Imom Buxoriy majmuasi rekonstruksiya qilinadi
Jamiyat
−
13 fevral 2021
4372O‘zbekiston Pespublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi.
QALAMPIR.UZ’ga mazkur taqdimot chog‘ida islom olamidagi qadamjolardan biri – Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berilgan. Davlat rahbari ushbu ziyoratgohda olib borilishi rejalashtirilgan loyiha bo‘yicha yana bir bor o‘z tavsiyalarini bildirib, mutasaddilarga zarur topshiriqlar bergan.
Joriy yilnign 13 fevral kuni Imom Buxoriy majmuasida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ullari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari va oqsoqollar ishtirokida loyihani amalga oshirish oldidan tadbir o‘tkazilgan.
Qur’on tilovat qilinib, qurbonlik amalga oshirilgan.
Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi ko‘rinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun yetarli sharoit mavjud emas edi. Yangi loyihada qabr atrofini kengaytirib ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish ko‘zda tutilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, sakkiz ming o‘rinli muhtasham masjid quriladi. Majmua atrofida to‘rtta ulkan minora qad rostlaydi. Hozirgi ayvonlarga qo‘shimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi.
Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga to‘la mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiyena shoxobchalari quriladi.
Majmuada qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida bu yerdagi tarixiy buloq va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon yetkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, o‘z holida saqlash uchun barcha zarur choralar ko‘riladi.
Majmuada amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari maxsus tashkil etilgan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tashkil etiladi.
LiveBarchasi