Imron Xon Pokiston Bosh vaziri lavozimidan chetlatildi
Olam
−
10 aprel 2022
24371Pokiston parlamenti mamlakat Bosh vaziri Imron Xonga ishonchsizlik votumi e’lon qildi va uni lavozimidan chetlatdi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, tez orada Pokiston hukumatiga yangi rahbar tayinlanadi, jurnalistlar fikricha, bu lavozimni katta ehtimol bilan Pokiston musulmonlari ligasi yetakchisi Shahboz Sharif egallaydi.
Imron Xon 2018 yildan beri Pokiston Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi. U korrupsiyani yengib, o‘z mamlakatini iqtisodiy inqirozdan olib chiqishga va’da bergan, biroq hozirda ko‘plab mahalliy aholi vakillari u va’dalarini bajara olmadi, deb hisoblamoqda.
Xon bir necha bor muxolifatchi partiyalar uning hokimiyatdan chetlatilishi uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilayotganini aytgandi. Xususan, AQSH rasmiylari Rossiya va Xitoy bilan do‘stligini yoqtirmagani uchun undan qutulishga harakat qilayotganini aytgan. Amerika buni asossiz ayblov deb biladi, biroq Bosh vazirning o‘zi ham da’volari uchun ishonchli dalil keltirmagan.
Ta’kidlanishicha, Imron Xon Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lgan. U joriy yilning 23 fevral kuni Moskvaga tashrif buyurgan. Bu vaqtda Rossiyaning G‘arb davlatlari bilan munosabatlari Ukraina atrofidagi vaziyat fonida ancha taranglashgan edi. Shu bilan birga, uning Rossiya poytaxtiga safarining ikkinchi kuni 24 fevralda, rus qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirib, shaharlarni o‘qqa tuta boshlagan vaqtga to‘g‘ri kelgan.
Ma’lumot o‘rnida, Imron Xon Bosh vazir lavozimiga tayinlangunga qadar, mashhur kriketchi bo‘lgan.
Avvalroq, Imron Xon AQSHning sobiq prezidentlaridan kichik Jorj Bushni “terrorga qarshi urushi” uchun tanqid qilgandi.
LiveBarchasi