Imtihondan o‘tib, Koreyaga ketolmayotgan fuqarolar e’tiroziga munosabat bildirildi
Olam
−
27 aprel 2021
6735Ijtimoiy tarmoqlarda Koreya Respublikasida ishlash uchun imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan, ammo pandemiya sharoitida jo‘nab keta olmagan fuqarolarning murojaati tarqalgandi.
Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar o‘z murojaatida hozirgi vaqtda shartnomasi kelib, jo‘nab ketishini kutib turgani, mazkur masala qachon hal bo‘lishi va Koreya Respublikasiga qachon ketishi hamda nima uchun Ye-8 viza turi orqali fuqarolar jo‘nab ketayoti, ammo Ye-9 vizasi egalariga ruxsat berilmaganini aytgan.
Holat yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, 2020 yil 1 aprelidan Koreya Respublikasi kasalliklarni oldini olish va profilaktika qilish shtabi qaroriga muvofiq Bandlikka ruxsat berish tizimi orqali ishchi kuchini yuboruvchi 16 ta davlatdan xorijiy ishchilarning kirib kelishiga mutlaqo ta’qiq qo‘yilgan. Hozirda faqatgina Kambodja davlatiga Koreya tomonidan ishchilar kirib borishlariga to‘liq ruxsat berilgan.
Hozirgi kunda birinchi marotaba shartnoma loyixasi kelganlar soni jami 1009 nafarni, qayta shartnoma bilan kelganlar 550 nafarni tashkil etmoqda.
Qayd etilishicha, Koreya Respublikasi tomonidan Ye-9 vizasi bo‘yicha shartnomasi kelgan fuqarolar masalasi, ikki davlatdagi koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib ko‘rib chiqiladi.
“Ye-9 viza egalari birinchi bor kirib borishi jarayonida, albatta, Koreya kichik va o‘rta biznes Federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan o‘quv kurslarida ishtirok etishlari hamda 14 kunlik karantin o‘tashlari masalasi vaziyatni qiyinlashtirmoqda.
Bu yil test imtixoni epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib o‘tkazilishi kutilmoqda”, deydi Mavjuda Mirzayeva.
Koreya Respublikasining malaka talab etilmaydigan Ye-9 ishchi vizasi to‘g‘risida ma’lumot
Ye-9 vizasi – Koreya qonunchiligiga muvofiq malaka talab etilmaydigan ishchi viza hisoblanadi.
Ye-9 vizasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi o‘rtasida tuzilgan anglashuv memorandumiga asosan o‘zbek ishchilari bandlikka ruxsat berish tizimi (EPS) orqali vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda jo‘natiladi.
Mazkur viza orqali ishchi kuchi yetishmovchiligining oldini olish uchun fuqarolar kichik va o‘rta biznes korxonalariga, xususan sanoatdagi ishlab chiqarish sohasiga jalb etiladi.
Mazkur viza egalari uchun shartnoma muddati 4 yil 10 oyni tashkil etadi.
Koreya Respublikasining 5 oylik mavsumiy ishlariga Ye-8 vizasiga asosan xorijiy ishchilarni jalb qilish tizimi to‘g‘risida ma’lumot
Ye-8 vizasi – Koreya qonunchiligiga muvofiq qishloq xo‘jaligi sohasiga xorijiy ishchilarni jalb qilish vizasi hisoblanadi.
Koreya Respublikasi qishloq xo‘jaligi sohasida ishchi kuchining yetishmasligi sezilarli darajada oshganligi natijasida Koreya Respublikasi hukumati tomonidan mavsumiy ishlarga xorijiy ishchi kuchini jalb qilish borasida qaror qabul qilingan.
Ye-8 vizasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasining mahalliy okrugi ya’ni hokimligi o‘rtasida tuzilgan anglashuv memorandumiga asosan o‘zbek ishchilari qishloq xo‘jaligi sohasida vaqtinchalik 5 oylik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda yo‘llanadi.
Mazkur viza orqali ishchi kuchi yetishmovchiligining oldini olish uchun fuqarolar fermer xo‘jaliklari va qishloq ho‘jaligi korxonalariga jalb etiladi.
Mazkur viza egalari uchun shartnoma muddati 5 oyni tashkil etadi.
LiveBarchasi