Imomali Rahmon xalqaro hamjamiyatni 11 sentyabr teraktlari takrorlanishidan ogohlantirdi

Olam

image

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Kollektiv xavfsizlik kengashi tashkilotining navbatdagi sammitida, Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tib, xalqaro hamjamiyatni 2001 yil 11 sentyabr hurujlari yana takrorlanishidan ogohlantirdi. Bu haqda “Sputnik” nashri xabar bermoqda. 

“Xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonga nisbatan betarafligi nafaqat fuqarolar urushiga, balki 2001 yildagi teraktlar bilan taqqoslanadigan fojiali voqealarga sabab bo‘lishi mumkin”, deydi Imomali Rahmon. 

Shuningdek, Imomali Rahmon Tojikiston Afg‘onistondagi barcha qonunbuzarliklar va ta’qiblarni qat’iy qoralashini hamda harbiy-siyosiy bo‘shliqdan foydalanib, turli terrorchi kuchlar qo‘shni mamlakatda o‘z pozitsiyalarini faol ravishda mustahkamlayotganini qayd etgan.

“Afg‘onistonning turli burchaklaridan kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi haqiqiy vaziyat butunlay boshqacha. Ahvol ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidan ko‘ra yomonroq. Biz buni Panjsher misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin”, deydi Tojikiston Prezidenti.

Sammitda, Imomali Rahmon “Tolibon” Panjsherda oziq-ovqat va boshqa eng zarur narsalarni olishni taqiqlaganini ham aytib o‘tgan. 

“Biz afg‘on muammosining harbiy yo‘li bilan hal qilinmasligiga aminmiz”, deya xulosa qildi Tojikiston rahbari.

Ma’lumot o‘rnida, 2001 yilning 11 sentyabr kuni AQSHda bir qator terrorchilik harakatlari amalga oshirilgan. Buning ortida esa “Al-Qoida” turgan edi. O‘sha paytda Afg‘onistonni boshqarayotgani “Tolibon” “Al-Qoida”ning rahbari Usama ben Lodenga mamlakatda boshpana bergan va uni G‘arb kuchlariga topshirishdan bosh tortgandi. Bunga AQSH boshchiligidagi NATO kuchlari 20 yillik Afg‘onistondagi urush bilan javob qaytardi: 2001 yilda “Tolibon”ni hokimiyatdan ag‘dardi, 2011 yilda Usama ben Lodenni yo‘q qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

140

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing