Prezident qarori bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi
Jamiyat
−
12 avgust 2020
5084Kecha, 11 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etildi. Shuningdek, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya ta’sis etildi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
• aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
• islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng afkor ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;
• Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi va uning taraqqiyotida tutgan o‘rnini chuqur tadqiq etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash;
• “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazishdan iborat ekani qayd etildi.
Hujjatda Markaz hamda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom olami tashkiloti (ICESCO)ga a’zo mamlakatlar va boshqa davlatlarning maxsus muassasalari, universitetlari o‘rtasida samarali xalqaro hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
Shuningdek, qarorda “El-yurt umidi” jamg‘armasi muntazam ravishda Markaz ilmiy xodim va tadqiqotchilarining xorijda amaliyot o‘tashi va stajirovkasini tashkil etish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rishi qayd etib o‘tildi.
Moturidiyshunos olimlari xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etadilar. Markaz muassisligida “Moturidiylik” ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy jurnali nashr etiladi.
Kelgusida “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida konferensiya va seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, dunyo qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid qo‘lyozma asarlar nusxalari jamlanadi hamda ularning katalogi yaratiladi. Yig‘ilgan malumotlar asosida moturidiylik ta’limotiga oid ensiklopediya tayyorlanadi.
O‘zbek va jahon kino ixlosmandlari uchun Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning hayoti va ilmiy merosi haqida badiiy va hujjatli filmlar tayyorlanadi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda dunyoda mavjud 1,9 mlrd musulmon aholining 38 foiz yoki 726 millioni moturidiylik ta’limotiga amal qiladi. Ular Pokiston, Hindiston, Turkiya, Misr, Rossiya kabi 20 ga yaqin davlatda istiqomat qiladi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi mamlakatda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning yangi bosqichi sifatida ulug‘ alloma ajdodlarning ibratli hayoti va boy ilmi merosini chuqur tadqiq etish, fuqarolar, xususan, yoshlarni ezgu umuminsoniy g‘oyalar, muqaddas islom dinining ilm-ma’rifat, halol-poklik, yuksak axloq va ezgulik ta’limoti asosida tarbiyalash imkonini beradi.
LiveBarchasi