Imomali Rahmon birdan 16 ming mahkumni afv etmoqchi
Olam
−
30 avgust 2021
7093Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon parlament quyi palatasiga mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi. Bu haqda “Xovar” davlat axborot agentligi xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, amnistiya 16 ming kishiga nisbatan qo‘llaniladi, shundan 10 700 nafari jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi. Qolgan 5 300 mahkumning jazo muddati kamaytiriladi.
Agentlik xabariga ko‘ra, qonun loyihasida “ayollar, voyaga yetmaganlar, 55 yoshdan oshgan shaxslar, nogironlar, og‘ir kasallar, davlat mukofotlariga ega bo‘lganlar, urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek, chet el fuqarolari birinchi o‘ringa qo‘yilgan”. Agar ular og‘ir jinoyat sodir etmagan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikdan va jazoni o‘tashdan ozod qilinadi.
Qayd etilishicha, parlament qonun loyihasini 6 sentyabrda ko‘rib chiqadi. Shundan so‘ng, ikki oy ichida Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa davlat organlari qonun loyihasining ijrosini ta’minlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, Tojikistonda mustaqillik bayrami har yili 9 sentyabr kuni nishonlanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 30 yilligi arafasida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmon imzolagan. Unga ko‘ra, 215 mahkum afv etildi.
LiveBarchasi