o‘tamiz. Bugun vazifa nuqtai-nazardan ikkalasi yelkamizda ekan, baribir bajaramiz. 

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev esa shu va boshqa savollarimizga javob berishni xohlamadi. Ochiqlik siyosati Prezident tomonidan ta’kidlanishiga qaramay, hokimning javob berishdan bosh tortish sababi esa haligacha noma’lum.

Boshqa savollarga ham ularning javoblarini tez orada e’lon qilamiz. QALAMPIR.UZ’ni kuzatib boring. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

101

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing