Imomali Rahmon O‘zbekistonga keladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon joriy yilning 26-27-mart kunlari davlat tashrif bilan O‘zbekistonga keladi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Bo‘lajak tadbirlar kun tartibidan O‘zbekiston–Tojikiston do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.

Shuningdek, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi hamda transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, suv va energetika xavfsizligini ta’minlash hamda keng ko‘lamli madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashishi kutilmoqda.

Qolaversa, bir qator yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning imzolanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida qatnashish uchun Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon amaliy tashrif bilan Toshkentga kelgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Imomali Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing