Imomali Rahmon “Tolibon” hukumatini tan olish uchun 3 ta shart qo‘ydi

Olam

image

Bugun, 25 avgust kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon “Millat” saroyida Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar viziri Mahmudshoh Mahmud Qurayshiyni qabul qildi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti saytida xabar berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Tojikiston uchta shart bajarilgan taqdirda “Tolibon”ning Afg‘onistonda tuzadigan hukumatini tan oladi.

Birinchidan, tuziladigan yangi hukumat tarkibida Afg‘oniston aholisining 46 foizini tashkil qiladigan tojiklar ham bo‘lishi kerak. 

“Tojikiston Respublikasi qo‘shni davlatning siyosiy va xavfsizlik muammolarini zudlik bilan hal qilish uchun barcha milliy ozchiliklar, xususan Afg‘oniston aholisining 46 foizini tashkil etuvchi tojiklarning ishtirokida inklyuziv hukumat tuzish zarurligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.

Ikkinchidan, Afg‘onistonda davlat tuzilishi referendum orqali barcha aholi qatlami xohish-istaklarini inobatga olgan holda shakllantirilishi kerak.

“Tojiklar Afg‘onistonning bo‘lajak hukumatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kerak”, demoqda Imomali Rahmon.

Uchinchidan, Afg‘onistonda ayniqsa tojiklar, o‘zbeklar va boshqa milliy ozchiliklar talonchilik va ta’qibga uchramasligi kerak.

“Tojikiston Afg‘oniston xalqiga, ayniqsa tojiklar, o‘zbeklar va boshqa milliy ozchiliklarga qarshi har qanday qonunbuzarlik, qotillik, talonchilik va ta’qiblarni qat’iy qoralaydi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, yuqoridagi shartlarga amal qilinmasa, Tojikiston toliblar Afg‘onistonda tuzadigan hukumatni tan olmaydi.

“Tojikiston butun Afg‘oniston xalqining, ayniqsa, uning barcha milliy ozchiliklarining pozitsiyasini hisobga olmagan holda, bu mamlakatda zulm bilan tuziladigan boshqa hukumatni tan olmaydi”, deyiladi xabarda.

Uchrashuv chog‘ida Imomali Rahmon va Pokiston TIV rahbari ikki tomonlama hamkorlik masalalarini, jumladan, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xonning Tojikistonga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qilgan.

Ta’kidlanishicha, Qobulda “Tolibon” harakati hokimiyat tepasiga kelishi mintaqadagi geosiyosiy jarayonni yanada murakkablashtirgan.

“Faktlar aniq ko‘rsatadiki, toliblar mamlakatdagi boshqa siyosiy kuchlar ishtirokida muvaqqat hukumat tuzish haqidagi oldingi va’dalaridan voz kechib, islomiy amirlik tuzishga tayyorgarlik ko‘rmoqda”, deyiladi xabarda.

Tojikiston xalqaro hamjamiyatni ushbu jarayonlarning tinch yo‘l bilan hal qilinishiga chaqirgan.

“Tojikiston xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, qiyin siyosiy va xavfsizlik holatini muzokaralar yo‘li bilan barqarorlashtirish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

329

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing